11–BOB
Imon nima?
1 Imon — umid qilingan narsalarning amalga oshishiga ishonish, koʻrinmaydigan narsalarga amin boʻlish demakdir. 2 Imon tufayli ota–bobolarimiz Xudoning maqtoviga sazovor boʻldilar.
Qadimgi imon qahramonlari
3 Imon tufayli biz koinot Xudoning kalomi bilan yaratilganini anglab olamiz, koʻrinadigan moddalar koʻrinmaydigan voqelikdan vujudga kelganini bilamiz.
4 Imoni tufayli Hobil Xudoga, Qobildan koʻra, yaxshiroq qurbonlikni keltirdi. Xudo Hobilning qurbonligidan mamnun boʻlib, Hobilni imoni tufayli solih kishi deb bildi. Hobil oʻlgan boʻlsa ham, uning imoni hanuz bizga namuna boʻlib xizmat qilyapti.
5 Imoni tufayli Xanoʻx oʻlmadi. U tiriklayin osmonga koʻtarilib ketdi. Xanoʻx birdaniga gʻoyib boʻlib qolgandi, chunki Xudo uni olib ketgan edi. Muqaddas bitiklarda aytilishicha, Xudo Xanoʻxni olib ketmasdan oldin ham undan mamnun edi. 6 Ishonmagan odam hech qachon Xudoni mamnun qila olmaydi. Axir, Xudoga sajda qilayotgan har kim Xudoning borligiga ishonishi kerak, Xudoga yuz burganlarga Xudoning Oʻzi mukofot berishiga u amin boʻlishi kerak.
7 Imoni tufayli Nuh oilasini qutqarish uchun kema qurgandi. U misli koʻrilmagan kulfat haqidagi Xudoning ogohlantirishlarini eshitib, Xudodan qoʻrqib, Unga quloq solgandi. Qilgan bu ishi bilan u Xudoning butun dunyo ustidan chiqargan hukmini eʼlon qildi. Xudo uni imoni tufayli solih kishi deb bildi.
8 Imoni tufayli Ibrohim Xudoga itoat qildi. Xudo unga: “Men senga mulk qilib beradigan yerga bor”, deb buyurganda, Ibrohim qayerga ketayotganini bilmasdan yoʻlga tushdi. 9 Imoni tufayli u Xudo vaʼda qilgan yerda oʻrnashdi, musofir boʻlib, chodirlarda yashadi. Uning oʻgʻillari Isʼhoq va Yoqub ham u kabi kun kechirishdi, chunki Xudo ularga ham xuddi oʻsha vaʼdani bergandi. 10 Nega Ibrohim bunday qildi? Chunki u Xudo tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan, poydevori mustahkam, boqiy shaharni kutayotgan edi. 11 Oʻzi qarib ketgan, xotini Sora esa bepusht boʻlganiga qaramay, Ibrohim imoni tufayli farzand koʻrdi . Chunki farzandni vaʼda qilgan Xudo sadoqatli ekaniga u ishonardi. 12 Shuning uchun bir oyogʻi goʻrda boʻlgan bu bitta odamdan osmondagi yulduzlarday, dengiz qirgʻogʻidagi qumday son–sanoqsiz nasl kelib chiqdi.
13 Ibrohim, Isʼhoq va Yoqub olamdan oʻtdilar, ammo Xudo bergan vaʼdasini bajarishiga ular ishonardilar. Ular Xudo vaʼda qilgan yurtga erishmadilar, ammo oʻsha yurtni uzoqdan koʻrib, xursand boʻlgan edilar. Ular bu dunyoda kelgindi va musofir ekanliklarini ochiqchasiga tan oldilar. 14 Musofirligini tan olgan odamlar oʻzlarining haqiqiy vatanini qoʻmsayotganini koʻrsatadilar. 15 Bordi–yu, ular kelib chiqqan yurtini qoʻmsagan boʻlganlarida edi, u yerga qaytib borish uchun ilojini topgan boʻlar edilar. 16 Aslida ular yaxshiroq yurtni, yaʼni samoviy vatanni qoʻmsayotgan edilar. Shuning uchun Xudo Oʻzini ularning Xudosi deb atashdan or qilmaydi. Xudo hatto ular uchun bir shahar hozirlagan edi.
17-18 Xudo Ibrohimni sinovdan oʻtkazayotganda , Ibrohim oʻz imoni tufayli oʻgʻli Isʼhoqni qurbonlikka olib bordi. Garchi Xudo unga: “Men senga vaʼda qilgan nasling Isʼhoq orqali kelib chiqadi” , — deb vaʼda bergan boʻlsa–da, u yagona oʻgʻlini qurbonlik qilishga tayyor edi. 19 Demak, Xudo hatto oʻliklarni ham tiriltirishga qodir ekanligiga Ibrohim ishonardi. Shuning uchun Xudo Isʼhoqni Ibrohimga tiriklayin qaytarib berdi. Isʼhoq oʻlikdan tiriladigan hamma odamlarning ramzi boʻlib xizmat qiladi.
