29–BOB
Yahudo shohi Hizqiyo
1 Hizqiyo yigirma besh yoshida shoh boʻldi. U Quddusda yigirma toʻqqiz yil shohlik qildi. Onasining ismi Abiyo boʻlib, Zakariyoning qizi edi. 2 Hizqiyo, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi.
Maʼbad poklanadi
3 Hizqiyo oʻz hukmronligining birinchi yili birinchi oyida Egamizning uyi eshiklarini qaytadan ochdi , ularni tuzattirdi. 4 Soʻng ruhoniylarni va levilarni chaqirtirib, ularni Maʼbadning sharqiy hovlisiga toʻpladi. 5 Hizqiyo ularga dedi:
— Gapimni eshitinglar, ey levilar! Oʻzlaringizni poklanglar, ota–bobolaringiz Xudosi — Egamizning uyini ham poklanglar! Bu muqaddas joydan harom narsalarni chiqarib tashlanglar! 6 Bizning ota–bobolarimiz bevafo edilar. Ular Egamiz Xudo oldida yomon ishlar qilib, Uni tark etdilar. Egamizning makonidan yuzlarini oʻgirib, Unga orqalarini burdilar. 7 Maʼbad eshiklarini yopib tashladilar, chiroqlarni oʻchirib qoʻydilar. Isroil xalqining Xudosiga atab, muqaddas maskanda tutatqi tutatilmaydigan, qurbonliklar kuydirilmaydigan boʻldi. 8 Shuning uchun Yahudo va Quddusga Egamiz Oʻz qahrini sochdi. Ularning ahvolidan hamma yoqasini ushlab, dahshatu vahimaga tushdi. Siz oʻzingiz ham bundan xabardorsiz. 9 Shuning uchun otalarimiz jangda halok boʻldi, xotinu oʻgʻil–qizlarimiz asirlikka olib ketildi. 10 Egamiz bizdan Oʻz qahrini qaytarsin deb, men Isroil xalqining Xudosi — Egamiz bilan ahd qilishga qaror etdim. 11 Oʻgʻillarim! Endi eʼtiborsiz boʻlmanglar, chunki Egamiz sizlarni Uning huzurida xizmat qilishingiz uchun va qurbonliklar kuydirishingiz uchun tanlab olgan.
12 Levilardan quyidagilar shu yerda edilar:

Qohot naslidan — Emosay oʻgʻli Maxat, Ozariyo oʻgʻli Yoʻel,
Marori naslidan — Abdi oʻgʻli Kish va Yoxalil oʻgʻli Ozariyo,
Gershon naslidan — Zimmo oʻgʻli Yoʻx, Yoʻx oʻgʻli Eden,
13 Elizofon naslidan — Shimri, Yoval,
Osif naslidan — Zakariyo, Mattaniyo,
14 Xaman naslidan — Yoxiyol, Shimax,
Yodutun naslidan — Shamayo va Uziyol.

15 Ruhoniylar bilan levilar qolgan levi birodarlarini toʻplab, hammasi oʻzlarini pokladilar. Soʻng shohning farmoni boʻyicha, Egamizning qonun–qoidalariga rioya qilgan holda, Egamizning uyini poklay boshladilar . 16-17 Ular birinchi oyning birinchi kunida ishga kirishib, sakkiz kun davomida Egamiz uyining hovlilarini pokladilar. Keyingi sakkiz kun davomida uyning oʻzini pokladilar. Ruhoniylar Egamizning uyiga kirib, Maʼbaddagi hamma harom–xarish narsalarni Egamiz uyining hovlisiga olib chiqdilar. Levilar esa bu narsalarni shahar tashqarisiga, Qidron soyligiga olib borib tashladilar. Birinchi oyning oʻn oltinchi kuniga kelib, hamma ishlarini tugatdilar.
18 Soʻngra ular shoh Hizqiyo huzuriga borib, shunday dedilar:
— Biz Egamizning butun uyini, qurbonlik kuydiriladigan qurbongohni va qurbongohning hamma ashyolarini, muqaddas nonlar qoʻyiladigan xontaxtani va xontaxtaning hamma ashyolarini pokladik. 19 Shoh Oxoz oʻz bevafoligi dastidan chiqarib tashlagan hamma ashyolarni biz olib kelib, pokladik. Mana, ularning hammasi Egamizning qurbongohi oldida turibdi.
