16–BOB
Pishiq ish boshqaruvchi haqida masal
1 Iso shogirdlariga shunday dedi: “Bir boy odamning ish boshqaruvchisi bor ekan. Boyga, ish boshqaruvchingiz mol–mulkingizni sovurib yuribdi degan xabar yetib keldi. 2 Boy odam ish boshqaruvchisini chaqirib, unga shunday debdi:
— Sen haqingda baʼzi gaplarni eshitdim. Bu nimasi?! Menga boshqaruving toʻgʻrisida hisobot ber, endi ishlarimni sen boshqarmaysan.
3 Shunda ish boshqaruvchi oʻziga oʻzi debdi:
— Xoʻjayinim meni ishdan boʻshatyapti. Endi nima qilaman? Yer chopishga kuchim yetmaydi, sadaqa soʻrashga uyalaman. 4 Eha, topdim! Bir ish qilaman, shunda boʻshatilganimdan keyin odamlar uylarining eshiklarini men uchun ochib berishadi.
5 U vaqtni boy bermay, xoʻjayinning qarzdorlarini birma–bir chaqiribdi. Birinchisidan soʻrabdi:
— Xoʻjayinimdan qancha qarzing bor?
6 — Ikki yuz koʻza zaytun moyi, — deb javob beribdi u.
— Tilxatingni ol, tezda oʻtirib yuz koʻza deb yoz! — debdi unga ish boshqaruvchi. 7 Keyin boshqasidan ham soʻrabdi:
— Sening qancha qarzing bor?
— Ming togʻora bugʻdoy, — deb javob beribdi u. Unga ham:
— Tilxatingni ol, sakkiz yuz togʻora deb yoz! — debdi ish boshqaruvchi.
8 Ha, ayyor ish boshqaruvchi ishini boplab bajardi! Chindan ham bu dunyoning odamlari zamondoshlari orasida nur ahliga qaraganda oʻz ishiga ancha pishiqdirlar.
9 Men sizlarga aytaman: bu dunyoning boyligidan foydalanib doʻst orttiringlar, toki bu boylik tugagach, Xudo sizni abadiy maskaniga qabul qilsin. 10 Kichik ishda sadoqatli boʻlgan odam katta ishda ham sadoqatli boʻladi. Kichik ishda sadoqatsiz boʻlgan esa katta ishda ham sadoqatsiz boʻladi. 11 Agar sizga bu dunyoning boyligini ishonib topshirib boʻlmasa, kim sizga haqiqiy boylikni ishonib topshiradi?! 12 Agar sizga boshqalarning narsasini ishonib topshirib boʻlmasa, oʻzingizga atalgan narsani sizga kim beradi?!
13 Hech qanday xizmatkor ikki xoʻjayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon koʻrib, boshqasini yaxshi koʻradi, yoki biriga bagʻishlanib, boshqasini mensimaydi. Sizlar ham Xudoga, ham boylikka birdek xizmat qila olmaysizlar.”
14 Pulparast farziylar bularni eshitib, Isoni mazax qildilar. 15 Iso ularga dedi: “Sizlar odamlar oldida oʻzingizni taqvodor qilib koʻrsatasizlar, lekin Xudo yuragingizni biladi. Odamzod koʻkka koʻtargan narsalar Xudoning nazarida jirkanchdir.
16 Yahyo va undan oldin kelganlar Tavrot va Paygʻambarlar bitiklarini eʼlon qilganlar. Endi esa Xudoning Shohligi toʻgʻrisidagi Xushxabar eʼlon qilinmoqda va har bir odam bu Shohlikka kirishga undalmoqda. 17 Biroq Tavrotdan bir nuqtaning yoʻqolishidan koʻra, yeru osmonning yoʻqolishi osonroqdir.
18 Kim oʻz xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, zino qilgan boʻladi. Shuningdek, eri bilan ajrashgan xotinga uylangan kishi ham zino qilgan boʻladi.
Boy va Lazar haqida masal
19 Bir boy odam bor ekan. U qimmatbaho liboslar kiyib yurar, har kuni dabdabali hayot kechirar ekan. 20 Boyning darvozasi oldida butun badaniga yara toshgan Lazar ismli bir qashshoq gadoy yotar ekan. 21 U boy dasturxonidan toʻkilgan ushoqlar bilan qorin toʻydirishni orzu qilar ekan. Itlar kelib uning yaralarini yalab ketar ekan.
22 Bir kuni gadoy oʻlib qolibdi, farishtalar uni Ibrohimning yoniga olib ketibdilar. Keyin boy ham oʻlib, dafn qilinibdi.
23 Jahannamda azob chekayotgan boy boshini koʻtarib, uzoqda Ibrohimni va uning yonidagi Lazarni koʻribdi. 24 Soʻng shunday deb faryod qilibdi:
— Ey Ibrohim ota! Menga rahm qilib Lazarni yuboring. U barmogʻining uchini suvga botirib, tilimga tomizsin. Bu alanga ichida azob chekyapman!
25 Ibrohim unga shunday deb javob beribdi:
— Unutma, oʻgʻlim, sen hayotligingda hamma yaxshi narsalaringni olib boʻlding, Lazar esa faqat yomonlik koʻrdi. Endi u bu yerda tasalli topyapti, sen boʻlsang, azob chekyapsan. 26 Bundan tashqari, sen bilan bizning oramizda tubsiz jarlik bor. Bu yerdan siz tomonga oʻtmoqchi boʻlganlar oʻta olmaydilar va u yerdan biz tomonga ham oʻtmaydilar.
27 Shunda boy aytibdi:
— Unday boʻlsa, ey ota, sizdan oʻtinib soʻrayman, Lazarni otamning uyiga yuboring. 28 Mening beshta ukam bor. Ular ham bu azobli joyga kelmasliklari uchun ularni ogohlantirib qoʻysin.
29 Ibrohim javob beribdi:
— Ularda Musoning va paygʻambarlarning bitiklari bor–ku, oʻshalarga quloq solishsin.
30 Boy esa:
— Yoʻq, Ibrohim ota, ular quloq solmaydilar. Ammo oʻliklardan biri ularning oldiga borsa, oʻshanda tavba qiladilar, — debdi. 31 Ibrohim shunday debdi:
— Agar Muso va boshqa paygʻambarlarning soʻzlariga quloq solmagan boʻlsalar, oʻliklardan biri tirilib borsa ham ishonmaydilar.”