1–BOB
Quddusning boshiga kelgan kulfat
1 Voy shoʻrim!
Odamlarga toʻlib–toshgan bir vaqtlar,
Naqadar yolgʻizdir endi bu shahar!
Xalqlar orasida shuhrat qozongan,
Endi bir beva ayolga u oʻxshab qolgan.
U viloyatlar orasida malikaday edi,
Endi u bir choʻriga oʻxshab qoldi.

2 Kechalari u achchiq–achchiq yigʻlaydi,
Koʻzlaridan yoshlar oqadi.
Uni yupatadigan biron kimsa
Yoʻqdir oʻynashlarining orasida.
Doʻstlari unga xiyonat qilishdi,
Unga dushman boʻlib qolishdi.

3 Yahudo xalqi surgun boʻlib, azoblar tortdi,
Tutqunlikning mashaqqatini u totib koʻrdi.
Begona xalqlar orasida oʻrnashganda,
Oʻziga orom topa olmadi.
U tang ahvolga tushib qolganda,
Taʼqib etuvchilar uni qoʻlga oldi.

4 Quddusga boradigan yoʻllar tutyapti motam,
Axir, belgilangan bayramlarga kelmas biror ham odam.
Shaharning hamma darvozalari huvullab qoldi,
Ruhoniylari xoʻrsinib oʻtiribdi.
Qudduslik qizlar qaygʻuga botgan,
Quddusning oʻzi ham iztirobda qolgan.

5 Quddusga dushmanlari bosh boʻldi,
Uning gʻanimlari ravnaq topdi.
Quddus behad koʻp gunoh qildi,
Shu sababdan Egamiz uni azobga soldi.
Quddusning farzandlari surgun qilindi,
Gʻanimlari ularni olib ketdi.

6 Qiz Quddus oʻz savlatini yoʻqotdi.
Yoʻlboshchilari oʻtloq topa olmagan kiyikka oʻxshaydi.
Ovchidan qochishga ularning madori qolmadi.

7 Kulfatu sargardonlik kunlarida
Quddus oldingi xazinalarini esladi.
Uning aholisi dushmanlarga taslim boʻlganda,
Quddusga yordam beradigan hech kim yoʻq edi.
Gʻanimlari uning qulashini tomosha qilib,
Quddusni masxara qilardi.

8 Ha, Quddus jirkanch gunohga qoʻl urdi,
Atrofdagilarga u kulgi boʻldi.
Oldin uni eʼzozlaganlarning hammasi
Endi undan hazar qiladi.
Quddusning sharmandaligini ular koʻrdilar.
Mana endi Quddus xoʻrsinib oʻtiribdi,
Hammadan yuzini yashirib oʻtiribdi.

9 Uning nopokligi kiyimini dogʻ qildi,
Kelajagi haqida u qaygʻurmadi.
U dahshatli tarzda quladi,
Uning yupatuvchisi yoʻq edi.
U shunday deb yolvordi:
“Kulfatimga bir nazar solgin, ey Egam,
Zero, dushmanlarim gʻolib keldi ustimdan!”

10 Gʻanimlar Quddus xazinalariga chang soldi.
Quddusning koʻzi oldida
Begona xalqlar muqaddas makonga kirdi.
Ammo Egamiz oʻsha gʻayriyahudiylarga
Hatto Isroil jamoasi yigʻinida boʻlishni man etgandi!

11 Mana endi shahardagi hamma odamlar xoʻrsinib,
Bir burda nonni izlab yuribdi.
Ular boyliklarini sotib, ovqat olishyapti,
Shu yoʻsin oʻz jonlarini saqlashyapti.
Quddus shunday deb yolvormoqda:
“Ey Egam, menga bir boqqin,
Xor boʻlganimni koʻrib qoʻygin!”

12 Quddus oʻtgan–ketganlarga xitob qiladi:
“Nahotki sizlarga baribir boʻlsa?!
Menga bir qaranglar! — deb yolvoradi. —
Egamiz gʻazab kunida menga azob bergan,
Bunday azobni hech kim koʻrmagan.

13 U osmondan olov yubordi,
Oʻsha olov ichimni yondirdi.
Egamiz oyogʻimga tuzoq qoʻydi,
Meni ortga qaytishga majbur qildi.
Adoyi tamom qildi meni Xudoyim,
Azobu alamda qoldi mening jonim.

14 Gunohlarim boʻyinturuqqa aylangan,
Oʻsha boʻyinturuqni Egamizning Oʻzi yasagan.
U gunohlarimni boʻynimga osdi.
Meni tamom holdan toydirdi.
Rabbiy berdi meni dushmanlarim qoʻliga,
Men qarshilik qila olmayman ularga.

15 Rabbiy kuchli jangchilarimni rad etdi,
Yigitlarimni yakson qilish uchun lashkar yubordi.
Bokira qiz Yahudoni Rabbiy uzum ezganday ezdi .

16 Shuning uchun men faryod qilaman,
Koʻz yoshimni sel–sel oqizaman.
Axir, yupatuvchim mendan uzoqda,
Jonimga oro kiruvchi olisda.
Evoh, dushmanlarim mendan gʻolib keldi,
Farzandlarim xonavayron boʻldi.”

17 Quddus qoʻllarini choʻzib yordam soʻraydi,
Biroq hech kim uni yupatmaydi.
Egamiz qoʻshni xalqlarga amr berdi,
Shunda hammasi Yoqub nasliga dushman boʻlib qoldi.
Dushmanlarining nazarida
Quddus axlatday jirkanch boʻlib qoldi.

18 Quddus aytmoqda:
“Ha, mening Egam haq,
Axir, oʻzim Uning amriga qarshi bosh koʻtardim.
Ey xalqlar, menga quloq soling,
Mening kulfatimni koʻrib qoʻying.
Mening yigit–qizlarim surgun boʻldi.

19 Men oʻynashlarimni chaqirdim,
Ular esa meni aldashdi.
Jonini saqlash uchun non izlagan
Ruhoniyu oqsoqollarim koʻchalarda jon berdi.

20 Ey Egam, koʻrib qoʻygin qaygʻumni,
Koʻrgin toʻkilib turgan yuragimni.
Evoh, yurak–bagʻrim ezilib ketdi,
Axir, men Senga qarshi bosh koʻtardim.
Ana, tashqarida qilich odamlarni chopyapti,
Ichkarida oʻlim hukmronlik qilyapti.

21 Odamlar ohu nolalarimni eshitdi,
Biroq mening yupatuvchim yoʻq edi.
Gʻanimlarim eshitdi kulfatlarim haqida,
Xursand boʻlishdi qilgan ishingdan shunda.
Sen eʼlon qilgan oʻsha kuning kelsin,
Dushmanlarim ham mening holimga tushsin.

22 Nazaringdan qochmasin ularning qilgan qabihliklari,
Gunohim uchun meni jazolaganday jazolagin ularni.
Koʻpdir mening ohu nolalarim,
Hech ham qolmadi mening madorim.”