4–BOB
Isoni iblis vasvasaga soladi
1 Iblisning sinovidan oʻtishi uchun Muqaddas Ruh Isoni sahroga boshlab ketdi. 2 Iso qirq kun va qirq kecha roʻza tutdi, oxiri och qoldi. 3 Shunda iblis kelib, Isoni vasvasaga solmoqchi boʻlib dedi:
— Agar Sen Xudoning Oʻgʻli boʻlsang, bu toshlarga buyur, nonga aylansin!
4 Iso unga javoban dedi:
— Yozilganki: “Inson faqat non bilan emas, balki Xudoning ogʻzidan chiqqan har bir soʻz bilan yashaydi.”
5 Keyin iblis Isoni muqaddas shahar Quddusga olib bordi. Uni Maʼbadning eng yuqori joyiga chiqarib, 6 shunday dedi:
— Agar Sen Xudoning Oʻgʻli boʻlsang, Oʻzingni pastga tashla. Axir, yozilgan–ku:
“U Sen toʻgʻringda farishtalariga amr beradi,
Oyogʻing toshga qoqilib ketmasin deya,
Farishtalar qoʻllarida Seni koʻtarib boradi.”
7 Iblisga Iso dedi:
— “Egang Xudoni sinama” , deb ham yozilgan.
8 Soʻng Isoni iblis baland bir toqqa olib chiqdi. Unga olamning barcha shohliklarini hamda ularning hashamatini koʻrsatib, 9 dedi:
— Agar tiz choʻkib menga sajda qilsang, bularning hammasini Senga beraman.
10 Shunda Iso dedi:
— Yoʻqol koʻzimdan, shayton! Axir: “Egang Xudoga sajda qil, faqat Unga xizmat qil” , deb yozilgan–ku!
11 Shundan keyin Isoni iblis tark etdi. Farishtalar kelib, Isoga xizmat qildilar.
Iso Jalilada xizmatini boshlaydi
12 Iso Yahyoning hibsga olinganini eshitgach, Jalila hududiga qaytib bordi. 13 U Nosira shahrida qolmay, Kafarnahumga borib oʻrnashdi. Kafarnahum shahri Zabulun va Naftali hududidagi Jalila koʻli boʻyida joylashgan edi. 14 Shunday qilib, Ishayo paygʻambarning aytgan quyidagi soʻzlari bajo boʻldi:
15 “Ey Zabulun va Naftali yurti!
Ey dengiz boʻyidagi yerlar va Iordanning narigi tomonidagi oʻlka!
Ey gʻayriyahudiylar Jalilasi!
16 Zulmatda yurgan xalq yorqin ziyoni koʻrdi,
Oʻlim soya solgan yurt aholisi ustiga nur sochildi.”
17 Shu kundan boshlab Iso: “Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashdi”, deb vaʼz qiladigan boʻldi.
Isoning dastlabki shogirdlari
18 Iso Jalila koʻli boʻylab ketayotgan edi, ikki aka–ukani koʻrib qoldi. Birining ismi Butrus deb ataluvchi Shimoʻn, ukasiniki Endrus edi. Ular baliqchi boʻlib, koʻlga toʻr tashlayotgan edilar. 19 Iso ularga dedi: “Ortimdan yuringlar, Men sizlarga odamlarni ovlashni oʻrgataman.” 20 Ular oʻsha zahotiyoq toʻrlarini tashlab, Isoga ergashdilar.
21 Iso bir oz yurgandan keyin, Yoqub va Yuhanno degan ikki aka–ukani koʻrib qoldi. Ular otasi Zabadiyo bilan birga qayiqda toʻr yamayotgan edilar. Iso ularni ham chaqirdi. 22 Ular ham darhol qayiqni va otasini qoldirib, Isoning orqasidan ergashdilar.
Iso xalqqa taʼlim beradi va xastalarni sogʻaytiradi
23 Iso butun Jalila hududini kezib yurardi. U sinagogalarda taʼlim berib, Osmon Shohligi toʻgʻrisidagi Xushxabarni eʼlon qilardi, odamlarning har xil xastaliklari va dardlariga shifo berar edi. 24 Iso haqidagi xabar butun Suriyaga yoyildi. Turli–tuman dardu illatlardan qiynalib yurganlarni, jinga chalinganlarni, tutqanoq va shol kasaliga yoʻliqqanlarning hammasini Isoning oldiga keltirishardi. Iso ularning hammasiga shifo berardi. 25 Jaliladan, Dekapolis hududidan , Quddusdan, Yahudiyadan va Iordanning narigi tomonidagi yerlardan koʻplab odamlar Isoga ergashib kelardi.