9–BOB
Beshinchi karnay: jahannam qaʼridan chiqqan chigirtkalar
1 Beshinchi farishta karnayini chaldi. Shunda men osmondan yerga tushgan bir yulduzni koʻrdim. Unga jahannam qaʼrining kaliti berilgan edi. 2 U jahannam qaʼrini ochdi. Ulkan oʻchoqdan chiqayotganday, jahannam qaʼridan tutun burqirab chiqdi. Bu tutundan quyosh va havo qorongʻilashib ketdi. 3 Tutundan chigirtkalar chiqib, yer yuziga tarqaldi. Ularga yerdagi chayonlarning kuchiga oʻxshash bir kuch berilgan edi. 4 Chigirtkalarga: “Yer yuzidagi oʻt–oʻlanlarga, bironta oʻsimlik yoki daraxtga tegmanglar”, deb aytilgan edi. Ular faqat peshanalarida Xudoning muhri boʻlmagan odamlarga zarar yetkazishlari mumkin edi. 5 Odamlarni oʻldirish chigirtkalarga man etilgandi. Ular odamlarga besh oy davomida azob berishlari kerak edi. Bu azob chayon chaqqandagi azobga oʻxshardi. 6 Oʻsha besh oy davomida odamlar oʻlim izlaydilar, ammo topolmaydilar. Oʻlimni orzu qiladilar, ammo oʻlim ulardan qochadi.
7 Chigirtkalarning koʻrinishi jangga shaylangan otlarga oʻxshar edi. Ularning boshida oltin tojga oʻxshagan narsalar bor, yuzlari esa odamsimon edi. 8 Sochlari ayollarning sochiga, tishlari esa arslon tishiga oʻxshar edi. 9 Koʻkraklari temir sovutday edi. Qanotlarining tovushi esa urushga yelib borayotgan tumonat jang aravalarining tovushini eslatardi. 10 Chayonlarnikiga oʻxshash dumlari va nishlari bor edi. Insonlarga besh oy davomida zarar yetkazish uchun olgan kuch–qudrati oʻsha dumlarida edi. 11 Ularga jahannam qaʼrining farishtasi hukmronlik qilardi. Bu farishtaning oti ibroniychada Abaddoʻn, yunonchada Apollion, yaʼni “halok qiluvchi” demakdir.
12 Birinchi halokat oʻtdi, bundan keyin yana ikkita halokat bor.
Oltinchi karnay: otliq qoʻshinlar
13 Oltinchi farishta karnayini chaldi. Shunda men Xudo huzuridagi oltin qurbongohning toʻrtta shoxi tomonidan kelayotgan bir ovozni eshitdim. 14 Bu ovoz karnay tutgan oltinchi farishtaga shunday dedi: “Buyuk Furot daryosi boʻyida bogʻlab qoʻyilgan toʻrt farishtani yechib yubor!”
15 Bu toʻrtta farishta oʻsha soat, oʻsha kun, oʻsha oy va oʻsha yil uchun saqlab kelingan edi. Ular insoniyatning uchdan bir qismini qirib tashlash uchun boʻshatildi. 16 Ular ikki yuz millionlik otliq qoʻshinni boshqarishardi, men ularning sonini eshitdim. 17 Men koʻrgan vahiydagi otlar bilan suvorilarning koʻrinishi quyidagicha edi: suvorilarning sovutlari olovday qizil, toʻq koʻk va oltingugurtday sariq rangda edi. Otlarning boshi arslon boshiga oʻxshar, ogʻizlaridan olov, tutun va oltingugurt otilib chiqardi. 18 Insoniyatning uchdan bir qismi shu uch balodan — olov, tutun va oltingugurtdan oʻldi. 19 Otlarning kuchi ham ogʻzida, ham dumlarida edi. Ularning dumlari ilonlarga oʻxshardi. Bu ilonlar odamlarni chaqib, jarohatlardi.
20 Bu balolardan omon qolgan insonlar esa oʻzlari yasagan butlaridan voz kechmadilar, jinlarga sigʻinishdan qaytmadilar. Koʻrmaydigan, eshitmaydigan, yurmaydigan oltin, kumush, bronza, tosh va yogʻoch butlarga sajda qilaverdilar. 21 Qotilliklaridan, issiq–sovuq qilishdan, fahsh–zino va oʻgʻriliklaridan qaytmadilar.