26–BOB
Dovud yana Shoulning jonini saqlab qoladi
1 Zifliklar Givoga — Shoulning huzuriga kelib: “Dovud Yishmon chetidagi Xaxilo tepaligida yashirinib yuribdi”, deb xabar yetkazishdi. 2 Shoul uch mingta saralangan Isroil sipohi bilan Dovudni qidirib Zif dasht–biyoboniga bordi. 3 U Xaxilo tepaligidagi yoʻl boʻyida qarorgoh qurdi, bu tepalik Yishmon sahrosining chetida edi. Dovud hali ham sahroda yashirinib yurardi. Oʻz orqasidan Shoulning tushganini bilib, Dovud 4 aygʻoqchilar joʻnatdi. Shu tariqa Shoulning shu yerga kelganini aniq bilib oldi.
5 Dovud Shoulning qarorgohi tomon yaqin borib, Shoul bilan lashkarboshi Abnurning uxlayotgan joyini koʻrdi. Shoul qarorgohning oʻrtasida, sipohlar esa uning atrofida yotgan edilar. 6 Shu payt Dovud Oximalek bilan Abushaydan:
— Kim men bilan qarorgohga — Shoulning yoniga kiradi? — deb soʻradi. Oximalek Xet xalqidan edi. Abushay Zeruyaning oʻgʻli boʻlib, Yoʻabning akasi edi.
— Men siz bilan boraman, — dedi Abushay.
7 Dovud bilan Abushay oʻsha kun kechasi qarorgohga kirishdi. Shoul nayzasini bosh tomoniga yerga sanchib qoʻyib, qarorgohning oʻrtasida uxlab yotardi. Abnur bilan sipohlar uning atrofida uxlashardi.
8 — Bugun Xudo gʻanimingizni sizning qoʻlingizga berdi, — dedi Abushay Dovudga. — Endi ijozat bering, uni nayza bilan bir urib yerga mixlab qoʻyayin. Ikkinchi marta urishimga hojat qolmaydi.
9 — Yoʻq, uni oʻldirmaysan, — dedi Dovud, — Egamiz moy surtib tanlagan shohga qoʻl koʻtarganni sira oqlab boʻlmaydi. 10 Xudo shohid! Shoulni yo Xudo uradi, yo uning kuni bitib olamdan oʻtadi, yoki jangda halok boʻladi. 11 Ammo Egamiz moy surtib tanlagan shohga qoʻl koʻtarishdan meni Xudoning Oʻzi saqlasin. Mayli, Shoulning bosh tomonidagi nayza bilan suvdonini olib ketamiz.
12 Dovud Shoulning bosh tomonidagi nayzasi va suvdonini oldi. Keyin u yerdan qaytishdi. Ularni hech kim koʻrmadi, biror kimsa boʻlib oʻtgan voqeani bilmay qoldi, hech kim uygʻonmadi ham. Hamma uxlab yotardi, zotan, Egamiz ularni qattiq uxlatib qoʻygan edi. 13 Dovud narigi tomonga oʻtib, uzoqroqdagi tepalikning ustiga chiqdi, Shoulning sipohlari bilan uning orasida anchagina masofa bor edi. 14 Oʻsha yerdan Abnurni va odamlarini chaqirib:
— Ey Abnur, menga javob ber–chi! — dedi.
— Sen kimsan, nega baqirib shohimizni bezovta qilyapsan? — soʻradi Abnur.
15 — Sen katta odamsan, Abnur, toʻgʻrimi gapim? — dedi Dovud. — Butun Isroilda senga teng keladigani yoʻq. Shoh hazratlarini bittasi oʻldirmoqchi boʻlib, qarorgohga kirdi, nega shohni muhofaza etmading? 16 Bu qilgan ishing yomon. Xudo haqi, oʻzing ham, odamlaring ham oʻlimga loyiqsizlar, chunki janobi oliylarini — Egamiz moy surtib tanlagan shohni muhofaza etmadingizlar. Qarab koʻr–chi, shohning bosh tomonidagi nayzasi bilan suvdoni qayerda ekan?
17 Shoul Dovudning ovozini tanidi:
— Bu sening ovozingmi, Dovud oʻgʻlim? — deb soʻradi.
— Ha, shoh hazratlari, menman, — javob berdi Dovud. 18 — Janobi oliylari! Men, qulingizni nega taʼqib qilaverasiz? Men nima qildim? Gunohim nima? 19 Shoh hazratlari! Marhamat qilib men, qulingizning soʻzlariga quloq soling. Agar sizni menga qarshi qoʻzgʻatgan Egamiz boʻlsa, nazr atang, U tinchlansin. Agar bu ishni insonlar qilgan boʻlsa, Egamiz oldida laʼnati boʻlsinlar. Chunki ular Egamizning yeridan meni haydab: “Bor, begona xudolarga xizmat qil ”, deyayotganday boʻlyapti. 20 Ishqilib, qonim Egamizning huzuridan uzoq yerlarga toʻkilmasin. Nima uchun, ey shohim, burgaday arzimas bir insonni ovlashga chiqdingiz?! Nechun, togʻlardagi kaklikni ovlaganday, meni ovlab yuribsiz?!
21 — Gunoh qildim, Dovud oʻgʻlim, beri kel, — dedi Shoul. — Bugun mening hayotim sen uchun qadrli ekanini bildim. Endi senga sira yomonlik qilmayman. Haqiqatan ham, nodonlik qildim, qattiq yanglishdim.
22 — Mana shohimizning nayzasi, yigitlaringizdan biri kelib olsin, — dedi Dovud, 23 — Egamiz har bir odamning toʻgʻriligiga va sadoqatiga yarasha mukofot beradi. Bugun Egamiz sizni qoʻlimga bergan boʻlsa–da, men Egamizning moy surtib tanlaganiga qoʻl koʻtarishni istamadim. 24 Bugun sizning hayotingizni saqlaganimday, Egamiz mening hayotimni ham shunday saqlasin. U meni har qanday balolardan asrasin.
25 — Dovud oʻgʻlim, Xudo seni yorlaqasin, sen albatta buyuk ishlar qilasan, ulugʻ zafarlarga erishasan, — dedi Shoul. Shundan keyin Dovud oʻz yoʻliga ketdi, Shoul esa uyiga qaytdi.