9–BOB
Shoul imonga keladi
1 Shu orada Shoul Rabbimiz Isoning shogirdlariga qarshi qattiq oʻlim xavfini solib yurardi. U oliy ruhoniyning huzuriga borib, 2 Damashqdagi sinagogalarga xat yozib berishini soʻradi. U yerda erkak boʻladimi yoki ayolmi — Isoning yoʻlidan yuruvchilarni topib olsa, ularni bogʻlab Quddusga olib kelishga ijozat soʻragan edi. 3 Shoul Damashqqa yaqinlashib qolganda, birdan osmondan tushgan bir nur uning yon–atrofini yoritib yubordi. 4 Shoul yerga yiqilib, shunday bir ovozni eshitdi:
— Shoul, Shoul! Nega Meni quvgʻin qilyapsan?
5 — Yo Hazratim! Siz kimsiz? — deb soʻradi Shoul.
— Sen quvgʻin qilayotgan Isoman, — degan javob keldi . 6 — Endi oʻrningdan tur, shaharga kir. Nima qilishing kerakligi senga oʻsha yerda aytiladi.
7 Shoulga hamroh boʻlganlarning tillariga bir soʻz kelmay, toʻxtab qolgan edilar. Ular ovozni eshitardilar–u, ammo hech kimni koʻrmasdilar. 8 Shoul yerdan turdi, koʻzlarini ochdi, ammo hech narsani koʻra olmadi. Ular Shoulni qoʻlidan ushlab, Damashq shahriga olib bordilar. 9 Uch kungacha Shoulning koʻzi koʻrmadi, shu kunlar davomida u na yedi, na ichdi.
10 Damashqda Isoning Xanoniyo degan shogirdi bor edi. Rabbimiz Iso vahiyda unga zohir boʻlib: “Xanoniyo!” deb chaqirdi. “Labbay, Rabbim!” deb javob berdi u. 11 Rabbimiz Iso Xanoniyoga dedi:
— Oʻrningdan tur, Toʻgʻri deb ataluvchi koʻchaga bor. Yahudoning uyidan Tarsuslik Shoul degan odamni soʻra. Hozir u ibodat qilyapti. 12 Unga vahiy kelgan. Vahiyda u Xanoniyo degan odamning kelishini koʻrgan. Uning koʻzlari ochilishi uchun sen unga qoʻllaringni qoʻyasan.
13 Xanoniyo esa shunday javob berdi:
— Yo Rabbim, men u odam haqida koʻpchilikdan eshitgan edim. U Quddusdagi Sening azizlaringga koʻp yomonlik qilgan ekan. 14 Bu yerda ham u Sening nomingni tiliga oladiganlarni qamash uchun bosh ruhoniylardan vakolat olibdi.
15 Rabbimiz Iso esa unga shunday dedi:
— Boraver, u Mening tanlangan qurolimdir. U gʻayriyahudiylar orasida, shohlar va Isroil xalqi orasida nomimni mashhur qiladi. 16 U Mening nomim haqi qanchalar azob chekishi kerakligini uning oʻziga koʻrsataman.
17 Shunday qilib, Xanoniyo borib, oʻsha uyga kirdi. U Shoulga qoʻlini qoʻyib, shunday dedi:
— Birodarim Shoul! Yoʻlingda senga zohir boʻlgan Rabbimiz Iso meni bu yerga yubordi, toki sening koʻzlaring ochilsin, Muqaddas Ruhga toʻlgin.
18 Shu zahoti baliq tangachalariga oʻxshash narsa Shoulning koʻzlaridan tushdi. U yana koʻra boshladi. U oʻrnidan turib, suvga choʻmdirildi. 19 Ovqat yeb, quvvatga kirdi.
Shoul Damashqda vaʼz qiladi
Shoul bir necha kun Damashqdagi imonlilar bilan birga boʻldi. 20 U toʻgʻri sinagogaga borib: “Iso Xudoning Oʻgʻlidir ”, deb vaʼz qila boshladi. 21 Uning vaʼzini eshitganlarning hammasi hayron boʻlib, shunday deyishardi: “Quddusda Isoning nomini tilga olganlarga qirgʻin keltirgan odam shu emasmi? Uning bu yerga kelishdan maqsadi — odamlarni bosh ruhoniylar oldiga bogʻlab olib borish emasmikan?” 22 Ammo Shoulning vaʼzi tobora kuchli boʻlib boraverdi. U Isoning Masih ekanini isbot etib, Damashqda yashaydigan yahudiylarni esankiratib qoʻydi.
