1–BOB
Duoyi salom
1 Najotkorimiz Xudoning va biz umid bogʻlagan Iso Masihning amriga koʻra, Masihning havoriysi etib tayinlangan men — Pavlusdan 2 imondagi sodiq oʻgʻlim Timoʻtiyga salom! Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih senga inoyat, marhamat va tinchlik ato qilsin.
Soxta taʼlimotlardan ehtiyot boʻl
3 Men Makedoniyaga ketayotganimda, senga tayinlaganimday, Efes shahrida qol. U yerdagi baʼzi kishilar soxta taʼlimotni oʻrgatayotgan ekanlar. Ularning bu qilmishlariga barham ber. 4 Ularga, afsonalar va shajaralar xususidagi bemaʼni bahslar bilan band boʻlmanglar, deb buyur. Axir, bunday bahslar faqat janjallarga sabab boʻladi. Odamlar Xudoning najot rejasini anglashlariga bular yordam bermaydi. Zero, inson Xudoning najotini imon orqaligina anglab oladi. 5 Men bu nasihatim bilan sizlarda mehr–muhabbat uygʻotmoqchiman. Mehr–muhabbat sof yurakdan, toza vijdondan, xolis imondan hosil boʻladi. 6 Orangizdagi baʼzi odamlar esa bulardan yuz oʻgirib, ahmoqona bahslarga berilib ketganlar. 7 Ular odamlarga Xudoning qonunini oʻrgatishni orzu qiladilar, qonunga tishi oʻtmasa–da, u haqda soʻzlab, ishonch bilan gapiradilar.
8 Biz bilamizki, qonundan Xudo koʻzlaganday foydalanilsa qonun yaxshidir! 9 Xudoning qonuni solihlar uchun emas, balki qonunsizu itoatsizlar uchun berilgani hammamizga maʼlum. Darhaqiqat, qonun betavfiqu gunohkorlar, diyonatsizu xudobezorilar, ota yoki onasini oʻldirganlar, qotillar, 10 fahshbozlar, bachchabozlar, odam savdosi bilan shugʻullanuvchilar, yolgʻonchilaru soxta guvohlik beruvchilar, xullas, sogʻlom taʼlimotga zid ish qilayotganlarning hammasi uchun berilgan. 11 Xudo menga ishonib topshirgan bu haqiqat Xushxabarda bayon qilingan. Muborak Xudoning ulugʻvorligi Xushxabarda ayon etilgan.
Pavlus Xudoga shukrona aytadi
12 Ishimni bajarishda menga kuch–quvvat bergan Rabbimiz Iso Masihga shukurlar aytaman. U meni ishonchli deb bilib, Oʻz xizmatiga olgani uchun gʻoyatda minnatdorman. 13 Men ilgarilari Masihga qarshi chiqar edim, Uning izdoshlarini taʼqib etib, ularga jabr–zulm qilardim. Biroq, shularga qaramay, Xudo menga rahm qildi, axir, men Masihga ishonmaganim uchun nima qilayotganimni oʻzim ham bilmasdim. 14 Rabbimiz Iso Masih menga cheksiz inoyat koʻrsatdi. Uning Oʻzi menga imon ato qilib, mehru oqibatni oʻrgatdi. 15 “Iso Masih gunohkorlarni qutqarish uchun dunyoga keldi” degan gap toʻgʻri va asoslidir, har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. Men oʻzim oʻsha gunohkorlarning eng ashaddiysi edim! 16 Ammo Iso Masih menga rahm qildi. Menga oʻxshagan oʻtaketgan gunohkorlarga nisbatan U nihoyatda sabrli ekanini koʻrsatdi, toki boshqalar ham mendan ibrat olib, Unga ishonsinlar, abadiy hayotga ega boʻlsinlar. 17 Mangu Shohga hamdu sanolar boʻlsin! Oʻlmas, koʻrinmas, yagona Xudoga abadulabad shon–sharaflar boʻlsin! Omin.
18 Ey oʻgʻlim Timoʻtiy, sen haqingda ilgari aytilgan bashoratlarga binoan senga buyuraman: oʻsha bashoratlarga tayanib, ulugʻ kurashda jang qilgin. 19 Imoningni mahkam tut, vijdonli boʻl. Baʼzi odamlar vijdonini sotdilar, ularning imoni halokatga uchragan kemaday barbod boʻldi. 20 Xumanayos va Iskandar shular jumlasidandir. Men ularni shaytonga topshirdim . Bu ularga saboq boʻlib, ular Xudoga va Uning azizlariga qarshi chiqishni bas qiladilar.