14–BOB
Dahshatli qurgʻoqchilik
1 Yeremiyoga Egamizning qurgʻoqchilik haqidagi soʻzi ayon boʻldi:

2 “Yahudo aza tutmoqda,
Shaharlari adoyi tamom boʻldi.
Odamlar qaygʻuga botgan,
Bagʻirlarini yerga berib yotibdi,
Quddusdan faryod koʻtarilmoqda.
3 Asilzodalar xizmatkorlarini suvga yubordilar.
Xizmatkorlar sardobalarga borgan edilar,
Ammo suv topa olmadilar.
Idishlari boʻm–boʻsh qaytib keldilar.
Ular tushkunlikka tushdilar,
Sharmanda boʻlib qoldilar,
Uyatdan yuzlarini berkitib oldilar.
4 Yomgʻir yogʻmagani uchun yer yorilib ketdi,
Dehqonlar umidsizlikka tushdi,
Yuzlarini berkitib olishdi.
5 Hatto choʻldagi ona ohu ham,
Oʻt–oʻlan boʻlmagani uchun,
Yangi tugʻilgan ohuchalarini tashlab ketmoqda.
6 Qulonlar yalang qirlarda turib,
Chiyaboʻrilar kabi hansirayapti,
Oʻt yoʻqligidan qulonlarning koʻzlari kirtayib qolgan.”

7 Gunohlarimiz bizga qarshi guvohlik bersa–da,
Oʻz noming haqi–hurmati bizga rahm qil, ey Egam.
Axir, biz Senga koʻp xiyonat qildik,
Senga qarshi gunoh ishlar qildik.
8 Ey Isroilning yolgʻiz umidi,
Kulfat vaqtida Qutqaruvchisi!
Nechun yurtimizda musofirga oʻxshaysan?
Bir kechagina tunaydigan sayyohga oʻxshaysan?
9 Nega sarosimaga tushgan odamga oʻxshaysan?
Nega yordam bera olmaydigan jangchiga oʻxshaysan?
Ey Egam, Sen bizning oramizdasan–ku!
Biz Senikimiz.
Bizni tark etma!

10 Egamiz bu xalq haqida shunday demoqda:
“Ular oʻzlarini sira tiya olmaydilar,
Daydib yurishni haqiqatan yaxshi koʻradilar.
Shuning uchun Men ulardan rozi emasman,
Endi qabihliklarini yodga olaman,
Gunohlari uchun ularni jazolayman.”

11 Soʻng Egam menga tayinlab dedi:
— Bu xalq uchun ibodat qilma. 12 Ular roʻza tutishsa ham, Men ularning iltijolariga quloq solmayman. Menga atab qurbonliklar kuydirishsa ham, don nazrlarini olib kelishsa ham qabul qilmayman. Aksincha, ularni qahatchilik, urush va oʻlat orqali qirib tashlayman.
13 Men esa shunday dedim:
— Yo Egam Rabbiy, paygʻambarlar bu xalqqa, urush va qahatchilik boʻlmaydi, sizlar bu yurtda chinakamiga osoyishta hayot kechirasizlar, deb aytishmoqda–ku.
14 Egamiz menga shunday javob berdi: “Paygʻambarlar Mening nomimdan yolgʻon gapirishmoqda. Men ularni yubormaganman, ularga gapirishni buyurmaganman. Ular sizlarga uydirmalarni oʻzlaricha bashorat qilishyapti, behuda fol ochib, xayollariga kelgan yolgʻonlarni gapirishyapti. 15 Oʻsha paygʻambarlar Mening nomimdan gapirishsa ham, ularni Men joʻnatmaganman. Ular: «Yurtda urush va qahatchilik boʻlmaydi», deb aytayotgan ekanlar, ammo Men aytamanki, oʻsha paygʻambarlar urush va qahatchilikdan nobud boʻlishadi. 16 Ularning gaplarini tinglayotgan odamlar ham urush va qahatchilikdan oʻladi. Jasadlari Quddus koʻchalarida qolib ketadi. Ularning, xotinlarining, oʻgʻil–qizlarining jasadlarini koʻmadigan odam boʻlmaydi. Qilgan qabihliklarini Men oʻzlarining boshlariga solaman.
17 Sen ularga shunday deb ayt:

«Kechayu kunduz koʻzlarimdan yosh oqyapti,
Oʻzimni toʻxtata olmayapman.
Zero, bokira qizim — Mening xalqim,
Qattiq zarba yedi, ogʻir yaralandi.
18 Dalaga chiqaman,
Evoh, ana, qilichdan halok boʻlganlar yotibdi.
Shaharga kiraman,
Ana, ocharchilikdan oʻlganlar yotibdi.
Paygʻambaru ruhoniylar esa pul dardida
Odamlarga bemaʼni maslahatlar berib yuribdilar .»”
Yeremiyo Xudoga iltijo qiladi
19 Ey Egamiz, nahotki Yahudoni butunlay rad etgan boʻlsang?!
Nahotki Quddusdan hazar qilsang?!
Nechun bizni ogʻir yaralading?
Shifo topa olmayapmiz–ku!
Biz tinchlikni izladik, ammo yaxshilik kelmadi,
Shifo topmoqchi edik, ammo vahimaga duchor boʻldik.
20 Ey Egamiz, Senga qarshi gunoh qildik!
Qabihliklarimizga iqror boʻldik,
Ha, ota–bobolarimizning ayblarini tan olamiz.
21 Noming haqi–hurmati bizni rad etma,
Ulugʻvor taxting turgan joyni xor qilma.
Biz bilan tuzgan ahdingni yodingda tut,
Oʻtinamiz, ahdingni buzma.
22 Xalqlarning betayin butlari yomgʻir yogʻdira olarmidi?!
Yogʻingarchilik osmonning xohishi bilan boʻlarmidi?!
Bularni qilishga qodir Sen emasmi, ey Egamiz Xudo?!
Biz umidimizni Senga bogʻlaganmiz,
Zotan, bularning hammasini qila oladigan Sensan.