19–BOB
Givo aholisi ogʻir gunoh qiladi
1 Isroilda shoh boʻlmagan oʻsha davrlarda Efrayim qirlarining kimsasiz joyida Levi qabilasidan bir odam yashardi. U Yahudo hududidagi Baytlahm shahridan bir choʻrini oʻziga xotin qilib oldi. 2 Ammo xotini unga bevafolik qilib, otasining uyiga — Yahudodagi Baytlahmga qaytib ketdi. Oradan toʻrt oy oʻtdi. 3 Levi esa u bilan yarashmoqchi boʻlib, orqasidan bordi. U oʻzi bilan xizmatkori va bir juft eshagini olgan edi. Ular xotinining qizlik uyiga yetganlarida, levining qaynatasi ularni xursand boʻlib qarshilab oldi. 4 U qoʻymay, ularni uyida uch kun mehmon qildi. Ular yeb–ichib, u yerda tunadilar. 5 Toʻrtinchi kuni levi barvaqt turib yoʻlga shaylandi. Qaynatasi esa unga: “Yoʻlga chiqishdan oldin choy–poy ichib oling, oʻgʻlim, quvvat boʻladi, keyin ketarsizlar”, — dedi. 6 Shunda ular oʻtirib, birga yeb–ichishdi. Keyin qizning otasi: “Bugun ham qolib dam olsangizlar boʻlardi”, — dedi. 7 Levi ketmoqchi boʻlib oʻrnidan turganda ham uni yana qoʻyarda–qoʻymay uyida olib qoldi. 8 Beshinchi kuni levi ketmoqchi boʻlib erta bilan saharda turganda, qizning otasi unga: “Choy–poy ichib oling, kechroq ketarsizlar”, — dedi. Ular oʻtirib yeb–ichishdi.
9 Levi xotini va xizmatkori bilan ketmoqchi boʻlib dasturxondan turganda, qaynatasi unga shunday dedi: “Qarang, oʻgʻlim, kech boʻlib qoldi. Shu yerda tunab qolaqolinglar. Kun ham ogʻib qolibdi. Bu yerda qolib, damingizni olinglar. Ertaga esa saharda turib uylaringizga ketarsizlar.”
10 Levi koʻnmay yoʻlga tushdi. Xotini va xurjun ortilgan bir juft eshagi bilan yoʻl yurib Yobus shahriga, yaʼni Quddusga yetib oldi. 11 Ular Yobusga yaqinlashganlarida kech kirib qolgandi. Xizmatkor xoʻjayiniga dedi: “Keling, Yobus xalqining shahriga kirib, u yerda tunab qolaylik.” 12 “Yoʻq, — dedi xoʻjayin. — Isroil xalqiga yot boʻlgan begonalarning shahriga kirmaymiz, undan koʻra, yoʻlimizni davom qilib, Givoga boramiz.” 13 Levi gapida davom etib xizmatkoriga dedi: “Kel, ikkovidan biriga — Givoga yoki Ramaga yetib olishga harakat qilaylik.” 14 Ular yoʻlda davom etib, kunbotar paytida Benyamin qabilasiga qarashli Givo shahriga yaqinlashib qolishdi. 15 Soʻng Givoda tunab qolmoqchi boʻlib, shahar tomon yoʻl olishdi–da, borib shaharning maydonida oʻtirishdi, ammo hech kim ularni tunash uchun uyiga taklif qilmadi.
16 Oqshom kirganda, bir chol daladagi ishlarini tugatib qaytib kelayotgan edi. Givoda yashayotgan aholining aksariyat qismi Benyamin qabilasidan edi, ammo bu chol Givoga Efrayim qirlaridan kelib, endi shu yerlarda istiqomat qilayotgan edi. 17 Chol shahar maydonida oʻtirgan musofirlarni koʻrib:
— Qayerdan kelib, qayerga ketyapsizlar? — deb soʻradi.
18 Levi shunday javob berdi:
— Biz Yahudodagi Baytlahmga borgan edik, endi esa uyimizga — Efrayim qirlaridagi olis qishlogʻimizga qaytib ketyapmiz. Yoʻlda Egamizning uyini ham ziyorat qilib ketmoqchimiz, ammo bu yerdagilarning birontasi ham tunab qolishimiz uchun bizni uyiga taklif qilmayapti. 19 Bizga turar joydan boʻlak hech narsa kerak emas. Oʻzimiz uchun non va sharobimiz bor. Eshaklarimizga ham yem–xashak gʻamlab kelganmiz.
20 — Uyimga marhamat qilinglar, — dedi chol. — Men hamma kamchiliklaringizning gʻamini yeyman. Faqat koʻchada qolmasangizlar, bas!
21 Chol ularni uyiga olib borib, eshaklariga yem berdi. Soʻng mezbonu mehmonlar oyoqlarini yuvib ovqatlanishdi.
22 Ular dam olib oʻtirganlarida, birdaniga shaharning yaramas odamlari uyni oʻrab olishdi–da, eshikni tars–turs urib:
— Sening uyingga kelgan odamni bu yoqqa chiqar, biz u bilan birga boʻlishni istaymiz! — deya uy egasiga doʻq urishdi.
23 Uyning egasi — chol ularning oldilariga chiqib:
— Yoʻq ukalarim, bunday jirkanch ish qilmanglar! — deb oʻtindi. — Bunday sharmandalik qilmanglar, axir, u mening mehmonim–ku. 24 Mana, mening bokira qizim va u kishining xotini bor. Men ularni sizlarning oldingizga olib chiqay, ularni nima qilsangiz qilinglar, ammo bu odam bilan bunday xunuk ish qilmanglar.
25 Lekin odamlar cholning gaplariga quloq solishmadi. Shunda levi xotinini itarib, ularning oldilariga chiqarib yubordi. Ular ayol bilan yotib, ertalabgacha uni zoʻrlashdi. Tong yorishayotganda esa qoʻyib yuborishdi. 26 Saharda ayol kelib, xoʻjayini tunab qolgan cholning eshigi oldida yiqildi va tong otguncha u yerda qoldi.
27 Ertalab xoʻjayini yoʻlga chiqmoqchi boʻlib, eshiklarni ochdi. Qarasa, eshik tagida xotini qoʻllarini ostonaga uzatib yotgan ekan. 28 “Qani, tura qol, boʻl, ketyapmiz”, — dedi u. Lekin javob boʻlmadi . Keyin u xotinini eshagiga ortib, uyiga yoʻl oldi. 29 U uyiga yetib kelgach, pichoq bilan xotinining jasadini oʻn ikki qismga boʻldi. Boʻlaklarni butun Isroil boʻylab Isroilning oʻn ikki qabilasiga yubordi. 30 Buni koʻrgan har bir odam shunday deb aytardi: “Isroil xalqi Misrdan chiqqanidan beri bunday vahshiy hodisa sodir boʻlmagan. Endi oʻylab koʻraylik, mulohaza qilib hukm chiqaraylik!”