Doniyor koʻrgan vahiylar
7–BOB
Doniyorning toʻrt maxluq haqidagi vahiysi
1 Bobil shohi Belshazar hukmronligining birinchi yilida Doniyor bir tush koʻrdi. U koʻrgan tushi haqida shunday yozdi:
2 “Men tushimda bir vahiy koʻrdim. Osmonning toʻrt tomonidan esayotgan qattiq shamol ulkan bir dengizni toʻlqinlantirayotgan edi. 3 Oʻsha dengizdan bir–biriga oʻxshamaydigan toʻrtta bahaybat maxluq chiqdi. 4 Birinchisi sherga oʻxshagan edi, uning burgut qanotlariga oʻxshagan qanotlari bor edi. Men maxluqni tomosha qilib turgan edim, birdaniga qandaydir bir kuch uning qanotlarini uzib tashladi, oʻzini esa koʻtarib odamzodga oʻxshatib ikki oyogʻida turgʻizib qoʻydi. Oʻsha maxluqqa inson ongi berilgan edi .
5 Ikkinchi maxluq ayiqqa oʻxshar edi. U ogʻziga uchta qovurgʻa suyaklarini tishlab olgan edi. U hamla qilishga shaylana boshlaganda, unga shunday buyruq berildi: «Qani, ol, toʻyguningcha goʻsht yegin!»
6 Soʻng qoplonga oʻxshagani paydo boʻldi. Bu maxluqning toʻrtta boshi va orqasida qush qanotiga oʻxshagan toʻrtta qanoti bor edi. Unga hukmronlik qilish huquqi berilgan edi.
7 Bundan keyin tundagi vahiyda men qoʻrqinchli, dahshatli va benihoya kuchli boʻlgan toʻrtinchi maxluqni koʻrdim. U oʻz qurbonlarini temir tishlari bilan gʻajib, parchalab tashlardi. Qoldiqlarini esa oyoqlari bilan bosib ezardi. Uning oʻnta shoxi boʻlgani uchun, u oldingi maxluqlardan ajralib turar edi. 8 Men maxluqning shoxlarini tomosha qilib turganimda, ularning orasidan oʻsib chiqayotgan yana bir shoxchani koʻrdim. Unga joy berish uchun oldingi oʻnta shoxdan uchtasi tag–tugi bilan uzilib tushdi. Bu yangi oʻsib chiqqan shoxning inson koʻzlariga oʻxshagan koʻzlari va takabburona gapiradigan ogʻzi bor edi.
Doniyorning Azaliy Nuroniy haqidagi vahiysi
9 Men taxtlarning joy–joyiga oʻrnatilganini tomosha qilib turdim, Azaliy Nuroniy Oʻz joyiga oʻtirdi. Uning kiyimi qorday oq, sochlari esa oppoq momiqday edi. Uning taxti otashin alanga, taxtining gʻildiraklari lovullagan olov edi. 10 Uning huzuridan olovli daryo oqib chiqdi. Minglar Unga xizmat qilar edi, million–millionlar Uning amriga muntazir edi. Sud majlisi boshlandi, hamma kitoblar ochildi.
11 Kichkina shoxning kibrlanib shangʻillashi mening eʼtiborimni tortgan edi. Men uni tomosha qilayotganimda oʻsha toʻrtinchi maxluq oʻldirildi, uning jasadi olovga tashlanib, kuydirib yuborildi. 12 Qolgan maxluqlarga kelsak, ularning hukmronligi yoʻq qilindi, ammo hayotlari maʼlum bir vaqtgacha saqlab qolindi.
13 Tunda kelgan oʻsha vahiyda men osmon bulutlarida kelayotgan inson qiyofasidagi bir zotni koʻrdim. U Azaliy Nuroniyning oldiga keldi. 14 Unga hukmronlik, ulugʻvorlik va shohlik berildi. Barcha xalqlar, elatlar va urugʻlar unga boʻysunishdi. Uning hukmronligi bitmas–tuganmas, abadiy hukmronlikdir. Uning shohligi hech qachon buzilmaydi.
Doniyor koʻrgan vahiyning maʼnosi
15 Men koʻrgan bu vahiy yuragimga gʻulgʻula solib, allanechuk vahimaga tushirgan edi. 16 Men taxt yonida turganlarning bittasiga yaqinlashib, bularning hammasini tushuntirib berishini soʻradim. U menga vahiyning maʼnosini ochib, dedi: 17 «Sen koʻrgan toʻrtta maxluq bu yer yuzida hukmronlik qiladigan toʻrtta shohlikdir. 18 Ammo Xudoyi Taoloning azizlari shohlikni qabul qilib, unga to abad ega boʻladilar.»
19 Men toʻrtinchi maxluq haqida koʻproq maʼlumot olishni xohlar edim, chunki u boshqa maxluqlardan ajralib turar edi. Temir tishlari va bronza changallari boʻlgan bu badbashara maxluq qurbonlarini gʻajib tilka–pora qilar, qoldiqlarini bosib ezardi. 20 Uning boshidagi oʻnta shoxi, ayniqsa, yangi oʻsib chiqqan shox meni juda qiziqtirib qolgan edi. Oʻsha shox oʻsib chiqayotganda oʻrnidagi uchta shoxni tushirib yuborgan edi. Koʻzlari va kibrlanib gapiradigan ogʻzi boʻlgan bu shox boshqa shoxlarga qaraganda koʻproq ahamiyatga egaday boʻlib koʻrinar edi.
21 Bundan tashqari, vahiyda men oʻsha shoxning Xudoning aziz xalqi bilan jang qilayotganini va ularni yengayotganini koʻrgan edim. 22 Shu orada Azaliy Nuroniy kelib, Oʻzining azizlari foydasiga hukm chiqardi. Xudoyi Taoloning aziz odamlari uchun shohlikni oʻz tasarrufiga olish vaqti yetib kelgan edi.
23 Suhbatdoshim menga shunday dedi: «Toʻrtinchi maxluq bu yer yuzida hukmronlik qiladigan toʻrtinchi shohlikning timsolidir. Bu shohlik boshqa shohliklardan ajralib turadi. U butun dunyoni gʻajib, ezib parcha–parcha qiladi. 24 Maxluqning oʻnta shoxi — shohlikni boshqaradigan oʻnta hukmdordir. Keyinchalik taxtga yangi bir hukmdor oʻtiradi. Bu hukmdor oldingi oʻnta hukmdordan ajralib turadi va uchta hukmdorni taxtdan tushiradi. 25 U kufr ketib, Xudoyi Taoloning azizlarini ayovsiz ezadi. Muqaddas bayramlar va qonunlarni oʻzgartirishga urinadi. Xudoning aziz odamlari uch yarim yil davomida oʻsha hukmdorning zulmi ostida boʻladilar. 26 Bu muddat tugagach, samoda sud majlisi boshlanadi. Zolim hukmdor taxtdan tushirilib, butunlay yoʻq qilinadi. 27 Xudoyi Taoloning azizlariga esa shohlik, hukmronlik va yer yuzidagi barcha saltanatlarning ulugʻvorligi beriladi. Hamma hukmdorlar ularga boʻysunib, xizmat qiladilar, ularning shohligi abadiy shohlik boʻladi.»
28 Koʻrgan, eshitganlarim mana shudir. Bu tushimdan shu qadar vahimaga tushgan edimki, rangimda rang qolmagan edi. Ammo bular toʻgʻrisida ogʻiz ochmay, hammasini ichimga yutdim.”