23 Bir qancha vaqt oʻtgandan keyin, yahudiylar Shoulni oʻldirish uchun reja tuzdilar. 24 Shoul esa ularning rejasidan xabar topdi. Uni oʻldirish uchun shahar darvozalarini kechayu kunduz qoʻriqlardilar. 25 Ammo Shoulning shogirdlari uni kechasi savatga solib, shahar devoridagi derazadan tushirib yubordilar.
Shoul Quddusda
26 Shoul Quddusga borgandan keyin, Isoning u yerdagi shogirdlariga qoʻshilishga harakat qildi. Ammo shogirdlarning hammasi undan qoʻrqishardi. Shoul ham Isoning shogirdi boʻlganiga ular ishonmadilar. 27 Shunda Barnabo Shoulni havoriylarning oldiga olib bordi. Shoul yoʻlda qanday qilib Rabbimiz Isoni koʻrganini, Shoulga U qanday gapirganini, Shoul Damashqda qoʻrqmasdan Iso nomi bilan qanday vaʼz qilganini havoriylarga hikoya qilib berdi. 28 Shunday qilib, Shoul ular bilan qoldi va butun Quddus boʻylab qoʻrqmasdan Rabbimiz nomi bilan vaʼz qilib yurdi. 29 Shoul yunonzabon yahudiylar bilan ham suhbatlashib, ular bilan munozara qildi. Ammo ular Shoulni oʻldirmoqchi boʻldilar. 30 Imonlilar bu toʻgʻrida xabar topib, Shoulni Qaysariyagacha olib keldilar, keyin uni Tarsus shahriga joʻnatdilar.
31 Butun Yahudiya, Jalila va Samariyadagi imonlilar jamoati tinchlikka erishib, kuchayib boraverdi. Jamoat Egamizdan qoʻrqib va Muqaddas Ruhdan madad olib, koʻpayib boraverdi.
Butrus Loʻd va Yaffada
32 Butrus hamma yoqni aylanib, imonlilarni koʻrgani borardi. Bir safar u Loʻd shahrida yashaydigan Xudoning azizlari huzuriga tashrif buyurdi. 33 U yerda Butrus Yeney degan odam bilan uchrashib qoldi. Yeney shol boʻlib, sakkiz yildan beri toʻshakdan tura olmas edi. 34 Butrus unga:
— Yeney, Iso Masih senga shifo beryapti: oʻrningdan tur, toʻshagingni yigʻib qoʻy! — dedi. Yeney shu zahoti oʻrnidan turib ketdi. 35 Butun Loʻd shahri va Sharon tekisligining ahli Yeneyni koʻrib, Rabbimiz Isoga yuz burdi.
36 Yaffa shahrida Isoning bir shogirdi bor edi. U ayolning ismi Tavita boʻlib, yunonchada Doʻrkas edi. U koʻp xayrli ishlar qilardi, muhtojlarga yordam berardi. 37 Oʻsha paytda u kasal boʻlib, vafot etdi. Uning jasadini yuvib, boloxonaga qoʻydilar. 38 Loʻd shahri Yaffa shahriga yaqin edi. Shogirdlar Butrus u yerda ekanini eshitdilar va uning oldiga ikki kishini yuborib: “Iltimos, hayallamay biz tomonga keling”, deb xabar yubordilar. 39 Butrus oʻrnidan turdi–yu, ular bilan ketdi. Butrus yetib kelgach, uni boloxonaga olib chiqdilar. Hamma bevalar Butrusning yonida yigʻlab turganlaricha, kamzullar va boshqa kiyimlarni koʻrsatib: “Tavita tirikligida bularni tikkan edi”, derdilar. 40 Butrus ularni tashqariga chiqarib yubordi. Shundan keyin u tiz choʻkib, ibodat qildi–da, jasadga oʻgirilib: “Tavita, tur oʻrningdan!” dedi. Shunda Tavita koʻzlarini ochdi, Butrusni koʻrib, qaddini rostlab oʻtirdi. 41 Butrus qoʻlini Tavitaga uzatib, oʻrnidan turishiga yordamlashdi. Keyin Xudoning azizlarini va bevalarni chaqirib, tirilgan ayolni koʻrsatdi. 42 Bu voqea butun Yaffaga maʼlum boʻldi va koʻpchilik Rabbimiz Isoga imon keltirdi. 43 Butrus ancha vaqt Yaffa shahrida Shimoʻn degan bir koʻnchining uyida turdi.