18–BOB
Iso hibsga olinadi
1 Bu soʻzlarni aytgandan soʻng, Iso Oʻz shogirdlari bilan u yerdan chiqib, Qidron soyligining narigi tomoniga oʻtdi. Oʻsha yerda bir bogʻ bor edi. Iso shogirdlari bilan boqqa kirdi. 2 Xoin Yahudo ham oʻsha joyni bilar edi, chunki Iso shogirdlari bilan u yerda tez–tez uchrashib turar edi. 3 Shunday qilib, Yahudo bir boʻlinma Rim askarlarini hamda bosh ruhoniylar va farziylar tomonidan yuborilgan Maʼbad mirshablarini boshlab, u yerga keldi. Qoʻllarida mashʼalayu fonuslar, qurol–yarogʻlar bor edi.
4 Iso boshidan kechadigan hamma narsani bilar edi. U odamlarga peshvoz chiqib, soʻradi:
— Kimni qidiryapsizlar?
5 — Nosiralik Isoni, — deb javob berishdi ular.
— Oʻsha Menman, — dedi Iso.
Xoin Yahudo ularning orasida turgan edi. 6 Iso “Oʻsha Menman” deyishi bilanoq ular orqaga tisarilib, yerga yiqilishdi. 7 Iso ulardan yana soʻradi:
— Kimni qidiryapsizlar?
— Nosiralik Isoni, — dedilar.
8 — Sizlarga aytdim–ku, Oʻsha Menman, — dedi ularga Iso. — Agar Meni qidirayotgan boʻlsangizlar, bularni qoʻyib yuboringlar, ketaverishsin.
9 Shu yoʻsin Isoning ilgari: “Ota, Sen Menga bergan odamlardan hech birining yoʻqolishiga yoʻl qoʻymadim ” degan soʻzlari bajo boʻldi.
10 Shu onda Butrus yonidagi qilichini qinidan sugʻurdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, oʻng qulogʻini kesib tashladi. Xizmatkorning ismi Malxus edi.
11 Iso Butrusga:
— Qilichingni qiniga solib qoʻy! Nahotki Men osmondagi Otam bergan azob kosasidan ichmasam?! — dedi.
12 Shunda Rim askarlari bilan boʻlinma qoʻmondoni va yahudiy mirshablari Isoni qoʻlga olib, bogʻlashdi. 13 Uni oldin Xanan oldiga olib borishdi. Xanan oʻsha yilgi oliy ruhoniy boʻlgan Kayafasning qaynatasi edi . 14 Yahudiylarga: “Xalq uchun bitta odamning oʻlishi yaxshiroq”, deb maslahat bergan oʻsha Kayafas edi.
Butrus Isodan tonadi
15 Isoning orqasidan Butrus va yana boshqa bir shogird ergashib borishar edi. Bu shogird oliy ruhoniy Xananning tanishi boʻlib, Iso bilan bemalol oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. 16 Butrus esa tashqarida, darvoza oldida qoldi. Oliy ruhoniyga tanish boʻlgan shogird keyinroq yana tashqariga chiqdi–da, darvozabon choʻriga nimadir deb, Butrusni ichkariga olib kirdi. 17 Shunda darvozabon choʻri Butrusdan:
— Siz ham u Odamning shogirdlaridan emasmisiz? — deb soʻradi.
— Yoʻq! — dedi Butrus.
18 Havo sovuq boʻlgani uchun u yerda turgan xizmatkorlar bilan mirshablar koʻmir yoqib, isinayotgan edilar. Butrus ham ularning oldiga borib, isinib turdi.
Iso oliy ruhoniy Xanan oldida
19 Shu paytda oliy ruhoniy Xanan Isoni soʻroq qilayotgan edi. Shogirdlari va taʼlimotiga taalluqli savollar berdi. 20 Iso unga javob berib dedi:
— Men elu olamga ochiq soʻzladim. Har doim yahudiylar yigʻiladigan sinagogalarda va Maʼbadda taʼlim berib yurdim, hech yashirincha gap aytmadim. 21 Nega Meni soʻroq qilyapsiz? Gaplarimni eshitgan odamlardan soʻrang. Nimalar haqida gapirganimni ular bilishadi.
