40–BOB
Yeremiyo Gadaliyo bilan qoladi
1 Qoʻriqchilar sardori Nabizaradon Yeremiyoni Bobilga olib ketilayotgan Quddus va Yahudo asirlari orasidan zanjirband holda topib olib, uni Rama shahrida ozod qildi. Shundan soʻng Yeremiyoga Egamizning soʻzi ayon boʻldi. 2 Qoʻriqchilar sardori Nabizaradon Yeremiyoni yoniga chaqirib shunday dedi: “Egangiz Xudo, bu yurtga falokat keltiraman, deb aytgan edi. 3 Mana, hozirgi kunda Egangiz aytganini qilib, yurtingizga falokat keltirdi, chunki sizlar Egangizga qarshi gunoh qildingizlar, Uning aytganini qilmadingizlar. Shu sababdan bunday kulfat boshingizga tushdi. 4 Hozir men qoʻlingdagi kishanlarni yechaman, seni ozod qilaman. Agar men bilan Bobilga bormoqchi boʻlsang, marhamat, senga yaxshi qarayman. Bordi–yu, Bobilga borishni istamasang, ixtiyoring oʻzingda. Mana, butun yurt sening roʻparangda turibdi, xohlagan yeringga boraver. 5 Bu yurtda qoladigan boʻlsang , Oxixam oʻgʻli Gadaliyoning oldiga bor. Bobil shohi Gadaliyoni Yahudo shaharlariga hokim qilib tayinladi. Gadaliyo Shofon degan odamning nevarasidir. Sen uning yonida qolib, xalqing orasida yashashing mumkin yoki xohlagan joyingga borishing mumkin.” Qoʻriqchilar sardori Yeremiyoga yegulik bilan sovgʻa berib, uni ozod qildi. 6 Yeremiyo Mispax shahriga — Oxixam oʻgʻli Gadaliyoning oldiga borib, yurtda qolgan odamlar orasida oʻrnashdi.
Yahudo hokimi Gadaliyo
7 Baʼzi yahudiy lashkarboshilari va jangchilar taslim boʻlmagan edilar. Oxixam oʻgʻli Gadaliyoni Bobil shohi yurtga hokim qilib tayinlaganini, yurtda qolgan eng qashshoq erkak, ayollar va bolalarni Gadaliyoning ixtiyoriga topshirganini ular eshitdilar. 8 Soʻng Mispaxga kelib, Gadaliyoga uchrashdilar. Kelganlar — Nataniyo oʻgʻli Ismoil, Kariyox oʻgʻli Yoʻxanon, Tanxumat oʻgʻli Sarayo, Natufolik Efayning oʻgʻillari, Maxolik Yazaniyo va ularning odamlari edi. 9 Gadaliyo kelganlarga shunday deb ont ichdi: “Bobilliklarga tobe boʻlishdan qoʻrqmanglar. Yurtda oʻrnashib, Bobil shohiga xizmat qilaveringlar, shunda hammasi yaxshi boʻladi. 10 Men esa Mispaxda qolaman. Keladigan Bobilliklarning oldida vakilingiz boʻlaman. Sizlar oʻrnashib olgan shaharlaringizda yashayverasizlar. Mevalarni yigʻishtirib olinglar, sharob va zaytun moyini tayyorlab, gʻamlab qoʻyinglar.”
11 Bobil shohi baʼzi odamlarga Yahudo yurtida qolishga ijozat berganini va Gadaliyoni hokim qilib tayinlaganini Moʻab, Ommon, Edom va boshqa yurtlarda yashayotgan yahudiylar ham eshitishdi. 12 Shunda ular surgun qilingan hamma joylardan Yahudo yurtiga — Mispaxdagi Gadaliyoning oldiga qaytib kelishdi. U yerdan bir talay meva yigʻishtirib, koʻp sharob tayyorlashdi.
Gadaliyoni oʻldirib ketishadi
13 Bir kuni Kariyox oʻgʻli Yoʻxanon va qirlardagi lashkarboshilar Mispaxga Gadaliyoning oldiga kelib soʻradilar:
14 — Ommon shohi Baalis sizni oʻldirtirish uchun Nataniyo oʻgʻli Ismoilni yuborganidan xabaringiz bormi?
Ammo Gadaliyo ularga ishonmadi. 15 Shunda Yoʻxanon hech kimga bildirmay Gadaliyoga dedi:
— Ijozat bering, borib Ismoilni oʻldiray. Bu haqda hech kim bilmaydi. Nima uchun u sizni oʻldirishiga yoʻl qoʻyishimiz kerak? Bordi–yu, Ismoil niyatiga yetsa, atrofingizga yigʻilgan barcha yahudiylar tarqalib ketadilar, Yahudoda qolgan odamlarning boshi esa baloga qoladi.
16 Ammo Gadaliyo:
— Unday qilma! Ismoil haqida aytgan gaplaring yolgʻon, — dedi.