4–BOB
Yigit:
1 Qanday goʻzalsan, ey sevgilim,
Qanchalik goʻzalsan!
Chachvoning ortidagi koʻzlaring
Kabutarlarday muloyimdir.
Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan
Qop–qora qoʻylardaydir sening sochlaring.
2 Yuvib–taralgan, juni qirqiladigan,
Oppoq echkilardaydir sening tishlaring.
Har birining egizi bor,
Oʻrni hech boʻsh qolmagan.
3 Lablaring qirmizi gʻunchalardaydir,
Ogʻzing ham juda goʻzal.
Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa
Anorlarday qip–qizil.
4 Boʻyning tik qurilgan Dovud minorasiday,
Marjonlaring tizim–tizim,
Jangchilarning minglarcha qalqonlaridaydir.
5 Koʻkraklaring egizak kiyiklardaydir.
Ha, nilufarlar orasida oʻtlaydigan
Ikki kiyikdaydir ular.
6 Qorongʻilik chekinmasdan oldin,
Tong otmay turib,
Oʻsha xushboʻy mirra togʻiga,
Ziravorlar qiriga chiqaman.
7 Har jihatdan goʻzaldirsan, sevgilim,
Senda hech qanday nuqson yoʻq.
8 Kela qol, kelinchagim,
Lubnondan menga kel.
Emona va Sanir togʻlaridan,
Xermon togʻlariyu sherlar makonidan,
Qoplonlarning maskanidan tush.

9 Ey jonim, kelinchagim,
Qalbimni asir qilding.
Koʻzlaringning nigohi bilan,
Boʻyningdagi marjoning bilan
Qalbimni asir qilding.
10 Sevging qanday shirindir,
Ey jonim, kelinchagim.
Sening sevging sharobdan ham yaxshiroqdir.
Atir moylaring esa
Har qanday ziravordan ham xushboʻyroqdir.
11 Kelinchagim, lablaringdan bol tomar.
Asal va sut tiling ostida,
Kiyimlaring hidi Lubnon hidiga oʻxshar.

12 Jonim mening, kelinchagim.
Qulflangan bogʻ, devor bilan oʻralgan buloqdaysan,
Yopib qoʻyilgan chashmadaysan sen.
13 Aʼlo mevalar beradigan
Anor bogʻiga oʻxshaysan.
Bu bogʻda xina va sunbullar oʻsadi.
14 Ha, bu bogʻda sunbulu zaʼfaron,
Xushboʻy qamish va dolchin,
Har xil xushboʻy daraxtlar,
Mirra va aloe,
Eng aʼlo ziravorlar oʻsadi.
15 Sevgilim, sen bogʻdagi chashmaga,
Hayotbaxsh suv bulogʻiga oʻxshaysan.
Lubnon togʻlarining oqar suvlaridaysan.
Qiz:
16 Ey shimol shabadasi, qoʻzgʻal,
Janub shamoli, kelgin!
Bogʻimda esgin,
Toki bogʻimning xushboʻy hidlari
Hamma joyga taralsin.
Sevgilim oʻz bogʻiga kelib,
Aʼlo mevalaridan yesin.
4–BOB
Yigit:
1 Qanday goʻzalsan, ey sevgilim,
Qanchalik goʻzalsan!
Chachvoning ortidagi koʻzlaring
Kabutarlarday muloyimdir.
Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan
Qop–qora qoʻylardaydir sening sochlaring.
2 Yuvib–taralgan, juni qirqiladigan,
Oppoq echkilardaydir sening tishlaring.
Har birining egizi bor,
Oʻrni hech boʻsh qolmagan.
3 Lablaring qirmizi gʻunchalardaydir,
Ogʻzing ham juda goʻzal.
Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa
Anorlarday qip–qizil.
4 Boʻyning tik qurilgan Dovud minorasiday,
Marjonlaring tizim–tizim,
Jangchilarning minglarcha qalqonlaridaydir.
5 Koʻkraklaring egizak kiyiklardaydir.
Ha, nilufarlar orasida oʻtlaydigan
Ikki kiyikdaydir ular.
6 Qorongʻilik chekinmasdan oldin,
Tong otmay turib,
Oʻsha xushboʻy mirra togʻiga,
Ziravorlar qiriga chiqaman.
7 Har jihatdan goʻzaldirsan, sevgilim,
Senda hech qanday nuqson yoʻq.
8 Kela qol, kelinchagim,
Lubnondan menga kel.
Emona va Sanir togʻlaridan,
Xermon togʻlariyu sherlar makonidan,
Qoplonlarning maskanidan tush.

9 Ey jonim, kelinchagim,
Qalbimni asir qilding.
Koʻzlaringning nigohi bilan,
Boʻyningdagi marjoning bilan
Qalbimni asir qilding.
10 Sevging qanday shirindir,
Ey jonim, kelinchagim.
Sening sevging sharobdan ham yaxshiroqdir.
Atir moylaring esa
Har qanday ziravordan ham xushboʻyroqdir.
11 Kelinchagim, lablaringdan bol tomar.
Asal va sut tiling ostida,
Kiyimlaring hidi Lubnon hidiga oʻxshar.

12 Jonim mening, kelinchagim.
Qulflangan bogʻ, devor bilan oʻralgan buloqdaysan,
Yopib qoʻyilgan chashmadaysan sen.
13 Aʼlo mevalar beradigan
Anor bogʻiga oʻxshaysan.
Bu bogʻda xina va sunbullar oʻsadi.
14 Ha, bu bogʻda sunbulu zaʼfaron,
Xushboʻy qamish va dolchin,
Har xil xushboʻy daraxtlar,
Mirra va aloe,
Eng aʼlo ziravorlar oʻsadi.
15 Sevgilim, sen bogʻdagi chashmaga,
Hayotbaxsh suv bulogʻiga oʻxshaysan.
Lubnon togʻlarining oqar suvlaridaysan.
Qiz:
16 Ey shimol shabadasi, qoʻzgʻal,
Janub shamoli, kelgin!
Bogʻimda esgin,
Toki bogʻimning xushboʻy hidlari
Hamma joyga taralsin.
Sevgilim oʻz bogʻiga kelib,
Aʼlo mevalaridan yesin.