18–BOB
Xudo Ibrohimga oʻgʻil vaʼda qiladi
1 Kunning jazirama issiq payti edi. Ibrohim Mamredagi muqaddas emanzorda chodiriga kiraverishda oʻtirgan edi, shu payt Egamiz unga zohir boʻldi. 2 Shu lahzada Ibrohim roʻparasida uchta odam turganini bildi. Ibrohim uchalasini koʻrgan zahoti ularni kutib olgani yugurib bordi va muk tushib taʼzim qildi.
3 — Hazratim , — dedi Ibrohim, — marhamatingizni darigʻ tutmanglar, bu qulingizning eshigini bosib oʻtib ketmanglar. 4 Xizmatkorlarim suv keltirishsin, oyoqlaringizni yuvishsin, oʻzlaringiz daraxtning soyasida dam olinglar. 5 Modomiki, bu qulingizning xonadoniga tashrif buyuribsizlar, men non–pon olib kelay. Sayohatingizni davom ettirishdan oldin bardam boʻlib olinglar.
— Mayli, — deyishdi ular, — aytganingday qilaver.
6 Ibrohim shoshilganicha chodirga qaytdi–da, Soraga dedi:
— Tez boʻl! Unning yaxshisidan darrov bir togʻora olib, non yop.
7 Soʻngra podaga borib, semiz buzoqni tanladi va xizmatkoriga berdi. Xizmatkor darrov buzoqni soʻyib, taom tayyorlashga kirishdi. 8 U suzma, sut va pishirib tayyorlangan buzoq goʻshtini olib, mehmonlarning oldiga qoʻydi. Mehmonlar ovqatlanishayotganda, Ibrohim daraxt ostida ularga oʻzi xizmat qilib turdi.
9 — Xotining Sora qayerda? — deb soʻrashdi ular.
— Shu yerda, chodirda, — deb javob berdi Ibrohim.
10 Ulardan biri :
— Men kelgusi yili shu paytda qaytib kelganimda, xotining Sora oʻgʻilli boʻladi, — dedi. Sora chodir pardasining orqasida, chodirga kiraverish yonida bu suhbatni eshitib turardi. 11 Bu paytda Ibrohim ham, Sora ham juda keksayib qolishgan, Sora bola tugʻish davridan ancha oʻtgan edi. 12 U ichida kulib, oʻzicha oʻyladi: “Men munkillagan kampir boʻlsam–u, qanday qilib lazzatlana olardim?! Buning ustiga, xoʻjayinim ham qarib qolgan boʻlsa.” 13 Shunda Egamiz yana Ibrohimga aytdi:
— Nima uchun Sora kuldi? Nimaga u: “Qarib qolgan boʻlsam, bola tugʻarmidim”, dedi? 14 Men — Egangiz uchun imkonsiz narsa bor ekanmi?! Kelgusi yil shu paytda Men qaytib kelaman. Oʻshanda Sora oʻgʻilli boʻladi.
15 Lekin Sora qoʻrqib ketgan edi.
— Kulmadim, — deb gapidan tondi u.
— Yoʻq, kulding, — dedi Egamiz.
Ibrohim Sadoʻm uchun yolvoradi
16 Shundan keyin uchalovi oʻrinlaridan turib, Sadoʻm tomonga yoʻl oldilar. Ibrohim, ularni kuzatib qoʻyay deb, birga yurdi. 17 Egamiz: “Men qilmoqchi boʻlgan ishlarimni Ibrohimdan sir tutmayman”, dedi Oʻziga. 18 “Ibrohimdan buyuk, qudratli xalq kelib chiqadi. Yer yuzidagi jamiki xalqlar u orqali baraka topadi. 19 Ibrohim oʻgʻillarini, oʻz naslini Mening yoʻlimdan yurishga, toʻgʻrilik va adolat bilan ish qilishlariga yoʻl koʻrsatsin deb, uni tanlaganman. Shunda Men Ibrohimga bergan vaʼdamni bajaraman.” 20 Soʻngra Egamiz Ibrohimga dedi:
— Sadoʻm va Gʻamoʻra aholisining razilligi, ularning ogʻir gunohlari haqidagi ohu figʻonlar Menga yetib keldi. 21 Men pastga tushib koʻray–chi, ularning hammasi haqiqatan ham shunchalik gunohga botib ketibdimikan?!
22 Shundan keyin ikki kishi Sadoʻmga qarab yoʻl oldi. Egamiz esa Ibrohim bilan qoldi. 23 Ibrohim Unga qarab, soʻradi:
— Sen gunohkorni ham, begunohni ham birday qirib tashlayverasanmi? 24 Aytaylik, shaharda ellikta begunoh odam topsang, shaharni vayron qilaverasanmi? Begunoh odamlarning haqi–hurmati uchun shaharga rahm qilmaysanmi? 25 Nahotki gunohsiz odamni gunohkor bilan birga yoʻq qilsang?! Aslo! Sen gunohsizning boshiga gunohkorning kunini solmaysan–ku! Axir, Sen butun olamning Hokimisan, adolat ila ish tutasan!
26 — Agar Men Sadoʻmda ellikta begunoh odamni topsam, — dedi Egamiz, — ularning haqi–hurmati uchun butun shaharga rahm qilaman.
27 — Ey Rabbiy! Men tuproq va kul boʻlsam ham, Senga gapirayotganimda qoʻpolligim uchun kechirgin, — dedi Ibrohim. 28 — Ellikta begunoh odamga beshta yetmasa–chi? Beshta kam boʻlgani uchun butun shaharni qirib tashlaysanmi?
— Agar u yerda qirq beshta solih odamni topsam, shaharni qirib tashlamayman.
29 Ibrohim Egamizga yana gapirdi:
— Balki u yerda qirqta begunoh odam topilar.
— Oʻsha qirqta begunohning haqi–hurmati uchun bu ishni qilmayman, — dedi Egamiz.
30 — Yo Rabbiy! — dedi Ibrohim. — Gapirsam, Oʻzing kechirgaysan. Balki u yerda oʻttizta begunoh topilar?
— Agar u yerda oʻttizta begunoh odamni topsam, shaharni qirib tashlamayman, — deb javob berdi U.
31 — Rabbiy! Gapirayotganimda qoʻpolligim uchun kechirgin, — dedi Ibrohim. — Balki u yerda yigirmata begunoh odam topilar?
— Oʻsha yigirmata begunoh odamning haqi–hurmati uchun shaharni qirib tashlamayman, — dedi U.
32 — Rabbiy! Yana bir marta gapirsam, Oʻzing kechirgaysan, — dedi Ibrohim. — Balki u yerda oʻnta begunoh odam topilar?
— Oʻsha oʻnta begunoh odamning haqi–hurmati uchun shaharni qirib tashlamayman, — deb javob berdi Egamiz.
33 Egamiz Ibrohim bilan gaplashib boʻlgach, Oʻz yoʻliga ketdi. Ibrohim ham chodiriga qaytdi.