6–BOB
Ahd sandigʻi Isroilga qaytib keladi
1 Egamizning Sandigʻi Filistlar hududida yetti oy qolib ketdi. 2 Filistlar oʻzlarining ruhoniylari va folbinlarini chaqirib:
— Isroil Xudosining Sandigʻini nima qilamiz, uni oʻz yeriga qanday qaytaramiz? Bizga oʻrgating, — deyishdi. 3 Ruhoniylar bilan folbinlar shunday javob berdilar:
— Sandiqni orqaga qaytaradigan boʻlsangizlar, boʻsh qaytarmanglar. Isroil xalqining Xudosiga albatta aybingizni yuvadigan nazr atanglar. Oʻshanda shifo topib, Xudo nima uchun sizlarni jazolayotganini bilib olasizlar.
4 — Aybimizni yuvish uchun Unga nimani nazr qilamiz? — deb soʻrashdi Filistlar. Ruhoniylar va folbinlar shunday javob berishdi:
— Aybingizni yuvadigan nazr, Filist beklarining miqdoricha — oltindan qilingan beshta chipqon va beshta sichqon boʻlsin. Chunki balo–qazo sizlarning hammangiz uchun ham, beklaringiz uchun ham baravardir. 5 Shuning uchun chipqonlarning va mamlakatga qirgʻin keltirgan sichqonlarning haykalchalarini yasang, shu tariqa Isroil xalqining Xudosini sharaflang. Balki ana shunda oʻzlaringizga, xudolaringizga va yurtingizga kelgan balo–qazoni U yengillatar. 6 Nimaga Misrliklarga va firʼavnga oʻxshab oʻjarlik qilasizlar? Esingizda yoʻqmi, Isroil xalqining Xudosi Misrliklarni rosa ezgandan keyingina, ular Isroil xalqini oʻz yoʻliga qoʻyib yubordilar–ku! 7 Endi bitta yangi arava bilan hali hech boʻyinturuq solinmagan ikkita sogʻin sigir hozirlanglar. Sigirlarni aravaga qoʻshinglar, buzoqlarini esa sigirlardan ayirib, ogʻilxonaga olib boringlar. 8 Sandiqni aravaga yuklanglar, ayblaringizni yuvadigan nazrlarni — Isroil xalqining Xudosiga atab yasalgan oltin haykalchalarni bir qutiga joylashtiringlar. Oʻsha qutini Sandiqning yoniga qoʻyinglar. Keyin aravani qoʻyib yuboringlar, oʻz yoʻliga ketsin. 9 Aravaning orqasidan kuzatib boringlar. Agar sigirlar bizning yurtimiz chegarasidan oʻtib, Bayt–Shamash shahriga boradigan yoʻldan ketsa, demak, boshimizga bunday katta kulfatni solgan Isroil xalqining Xudosidir. Agarda shunday boʻlmasa, bu kulfat bizga Undan kelmaganini, balki bir tasodif boʻlganini bilib olamiz.
10 Odamlar aytilganday qilishdi. Ikki sogʻin sigir keltirib, aravaga qoʻshishdi, buzoqlarni esa ogʻilxonaga qamab qoʻyishdi. 11 Egamizning Sandigʻini, shuningdek, ichiga oltin sichqonlar va chipqonlarning haykalchalari solingan qutini aravaga yuklashdi. 12 Sigirlar toʻppa–toʻgʻri Bayt–Shamash yoʻlidan ketdi. Oʻngga ham, chapga ham burilmay, boʻkirganicha, katta yoʻl boʻylab ilgarilab ketaverdi. Filist beklari aravani Bayt–Shamash chegarasigacha kuzatib borishdi.
13 Oʻsha paytda Bayt–Shamash aholisi vodiyda bugʻdoy oʻrayotgan edi . Ular Sandiqni koʻrib, sevinib ketishdi. 14-15 Arava Bayt–Shamashlik Yoshuaning dalasiga yetib kelib, toʻxtab qoldi. Oʻsha yerda katta bir tosh bor edi. Levilar Egamizning Sandigʻini va yonidagi oltin haykalchalar joylangan qutini aravadan tushirib, oʻsha katta toshning ustiga qoʻyishdi. Bayt–Shamash aholisi aravaning yogʻochlarini oʻtin qilib yordi. Sigirlarni esa Egamizga kuydiriladigan qurbonlik qilishdi. Oʻsha kuni Bayt–Shamash aholisi Egamizga kuydiriladigan qurbonliklar va boshqa qurbonliklar keltirdi.
16 Beshala Filist beklari boʻlib oʻtgan voqealarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, shu kuni Exronga qaytib ketdilar. 17 Filistlar ayblari uchun Egamizga nazr qilib beshta oltin chipqon haykalchasini joʻnatgan edilar. Hadyalar Ashdod, Gʻazo, Ashqalon, Gat va Exron shaharlarining hokimlaridan edi. 18 Beshta oltin sichqon beshta hukmdor boshqargan Filistlar shaharlarining va ularning atrofidagi qishloqlarning ramzi edi. Bayt–Shamashlik Yoshuaning dalasidagi Egamizning Sandigʻi qoʻyilgan katta tosh shu kungacha bunga guvoh boʻlib turibdi.
19 Bayt–Shamashlik yetmish kishi Egamizning Sandigʻi ichiga qaragan edi, Xudo ularni yoʻq qildi. Egamiz xalqning boshiga ogʻir kulfat keltirgani uchun, Bayt–Shamashliklar motam tutdilar.
Ahd sandigʻi Xirat–Yoʻrimda
20 Bayt–Shamash aholisi shunday dedi:
— Egamiz oldida — bu Muqaddas Xudo oldida kim bardosh berishga qodir ekan?! Uning Sandigʻini oʻzimizning oldimizdan qayoqqa joʻnatsak ekan?
21 Nihoyat, ular Xirat–Yoʻrim aholisiga xabarchi joʻnatib: “Filistlar Egamizning Sandigʻini qaytarishdi, kelinglar, uni oʻz shahringizga olib ketinglar” degan gapni yetkazishdi.