20 Imoni tufayli Isʼhoq oʻz oʻgʻillari Yoqub va Esovni duo qildi. Kelajakda duolari amalga oshishiga u ishongandi. 21 Imoni tufayli Yoqub ham Yusufning oʻgʻillarini birma–bir duo qildi. U olamdan koʻz yumayotganda ham, oʻz hassasiga suyanganicha, Xudoga sajda qildi . 22 Imoni tufayli Yusuf Isroil xalqining Misrdan chiqib ketishi toʻgʻrisida bashorat qildi. U oʻsha paytda oʻlim toʻshagida yotgan boʻlib: “Mening suyaklarimni oʻzlaringiz bilan bu yerdan olib ketinglar”, deb vasiyat qilgandi.
23 Imoni tufayli Musoning ota–onasi yangi tugʻilgan Musoni uch oy yashirishdi. Ular chaqaloqning chiroyli ekanligini koʻrib, firʼavnning farmonidan qoʻrqishmadi. 24 Muso voyaga yetganda imoni tufayli firʼavn qizining oʻgʻli deb atalishni rad etdi. 25 U gunoh qilib, vaqtinchalik huzur–halovatda yashashdan koʻra, Xudoning xalqi bilan birga azob–uqubat chekishni oʻziga ravo koʻrdi. 26 U kelajakdagi mukofotni koʻzlagani uchun Masihni deb xoʻrlanishni Misrning xazinalaridan afzal deb bildi. 27 Imoni tufayli Muso Misrni tark etdi. U firʼavnning gʻazabidan qoʻrqmadi. Goʻyo koʻrinmas Xudoni koʻrgandek, tanlagan yoʻlidan qaytmadi. 28 Imoni tufayli u Isroil xalqiga Fisih qoʻzilarini soʻyishni buyurdi. Soʻng qoʻzilarning qonini eshiklar kesakilariga sepishni buyurdi. Bundan maqsadi Isroil xalqining toʻngʻich oʻgʻillarini Azroildan asrab qolish edi.
29 Imoni tufayli Isroil xalqi Qizil dengizdan xuddi quruqlikdan oʻtayotgandek kechib oʻtdi. Misrliklar ham oʻtmoqchi boʻlishdi, ammo choʻkib ketishdi.
30 Isroil xalqi yetti kun Yerixo shahri devorlari atrofida aylanib boʻlgandan keyin, ularning imoni tufayli shahar devorlari qulab tushdi. 31 Imoni tufayli fohisha Rahoba halok boʻlmadi. U aygʻoqchilarga mehmondoʻstlik qilgani uchun Xudoga itoat qilmagan hamshaharlari bilan birga oʻlmadi.
32 Yana kimni misol qilib keltiray?! Gidoʻn, Baraq, Shimshoʻn, Yiftox, Dovud, Shomuil va boshqa paygʻambarlar haqida hikoya qilish uchun vaqtim yetarli emas. 33 Imoni tufayli ular shohliklarni bosib oldilar, davlatni adolat bilan boshqardilar va Xudo bergan vaʼdalarga erishdilar. Sherlarning jagʻlarini yopdilar, 34 lovullagan olovni oʻchirdilar va qilich tigʻidan omon qoldilar. Holdan toygan paytlarida kuchga toʻldilar, jangda bahodirlik koʻrsatdilar va oʻzga yurt lashkarlarini tor–mor qildilar. 35 Ayollar marhum qarindoshlarini tirilgan holda qaytarib oldilar.
Boshqalar esa imoni tufayli qiynoqlarni boshdan kechirdilar. Ular Xudodan voz kechib, oʻlimdan qutulishlari mumkin edi. Ammo ular bunday qilmadilar, chunki aʼloroq narsani, yaʼni abadiy hayot uchun tirilishni umid qilgan edilar. 36 Ulardan baʼzilari haqoratu kaltaklarga chidadilar, baʼzilari zanjirband boʻlib, zindonlarda yotdilar. 37 Ularni toshboʻron qildilar , tanalarini arralab ikkiga boʻldilar , qilichdan oʻtkazdilar. Ular qoʻy va echki poʻstinlarini kiyib, sarson–sargardon boʻldilar, muhtojlikda yashadilar, zulm ostida qoldilar, xor boʻldilar. 38 Ular choʻl–sahrolarda, togʻ–toshlarda daydib yurdilar, gʻorlarda, yerning kavaklarida yashirindilar. Aslida dunyo ularning tirnogʻiga ham arzimas edi!
39 Ular imoni tufayli Xudoning maqtoviga sazovor boʻldilar. Shunday boʻlsa–da, Xudoning vaʼdasiga erishmadilar. 40 Xudoga sodiq qolgan bu odamlarni Xudo biz bilan birga barkamol qilishni istadi. Chunki U bizni ham oʻylagan holda aʼloroq rejani tayyorlab qoʻygandi.