12–BOB
Yoqub oʻldiriladi, Butrus qamoqqa tashlanadi
1 Xuddi shu paytda shoh Hirod imonlilar jamoatining baʼzi aʼzolarini quvgʻin qila boshladi. 2 U Yuhannoning akasi Yoqubni qilich bilan oʻldirtirdi. 3 Hirod koʻrdiki, bu yahudiylarga maʼqul kelyapti, shunday qilib, u Butrusni hibsga oldi. Bu voqea Xamirturushsiz non bayrami kunlarida yuz berdi. 4 U Butrusni qamatib, toʻrt kishidan iborat toʻrt guruh askarni qorovul qilib qoʻydi. Fisih bayramidan soʻng uni xalqning oldiga olib chiqib, hukm qilishni rejalashtirgan edi. 5 Butrus hibsda ekan, jamoat u uchun Xudoga chin dildan ibodat qildi.
Butrus qamoqdan qutuladi
6 Hirod Butrusni xalq oldiga olib chiqmoqchi boʻldi. Oʻsha kundan oldingi tunda Butrus ikki soqchi oʻrtasida uxlayotgan edi. U ikkita zanjir bilan kishanlangan, qamoqxona eshigida soqchilar navbatchilik qilishardi. 7 Birdan Egamizning farishtasi zohir boʻlib, hujrada nur porlab ketdi. Farishta Butrusning yonboshiga turtib uygʻotdi va: “Tezda oʻrningdan tur!” dedi. Shunda kishanlar Butrusning bilaklaridan tushib ketdi. 8 Farishta unga:
— Kamaringni bogʻla, chorigʻingni kiy, — dedi. Butrus aytilganday qildi. Keyin farishta unga:
— Choponingni kiyib, ortimdan yur, — dedi. 9 Butrus farishtaga ergashib, qamoqxonadan chiqdi. Ammo u farishtaning bu ishlari haqiqat ekanini anglamasdan, “vahiy koʻryapman, shekilli”, deb oʻylardi. 10 Ular birinchi va ikkinchi darvoza soqchilari oldidan oʻtgandan keyin, shaharga olib boradigan temir darvoza oldiga keldilar. Darvoza oʻz–oʻzidan ularga ochildi. Ular tashqariga chiqib, soʻqmoq boʻylab ketdilar. Birdan farishta Butrusning oldida koʻzdan gʻoyib boʻldi. 11 Butrus shu zahoti oʻziga kelib: “Endi ishonchim komilki, Egamiz Oʻzining farishtasini yuborib, meni Hirodning qoʻlidan, yahudiy xalqining adovatidan qutqaribdi”, dedi.
12 Butrus shularni anglab, Maryamning uyiga yoʻl oldi. Maryam Yuhannoning onasi edi. Yuhannoning ikkinchi ismi Mark edi. Maryamning uyida koʻpchilik toʻplanib, ibodat qilishayotgan ekan. 13 Butrus darvozani taqillatgan edi, Roda ismli qiz xabar olgani chiqdi. 14 Qiz Butrusning ovozini tanigach, shunchalik xursand boʻlib ketdiki, darvozani ochish oʻrniga, ichkariga yugurib kirdi–da, Butrus darvoza oldida turibdi, deb eʼlon qildi. 15 Ular qizga:
— Aqlingni yeb qoʻyibsan, — dedilar. Ammo qiz gapida turib olgach, ular:
— U Butrusning farishtasi , — deb javob berdilar.
16 Butrus darvozani taqillatishda davom etdi. Ular darvozani ochib, Butrusni koʻrdilar–u, hayron boʻlib qoldilar. 17 Butrus qoʻli bilan “jim” degan ishorani qildi va Egamiz uni qanday qilib zindondan ozod qilganini soʻzlab berdi. Soʻngra “Bu voqeani Yoqubga va boshqa imonlilarga aytinglar”, deb qoʻshib qoʻydi. Shundan keyin Butrus u yerdan chiqib, boshqa yerga bordi.
18 Tong otgach, vahimali shovqin–suron koʻtarildi. Askarlar bir–biridan: “Butrus qayerga gʻoyib boʻldi?” deb soʻrardilar. 19 Hirod Butrusni izlashga buyruq berdi, ammo uni topa olmadilar. Hirod soqchilarni soʻroq qilib, ularni oʻlimga mahkum qildi.
Hirodning oʻlimi
Shundan keyin Hirod Yahudiyadan Qaysariyaga borib, oʻsha yerda turib qoldi. 20 Shoh Hirod Tir va Sidon aholisidan qattiq gʻazablandi. Bu shaharlar oziq–ovqat boʻyicha Hirodning shohligiga qaram boʻlgani uchun, Tir va Sidon vakillari maslahatlashib, Hirod bilan koʻrishgani keldilar. Ular saroy noziri Blastusni oʻz tomoniga ogʻdirib olganlaridan keyin, Hirod bilan sulh tuzmoqchi edilar. 21 Hirod ularni qabul qiladigan kuni shohona liboslarini kiyib, taxtiga oʻtirdi–da, ularga nutq soʻzladi. 22 Odamlar uning bu nutqini eshitib: “Inson emas, balki xudo gapiryapti!” deb xitob qildilar. 23 Hirod Xudoni sharaflamagani uchun oʻsha zahotiyoq Egamizning farishtasi uni urdi. Hirod qurtlarga yemish boʻlib olamdan oʻtdi.
24 Xudoning kalomi esa tobora yoyilib, Isoga ergashuvchilar koʻpayib borardi. 25 Barnabo bilan Shoul Quddusda topshiriqni bajarib boʻlishgach , Antioxiyaga qaytdilar. Ular oʻzlari bilan birga Yuhannoni ham olib keldilar. Yuhannoning ikkinchi ismi Mark edi.