22 Iso bularni aytib boʻlgach, yonida turgan Maʼbad mirshablaridan biri Isoning yuziga bir shapaloq urib, dedi:
— Oliy ruhoniyga ham shunday javob berasanmi?
23 Iso bunga javoban dedi:
— Agar Men notoʻgʻri gapirgan boʻlsam, notoʻgʻri joyini koʻrsat. Agar toʻgʻri gapirgan boʻlsam, nega Meni urasan?
24 Shundan keyin Xanan Isoni bogʻlangan holda oliy ruhoniy Kayafas huzuriga yubordi.
Butrus Isodan yana tonadi
25 Butrus olov oldida isinib turarkan, kimdir undan:
— Sen ham Uning shogirdlaridan emasmisan? — deb soʻradi.
— Yoʻq! — deb tondi u.
26 Oliy ruhoniyning xizmatkorlaridan biri Butrus qulogʻini uzib yuborgan odamning qarindoshi edi. Bu xizmatkor Butrusga dedi:
— Seni bogʻda U bilan koʻrdim, shekilli?
27 Butrus esa yana tondi. Naq shu payt xoʻroz qichqirdi.
Iso Pilat huzurida
28 Tong otdi. Yahudiylar Isoni Kayafas huzuridan olib chiqib, hokim Pilatning saroyiga olib bordilar. Oʻzlari esa bulgʻanishni istamay hukumat saroyiga kirmadilar , chunki bulgʻangan odam Fisih taomini yeya olmasdi. 29 Shu sababli Pilat tashqariga, ularning oldiga chiqdi.
— Bu Odamni nimada ayblayapsizlar? — deb soʻradi.
30 — Agar U jinoyatchi boʻlmaganda, Uni sizning qoʻlingizga topshirmas edik, — deb javob berishdi ular.
31 — Uni olib ketib, oʻz qonuningiz boʻyicha hukm qilaveringlar, — dedi Pilat.
— Bizga hech kimni qatl qilishga ijozat berilmagan, — deyishdi unga yahudiylar.
32 Iso Oʻzining qanday oʻlishi haqida aytgan soʻzlari amalga oshishi uchun bu voqea sodir boʻldi.
33 Shunda Pilat yana saroyga kirdi va Isoni chaqirtirib:
— Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb soʻradi.
34 — Oʻzingiz qiziqib soʻrayapsizmi, yoki boshqalar sizga Men toʻgʻrimda aytishdimi? — deb soʻradi Iso.
35 Pilat dedi:
— Nima, men yahudiymidim?! Oʻz xalqing, bosh ruhoniylaring Seni menga topshirishdi. Sen nima ish qilib qoʻyding?
36 Iso javob berdi:
— Mening Shohligim bu dunyodan emas. Agar Shohligim bu dunyodan boʻlganda edi, yahudiylarning qoʻliga tushmasligim uchun Mening xizmatkorlarim kurashar edilar. Biroq Mening Shohligim bu yerdan emas.
37 — Demak, Sen Shoh ekansan–da?! — dedi Pilat.
— Shoh ekanimni oʻzingiz aytdingiz, — dedi Iso. — Men haqiqat toʻgʻrisida shohidlik qilmoq uchun tugʻilganman, ana shu maqsadda olamga keldim. Haqiqat tarafida boʻlgan har bir odam Menga quloq soladi.
38 — Haqiqat oʻzi nima? — deb soʻradi Pilat. Shunday dedi–yu, yana tashqariga, yahudiylarning oldiga chiqdi.
— Men Undan hech qanday ayb topmadim, — dedi ularga. 39 — Sizlarning bir odatingiz bor–ku, har Fisih bayramida sizlar uchun bir mahbusni ozod qilar edim. Shunga koʻra, sizlar uchun yahudiylarning Shohini ozod qilishimni istaysizlarmi?
40 — Uni emas, Barabbasni ozod qiling! — deb baqirdi ular.
Barabbas esa isyonda ishtirok etgandi.