26–BOB
Pavlus shoh Agrippa oldida oʻzini oqlaydi
1 Agrippa Pavlusga:
— Oʻzingni himoya qilib gapirishing mumkin, — dedi. Shundan keyin Pavlus qoʻlini choʻzib, oʻzini himoya qilib gapira boshladi: 2 “Shoh Agrippa janobi oliylari! Bugun mana bu yahudiylar menga qoʻyayotgan ayblardan oʻzimni sizning huzuringizda himoya qilayotganim uchun baxtiyorman. 3 Axir, yahudiylarning odatlari va bahslarini siz juda yaxshi bilasiz. Sizdan iltimos, marhamat qilib mening gapimni eshitsangiz.
4 Yoshligimdan bosib oʻtgan hayot yoʻlimni — Quddusda, oʻz xalqim orasida kechirgan hayotimni hamma yahudiylar biladilar. 5 Agar ular guvohlik berishni istasalar, dinimizning eng ashaddiy mazhabi farziylarga mansub boʻlganimni ular azaldan biladilar. 6 Endi esa, Xudoning ota–bobolarimizga bergan vaʼdasiga umid qilganim uchun hukm qilinyapman. 7 Vaholanki, xalqimizning oʻn ikki qabilasi kechayu kunduz Xudoga chin dildan sajda qilib, shu vaʼda bajo boʻlishiga umid qilyaptilar. Janobi oliylari, men ham aynan shunday umid qilganim uchun yahudiylar meni ayblayaptilar. 8 Ey shu yerda turganlar! Nima uchun Xudo oʻliklarni tiriltirishiga ishonib boʻlmaydi, deb oʻylaysizlar?
9 Men oʻzimcha, Nosiralik Isoning nomiga qarshi har narsani qilishim kerak, deb oʻylagandim. 10 Men buni Quddusda qildim ham. Bosh ruhoniylardan vakolat olib, Xudoning azizlaridan koʻpchiligini qamoqqa tashladim. Ular oʻlimga hukm qilinganlarida, men buni maʼqullab turardim. 11 Men tez–tez bir sinagogadan ikkinchisiga borib, ularni jazolardim, imonlaridan qaytarishga harakat qilardim. Men ularga nisbatan shunchalik shafqatsiz edimki, hatto begona shaharlarda ham ularni quvgʻin qilgani borardim.
12 Bir kuni shu maqsadda bosh ruhoniylardan vakolat olib, Damashqqa bir topshiriq bilan ketayotgan edim. 13 Janobi oliylari! Men kuppa–kunduzi yoʻlda ketayotganimda, birdan osmonda quyoshdan ham yorugʻ nurni koʻrdim. Nur sheriklarim bilan mening yon–atrofimni yoritib yubordi. 14 Hammamiz yerga yiqildik. Shunda oramiy tilida menga gapirayotgan bir ovozni eshitdim:
— Shoul! Shoul! Nimaga Meni quvgʻin qilyapsan? Hoʻkiz oʻz egasining tayogʻini tepib, oʻziga zarar keltirganday, sen ham Menga qarshi chiqib, oʻzingga zarar keltiryapsan.
15 — Hazratim! Siz kimsiz? — deb soʻradim men.
— Sen quvgʻin qilayotgan Isoman, — deb javob berdi Rabbiy. 16 — Endi oʻrningdan tur, Shoul. Seni Oʻz xizmatkorim qilib tayinlash maqsadida senga zohir boʻldim. Sen Meni koʻrganingni boshqalarga aytasan, senga koʻrsatadiganlarim toʻgʻrisida guvohlik berasan. 17 Men seni oʻz xalqing qoʻlidan qutqaraman. Seni gʻayriyahudiylar orasiga yuborib, ularning qoʻlidan ham xalos etaman. 18 Sen gʻayriyahudiylarning koʻzlarini ochasan, ularni zulmatdan yorugʻlikka, shaytonning hukmronligidan Xudoning hukmronligiga qaytarasan. Menga imon keltirish orqali ularning gunohlari kechirilib, ular Xudoning tanlangan xalqi orasidan joy oladilar.
19 Shunday qilib, shoh Agrippa janoblari, samodan menga kelgan vahiyga itoatsizlik qilmadim. 20 Avvalo, Damashqda va Quddusda, keyin butun Yahudiyada, shuningdek, gʻayriyahudiylar orasida: «Gunohlaringiz uchun tavba qilinglar, Xudoga yuz buringlar, tavba qilganingizni koʻrsatadigan ishlar qilinglar», deb vaʼz qildim. 21 Shu sababdan yahudiylar meni Maʼbadda tutib olib, oʻldirmoqchi boʻldilar. 22 Ammo shu kungacha Xudo menga madad berdi. Men hammaga — kattayu kichikka birday guvohlik berib keldim. Men ularga faqat paygʻambarlarning va Musoning aytganlarini gapirgan edim. 23 Masih Oʻz xalqiga va gʻayriyahudiylarga nur olib kelish uchun azob chekishi va birinchi boʻlib oʻlikdan tirilishi kerak, deb aytdim, xolos.”
24 Pavlus shu tariqa oʻzini himoya qilar ekan, Festus unga baqirib dedi:
— Sen telba boʻlib qolibsan, Pavlus! Koʻp bilganing seni aqldan ozdiryapti!
25 Pavlus esa shunday dedi:
— Men aqldan ozganim yoʻq, Festus janobi oliylari! Men jiddiy haqiqatni gapiryapman. 26 Shoh bu narsalar toʻgʻrisida bilgani uchun, men unga bemalol gapirmoqdaman. Bu narsalarning har biri uning eʼtiboridan chetda qolmaganiga imonim komil. Chunki bular yashirin qilingan emas. 27 Shoh Agrippa janoblari! Siz paygʻambarlarning bashoratlariga ishonasizmi? Bilaman, ishonasiz.
28 Agrippa Pavlusga:
— Sen darrov meni masihiy boʻlishga koʻndirmoqchisan–a, — dedi. 29 Pavlus shunday javob berdi:
— Darrov boʻladimi yoki uzoq vaqtdan keyin boʻladimi, nafaqat siz, balki mening gaplarimni eshitayotganlarning hammasi men singari boʻlsin deb, Xudoga ibodat qilaman. Ammo mana bu kishanlarni sizlarga ravo koʻrmayman.
30 Shundan keyin shoh Agrippa, hokim Festus, Vernika va boshqalar oʻrinlaridan turdilar. 31 Ular ketayotib, bir–birlariga: “Bu odam oʻlimga yoki zindonga tashlanishga loyiq biron ish qilmagan”, deb aytdilar. 32 Agrippa Festusga:
— Agar bu odam Qaysarning hukmini talab qilmaganda edi, uni ozod qilish mumkin edi, — dedi .