22–BOB
Quddusning jinoyatlari
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, qotillar shahrini hukm qil. Uning jirkanch odatlarini yuziga sol, 3 unga shunday deb ayt: «Egamiz Rabbiy demoqda: ey Quddus, sen oʻz koʻchalaringda qon toʻkib, boshingga balo orttirding. Butlar yasab, oʻzingni bulgʻading. 4 Toʻkilgan oʻsha qon uchun sen aybdor boʻlding, yasagan butlaring bilan bulgʻanding. Halokat kuningni yaqinlashtirding. Oʻz hayotingga yakun yasading! Shu bois xalqlar seni mazax qilishlariga, yurtlar ustingdan kulishlariga Men yoʻl qoʻyaman. 5 Ey yomon ot chiqargan, gʻalayonga toʻla shahar, uzoq–yaqindagilar seni mazax qiladilar.
6 Shahardagi Isroil yoʻlboshchilari oʻz mansabidan foydalanib, qon toʻkadilar. 7 U yerdagi odamlar ota–onasini xor qiladilar, musofirlarni aldaydilar, yetim va bevalarga zulm oʻtkazadilar. 8 Muqaddas narsalarimni xor qilib, Shabbat kunlarimni bulgʻaydilar. 9 Baʼzilari odamlarni oʻldirish uchun tuhmat qiladilar. Butxonalarda keltirilgan qurbonliklardan tanovul qiladilar, oʻzlarining shahvoniy hirslarini qondirish bilan ovora boʻladilar. 10 Boshqalari oʻgay onalari bilan yotadilar, hayz koʻrgan ayollarni zoʻrlaydilar. 11 Qoʻshnining xotini bilan jirkanch ishlar qiladilar, kelinlarini uyatsizlarcha bulgʻaydilar, tugʻishgan singillarining nomusiga tegadilar. 12 Shahardagi baʼzi odamlar pul uchun odam oʻldiradilar. Bergan qarzidan foiz undiradilar, oʻzganing bor–yoʻgʻini tortib olib, daromad koʻradilar. Ey Quddus aholisi, Meni unutib yubordingiz! Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
13 Nohaq foyda koʻrganingiz uchun, qon toʻkkaningiz uchun Men gʻazab ichra kaftimni kaftimga uraman. 14 Adabingizni bergan kunim mardligingizni koʻraman, oʻshanda Men bilan olishishga qurbingiz yetarmikan?! Men, Egangiz, aytganlarimni amalga oshiraman. 15 Men sizlarni xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, boshqa yurtlarga quvib yuboraman, iflos qilmishlaringizga chek qoʻyaman. 16 Begona xalqlar sizlarni xor qilganda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”
Egamizning oʻchogʻi
17 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 18 “Ey inson, Isroil xalqi Men uchun toshqolday qadrsiz boʻlib qoldi. Kumush eritilgandan keyin oʻchoqda qotib qolgan mis, qalay, temir va qoʻrgʻoshin qorishmasi kabidir bu xalq. 19 Ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar toshqolday boʻlib qolganingiz uchun Men sizlarni Quddusga yigʻaman. 20 Kumush, mis, qalay, temir va qoʻrgʻoshin oʻchoqqa qanday yigʻilsa, eritish uchun tagiga olov qanday yoqilsa, Men xuddi shunday qahru gʻazab bilan sizlarni yigʻaman, hammangizni shaharda eritib yoʻq qilaman. 21 Ha, Men sizlarni Quddusga yigʻib olaman, gʻazabim olovini sizlarga sochaman. Sizlar erib yoʻq boʻlib ketasizlar. 22 Kumush oʻchoqda eriganday, sizlar qahrim oʻtida erib yoʻq boʻlasizlar. Shunda ustingizga gʻazab oʻtini sochgan Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.»”
Isroil yoʻlboshchilarining gunohlari
23 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 24 “Ey inson, Isroil xalqiga shunday deb ayt: «Sizlar qahr kunida poklanmagan, ustiga yomgʻir yogʻmagan bir yurtdirsiz. 25 Yurtingizdagi shahzodalar oʻkirayotgan, oʻljasini tilka–pora qilayotgan sherga oʻxshaydi. Ular odamxoʻrlik qiladilar, mulku boylikni qoʻlga kiritadilar, qotilliklar qilib, bevalarning sonini koʻpaytiradilar. 26 Ruhoniylaringiz qonunimni buzib, muqaddas narsalarimni bulgʻadilar. Muqaddas bilan oddiy narsaning farqiga bormadilar. Odamlarga nima haromu nima halol ekanini oʻrgatmadilar, Shabbat kunlariga rioya qilmadilar, xullas, xalqim orasida Meni beobroʻ qildilar. 27 Yurtingizdagi yoʻlboshchilar oʻljasini tilka–pora qilayotgan boʻriga oʻxshaydilar. Ular boylik orttirish uchun qon toʻkadilar, odamlarning jonini oladilar. 28 Paygʻambarlaringiz esa devorni oqlagan mardikorlar kabi, bu gunohlarni yashirib, ustidan oqlaydilar. Yolgʻon vahiylar koʻrib, soxta bashoratlar aytadilar. Men ularga gapirmasam ham, ‘Egamiz Rabbiy shunday demoqda’ deb gapiradilar. 29 Yurtingizdagi odamlar qallobligu oʻgʻrilik qiladilar, kambagʻalu nochorni ezadilar, musofirning bor–yoʻgʻini tortib oladilar, haqini talab qilishga yoʻl qoʻymaydilar.
30 Devorni qayta quradigan, devorning oʻpirilib tushgan joyida turib, yurtni himoya qiladigan birorta odam bormikan, deya sizlarning orangizdan izladim. Ammo yurtni qahrimdan saqlab qoladigan bunday odamni topa olmadim. 31 Shuning uchun Men sizlarga qahrimni sochaman, hammangizni gʻazabim olovida yoʻq qilaman. Qilgan qilmishlaringizga yarasha jazoingizni beraman. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”