3–BOB
Umid uchqunlari
1 Azoblarda qolgan insonman,
Xudoning gʻazabi tufayli tayoq yedim.
2 Boshlab bordi Egam meni zulmatga,
Nur tushmaydigan qorongʻi joyga.
3 Yolgʻiz menga qarshi U qoʻl koʻtardi,
Kun boʻyi meni qayta–qayta jazoladi.

4 Qaritib yubordi etu terimni,
Sindirib tashladi suyaklarimni.
5 Gʻam–alamga meni tutqun qildi,
Jabru jafo zindoniga meni tashladi.
6 Majbur qildi meni zimistonda yashashga,
Oʻxshab qoldim men ancha oldin oʻlgan odamga!

7 Qochib ketmasin deya, Xudo atrofimni qurshadi,
Ogʻir zanjirlar bilan meni kishanband etdi.
8 Yordam soʻrab yolvorsam ham men Unga,
Quloq solmas U mening figʻonimga.
9 Yoʻnilgan toshlar bilan U yoʻlimni toʻsdi,
Yurgan yoʻlimni chalkashtirib yubordi.

10 Poyladi U meni ayiqday,
Tashlanmoqchi boʻldi menga sherday.
11 Soʻng meni sudradi bir chetga,
Gʻajidi, solib ketdi tang ahvolga.
12 Xudo Oʻz yoyini tortdi,
Oʻqlariga meni nishon qildi.

13 Sadogʻidagi oʻqlari bilan yuragimni teshdi.
14 Mana endi oʻz xalqim ustimdan kulmoqda,
Uzzukun ular meni mazax qilib, qoʻshiq kuylamoqda.
15 Xudo menga achchiq oʻtdan yedirdi,
Zaharli suvdan menga ichirdi.

16 Meni oyoq osti qilib, tuproqqa beladi,
Shagʻal yedirib, tishlarimni sindirdi.
17 Tinchlik bilmas endi mening jonim,
Baxt nimaligini tamom unutdim,
18 Shunda oʻzimga dedim: “Adoyi tamom boʻldim!
Barbod boʻldi Egamga boʻlgan umidim!”

19 Kulfatu sargardonlik haqidagi oʻylarim
Zaharli suvga, achchiq oʻtga oʻxshaydi.
20 Bunday oʻylarga tolgan mening jonim
Tushkunlikka tushdi.
21 Biroq men bir narsani yodda tutarman,
Shuning uchun doim umid qilarman:

22 Egamning sodiq sevgisi boʻlmaydi ado ,
Uning rahmu shafqati tugamas aslo.
23 Har tong ular yangilanadi,
Buyukdir Egamning sadoqati!
24 Qalbimda aytaman: “Egamdir mening bor–yoʻgʻim,
Shunday ekan, yolgʻiz Undadir mening umidim.”

25 Egamiz Oʻziga umid bogʻlaganlarga yaxshilik qiladi,
Unga intilgan har bir jonga ezguligini koʻrsatadi.
26 Egamizning najotini toqat ila kutish yaxshidir.
27 Yoshlikdan tarbiyaga boʻysunish yaxshidir.

28 Rabbiy tarbiyalaganda,
Yolgʻiz oʻtirib, sukut saqlaylik.
29 Bunday vaqtlarda yer oʻpib taʼzim qilaylik,
Axir, yana umid bordir.
30 Tarsaki yeganimizda qarshilik qilmaylik,
Eshitgan koʻp haqoratlarni ichimizga yutaylik.

31 Zero, Rabbiy bizni abadiy tashlab qoʻymaydi!
32 Uning Oʻzi bizga qaygʻu keltirgan boʻlsa–da,
Oʻzi bizga rahm–shafqat qiladi.
Axir, Uning sodiq sevgisi buyukdir!
33 Ha, U insonga gʻam keltirib, ozor berishni xush koʻrmaydi.

34 Yurtdagi hamma asirlarning oyoq osti boʻlganini,
35 Odamlar haq–huquqdan mahrum boʻlganini
Xudoyi Taolo koʻrib turibdi.
36 Bir yoqlama hukm chiqarilganini
Rabbiy bilib turibdi.

37 Rabbiyning ijozatisiz,
Hech kimning buyrugʻi bajo boʻlmas.
38 Yaxshilik ham, yomonlik ham
Xudoyi Taoloning amrisiz sodir boʻlmas.
39 Hanuz hayot ekanmiz,
Gunohimiz uchun jazo tortganda nolimaylik!

40 Tutgan yoʻllarimizni yaxshilab tekshiraylik,
Egamizga qaytaylik.
41 Qoʻllarimizni osmonga choʻzib,
Chin dildan samodagi Xudoga yolvorib aytaylik:
42 “Ey Egamiz! Biz itoatsizlik qildik,
Senga qarshi bosh koʻtardik,
Sen bizni kechirmading.

43 Sen gʻazabga minib, taʼqib qilding bizni,
Shafqatsiz qirding hammamizni.
44 Iltijolarimiz Senga yetib bormasligi uchun
Bulutlar bilan oldingni toʻsding.
45 Sen bizni axlatday tashlab yubording,
Xalqlar orasida supurindiday qilding.

46 Mana, barcha yovlarimiz ustimizdan kulyapti.
47 Biz vahimaga tushdik, tuzoqqa ilindik,
Falokatu halokatga giriftor boʻldik.”

48 Sel–sel boʻlib oqar mening koʻz yoshlarim,
Axir, qirilib ketdi mening xalqim!
49-50 Egamiz samodan bizga qaramaguncha,
Men toʻxtamay obi diyda qilaman,
Tinmay koʻz yosh toʻkaman.
51 Quddusdagi hamma qizlarning qismati
Yurak–bagʻrimni ezib yubordi!

52 Sababsiz dushmanlik qilayotir menga odamlar,
Qushni ovlaganday meni ovladi ular.
53 Meni tiriklayin chuqurlikka tashlashdi,
Chuqurlik ogʻzini tosh bilan berkitishdi.
54 Suvlar koʻtarilib oshdi boshimdan,
“Ado boʻldim” dedim ichimda.

55 Ey Egam, chuqurlik tubidan
Senga iltijo qildim.
56 “Dodimni tingla, berkitma qulogʻingni!” dedim.
Sen eshitding bu iltijoimni.
57 Yolvorganimda Sen menga yaqinlashding,
“Qoʻrqma!” deb oʻshanda menga aytding.

58 Yo Rabbiy, Sen daʼvoimni himoya qilding,
Mening jonimni xalos etding.
59 Koʻrding menga qilingan nohaqlikni,
Ey Egam, Oʻzing yoqlagin meni.
60 Yovlarimning til biriktirganini Sen koʻrding,
Menga qarshi qilgan yovuz niyatlarini bilding.

61 Ey Egam, ular meni mazax qilganini Oʻzing eshitding,
Menga qarshi til biriktirganini bilding.
62 Gʻanimlarim meni gʻiybat qilar,
Kun boʻyi menga piching otar!
63 Qara, ular oʻtirsa ham, tursa ham,
Meni mazax qilib, qoʻshiq kuylashar.

64 Ularning qilmishlariga yarasha,
Jazosini bergin, ey Egam!
65 Yuraklariga gʻulgʻula solgin,
Ularni laʼnatga duchor qilgin,
66 Gʻazab bilan ularning ketidan quvla,
Yer yuzidan tamomila yoʻq qilib tashla!