21–BOB
Dovud xalqni roʻyxat qiladi
1 Shayton Isroilga qarshi qoʻzgʻalib, Dovudni Isroil xalqini sanab chiqishga undadi. 2 Dovud Yoʻabga va lashkarboshilarga shunday buyruq berdi:
— Boringlar, Bershebadan Dangacha boʻlgan joylarni kezib, Isroil xalqini sanab chiqinglar. Menga natijasini olib kelinglar, toki qancha aholi borligini men bilayin.
3 Lekin Yoʻab shunday dedi:
— Egam xalqning hozirgi sonini yuz karra koʻpaytirsin! Ey shoh hazratlari, bu xalqning hammasi sizning qullaringiz emasmi?! Nechun hazratim xalqni sanashga ehtiyoj sezib qoldilar?! Nechun Isroilga gunoh orttirmoqchilar?!
4 Lekin Yoʻab soʻzidan shohning soʻzi ustun keldi. Yoʻab borib, butun Isroil yurtini kezib chiqdi. Soʻngra Quddusga qaytib keldi. 5 Yoʻab roʻyxat natijasini Dovudga maʼlum qildi. Butun Isroilda jang qilishga qodir 1.100.000 odam, Yahudoda esa jang qilishga qodir 470.000 odam bor ekan. 6 Yoʻab Levi qabilasi bilan Benyamin qabilasini roʻyxatga kiritmagan edi, chunki shohning bu buyrugʻidan u tamom norozi edi.
7 Xalq roʻyxatga olingani Xudoga ham maʼqul kelmadi. U Isroil xalqini jazoladi. 8 Shunda Dovud:
— Bu ishni qilib ogʻir gunohga botdim, aqlsizlarcha ish tutdim. Oʻtinaman, bu qulingning gunohini kechir, — deb Xudoga iltijo qildi.
9 Dovudning xizmatida boʻlgan valiy Gadga Egamiz dedi:
10 — Borib Dovudga shu gaplarni yetkaz: “Egam shunday deb aytmoqda: Men senga uchta jazoni taklif qilaman, shulardan bittasini tanla, keyin senga oʻsha jazoni yuboraman.”
11 Gad Dovudning huzuriga borib, unga shunday dedi:
— Egamiz aytmoqda: “Oladigan jazoingni oʻzing tanla. 12 Uch yil ocharchilik boʻlsinmi? Yoki uch oy davomida dushmanlaring seni taʼqib qilib, qirsinmi? Yoki Egamning Oʻzi senga uch kun davomida qilichi bilan hujum qilib, Oʻz farishtasi orqali butun yurtni oʻlatga giriftor qilsinmi?” Meni Yuborganga nima deb javob berayin?
13 — Men juda ogʻir ahvolda qoldim–ku, — dedi Dovud Gadga. — Nima boʻlsa ham, odamzodning qoʻliga tushmayin. Mayli, Egamning Oʻzi meni jazolasin, chunki U gʻoyat rahmdil.
14 Shunday qilib, Egamiz Isroil yurtiga oʻlat yubordi. Natijada Isroil xalqidan 70.000 odam nobud boʻldi. 15 Xudo Quddusni vayron qilish uchun bir farishtani yubordi. Lekin farishta shaharni vayron qilmoqchi boʻlib turganda, Egamiz rahm qilib, balo–qazo joʻnatmaydigan boʻldi. Xalqni qirayotgan farishtaga:
— Boʻldi, bas! Yetadi! — deb amr berdi.
Egamizning farishtasi oʻsha paytda Quddusda — Yobus xalqidan boʻlgan Aravno ismli odamning xirmonida turgan edi.
16 Dovud qarasa, Egamizning farishtasi yer bilan osmon oʻrtasida, qoʻlidagi yalangʻochlangan qilichini Quddus tomonga choʻzib turgan ekan. Shunda qanor kiygan Dovud va oqsoqollar muk tushdilar.
17 — Xalqni sanashga amr bergan menman–ku, — deya yolvordi Xudoga Dovud. — Gunoh qilgan menman, men aybdorman! Qoʻyday beozor bu insonlar nima ayb qilibdi? Ey Egam Xudo, gʻazabingni menga va otam xonadoniga socha qol! Xalqingni esa oʻlatdan xalos et.
18 Shundan keyin Egamizning farishtasi Gadga buyurdi:
— Dovudga borib ayt: “Yobus xalqidan boʻlgan Aravnoning xirmoniga borib, oʻsha yerda Egamizga atab bir qurbongoh qur.”
19 Gad borib, Dovudga Egamizning buyrugʻini yetkazdi. Dovud uning aytganini qilib, xirmonga bordi. 20 Oʻsha payti Aravno bilan uning toʻrt oʻgʻli bugʻdoy yanchayotgan edilar. Birdaniga ular farishtani koʻrib qoldilar. Oʻgʻillarning toʻrtalasi ham qochib yashirinib oldilar. 21 Xuddi oʻsha zahoti Dovud ham xirmonga yaqinlashib qolgan edi. Aravno Dovudni koʻrishi bilanoq xirmondan chiqib, yerga muk tushib taʼzim qildi. 22 Dovud Aravnoga aytdi:
— Menga xirmoningni toʻliq narxiga sot, men Egamga atab qurbongoh qurmoqchiman, toki oʻlat xalqdan daf boʻlsin.
23 — Xirmonimni olavering, — deya javob berdi Aravno. — Shoh hazratlari nimani maʼqul koʻrsalar, shuni qilsinlar. Mana, kuydirib qurbonlik qilishlari uchun hoʻkizlarimni beraman, oʻtin uchun xoʻptirim bor, don nazri uchun bugʻdoyim ham tayyor. Hammasini olavering.
24 — Boʻlmaydi! — dedi shoh Dovud. — Sendan bu narsalarni toʻliq narxiga sotib olaman. Sening mulkingni Egamga bagʻishlamayman. Tekin tushgan qurbonliklarni Egamga kuydirib nazr qilmayman.
25 Dovud Aravnoga oʻsha yer uchun olti yuz oltin tanga berdi. 26 Dovud u yerda Egamizga atab qurbongoh qurib, kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini atadi. Soʻngra Egamizga iltijo qildi. Egamiz uning iltijosiga javob berib, qurbongoh ustiga osmondan olov tushirdi.
27 Shundan soʻng Egamiz farishtaga: “Qilichingni qiniga qaytarib solib qoʻy!” deb amr bergan edi, farishta itoat etdi. 28 Dovud qilgan iltijosiga Egamizdan javob olganini koʻrgach, Aravnoning xirmonida yana qurbonliklar keltirdi. 29 Muso sahroda yasagan Egamizning chodiri va qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh oʻsha paytda Givondagi sajdagohda joylashgan edi. 30 Ammo Dovud Xudoga iltijo qilgani u yerga bormagandi. Chunki u Egamizning farishtasi qilichidan qoʻrqqan edi.