Maʼbadda xizmat tiklanadi
20 Shoh Hizqiyo ertasi kuni saharda shahar aʼyonlarini toʻplab, hammalarini Egamizning uyiga boshlab bordi. 21 Ular shoh xonadonining va Yahudo xalqining gunohini yuvish uchun hamda Maʼbadni poklash uchun gunoh qurbonligi qilib yettita buqa, yettita qoʻchqor, yettita qoʻchqor qoʻzi va yettita takani olib keldilar. Horun naslidan boʻlgan ruhoniylarga shoh: “Bularni Egamizning qurbongohida nazr qilinglar!” deb buyurdi. 22 Ruhoniylar buqalarni soʻyib, qonini qurbongohga sepdilar. Keyin qoʻchqorlarni soʻyib, qonini qurbongohga sepdilar. Qoʻzilarni ham soʻyib, qonini qurbongohga sepdilar. 23 Soʻngra gunoh qurbonligi qilinadigan takalarni shoh va jamoa oldiga olib keldilar. Ular qoʻllarini takalar ustiga qoʻydilar. 24 Ruhoniylar takalarni soʻydilar, butun xalqni gunohlaridan poklash uchun qonni qurbongohga sepdilar. Negaki, shoh: “Kuydiriladigan qurbonliklar va gunoh qurbonliklari jamiki Isroil uchun qilinsin”, deb farmon bergan edi.
25 Hizqiyo shoh Dovudning koʻrsatmalariga rioya qilib, levilarni Egamizning uyiga joylashtirdi, ularga zil, arfa va liralarni berdi. Bu koʻrsatmalarni Dovudga Egamiz Oʻz paygʻambarlari Gad va Natan orqali bergan edi. Gad shoh Dovudning xizmatidagi valiy edi. 26 Levilar Dovudning cholgʻu asboblarini olib, ruhoniylar karnaylarini olib, oʻz joylarini egalladilar. 27 Shundan keyin Hizqiyo: “Qurbongohda qurbonliklar kuydirilsin!” deb buyurdi. Qurbonliklar kuydirila boshlangan zahoti qoʻshiqchilar Dovudning cholgʻu asboblari va karnaylar joʻrligida Egamizga hamdu sanolar aytishni boshladilar. 28 Qurbonliklar kuydirilib boʻlguncha, butun jamoa sajda qilib, qoʻshiqchilar qoʻshiq aytib, karnaychilar karnay chalib turdilar. 29 Qurbonlik tugagach, shoh Hizqiyo va butun xalq tiz choʻkib, Xudoga sajda qildi. 30 Shoh Hizqiyo bilan aʼyonlar levilarga: “Dovud va valiy Osif yozgan sanolarni aytib, Egamizni madh qilinglar!” deb buyurdilar. Levilar sevinch ila sano kuylab, tiz choʻkib sajda qildilar.
31 Keyin Hizqiyo xalqqa dedi:
— Mana, sizlar oʻzingizni Egamizga bagʻishladingizlar. Endi atagan qurbonligu shukrona nazrlaringizni Egamizning uyiga olib kelinglar.
Jamoa qurbonliklar va shukrona nazrlarini keltirdi. Baʼzilari esa koʻngildan chiqarib kuydiriladigan qurbonlik uchun hayvonlarni ham olib keldilar. 32 Kuydiriladigan qurbonlik uchun 70 ta buqa, 100 ta qoʻchqor va 200 ta qoʻzi keltirildi. 33 Bulardan tashqari, jamoa 600 ta buqa va 3000 ta qoʻyni qurbonlik qilish uchun olib keldi. 34 Ammo ruhoniylar ozchilik boʻlganlari uchun kuydiriladigan hayvonlarning terisini shilishga ulgura olmayotgan edilar. Shu sababdan ularning qarindoshlari levilar to ish tugaguncha va boshqa ruhoniylar oʻzlarini poklaguncha ularga qarashib turdilar. Levilar, ruhoniylarga qaraganda, oʻzlarini poklash masalasiga jiddiyroq yondashgan edilar. 35 Kuydiriladigan qurbonliklarning miqdori nihoyatda koʻp edi. Bulardan tashqari, tinchlik qurbonliklarining yogʻlari va kuydiriladigan qurbonliklar bilan birga keltiriladigan sharob nazri ham gʻoyatda moʻl edi. Shu yoʻsinda, Egamiz uyidagi xizmat qayta tiklandi. 36 Xudoning Oʻz xalqiga qilgan bu ishidan Hizqiyo va butun jamoa sevindi. Bularning hammasi qisqa vaqtda sodir boʻlgan edi.