18–BOB
1 Shoul bilan Dovudning suhbati endi tugagan ham ediki, Yoʻnatanning koʻngli Dovudga bogʻlandi, Yoʻnatan uni oʻz joni kabi aziz koʻrdi. 2 Oʻsha kundan boshlab Shoul Dovudni yonida olib qoldi, otasining uyiga qaytib ketishiga ijozat bermadi. 3 Yoʻnatan Dovudni oʻz joniday aziz koʻrgani uchun u bilan ahd qildi. 4 Ustidagi kiyimini yechib berdi, sovuti, qilichi, kamoni va kamarini ham Dovudga hadya qildi.
5 Shoul Dovudni qayerga joʻnatmasin, Dovud muvaffaqiyatga erishdi. Shu bois Shoul unga qoʻshinidagi katta lavozimni berdi. Bu voqeadan barcha xalq ham, Shoulning xizmatkorlari ham xushnud boʻlishdi.
Shoul Dovudga hasad qiladi
6 Dovud Goʻliyotni oʻldirgandan keyin, jangchilar oʻz uylariga qaytayotgan edi. Isroilning hamma shaharlaridan kelgan ayollar childirma va torli musiqa asboblarini chalib, oʻyin–kulgi qilib, shoh Shoulni kutib olgani chiqishdi. 7 Yayrab–oʻynasharkan, shu qoʻshiqni aytishardi:

“Shoul minglarchasini oʻldirdi,
Dovud esa oʻn minglarchasini!”

8 Bu soʻzlar Shoulga ogʻir botdi, uning gʻashini keltirdi. “Dovudga oʻn mingtasini, menga esa mingtasini berishdi! Unga shoh boʻlishdan boshqa yana nima qoldi?!” deb oʻyladi. 9 Shunday qilib, oʻsha kundan boshlab Shoul Dovudga yomon koʻz bilan qaray boshladi.
10 Ertasi kuni Xudo yuborgan yovuz ruh Shoulni qamrab oldi, u oʻz uyida jazavaga tushdi. Dovud har galgiday yana lira chalib oʻtirar, Shoulning qoʻlida nayza bor edi. 11 U oʻzicha: “Dovudni nayza bilan urib devorga qoqib qoʻyaman”, deb nayzani unga qaratib otdi. Lekin Dovud ikki safar ham unga chap berib qutulib qoldi.
12 Shoul Dovuddan qoʻrqardi. Chunki Egamiz Dovud bilan birga edi, Shoulni esa tark etgan edi. 13 Shu sababli Shoul oʻz yonidan Dovudni uzoqlashtirdi, uni mingta sipohga bosh etib tayinladi. Dovud lashkarga bosh boʻlib, jangga borardi. 14 Egamiz Dovud bilan boʻlgani uchun, u har qanday ishning uddasidan chiqardi. 15 Dovudning katta muvaffaqiyatini koʻrib, Shoul battarroq qoʻrqardi. 16 Butun Yahudo va Isroil xalqi Dovudni yaxshi koʻrardi, chunki Dovud ularning oldingi safida yurib, jangga borardi.
Dovud Shoulning qiziga uylanadi
17 Bir kun Shoul Dovudga dedi:
— Toʻngʻich qizim Meravni senga beraman. Faqat dovyurak boʻlib, men uchun Egamizning urushlariga bosh boʻl.
Shoul: “Dovud mening qoʻlim bilan emas, Filistlarning qoʻli bilan oʻldirilsin”, deb oʻylardi.
18 Dovud Shoulga:
— Men oʻzim kim boʻlibman yoki Isroilda oilam, otam xonadoni nima boʻlibdiki, shohga kuyov boʻlsam?! — dedi.
19 Shunday qilib, Shoulning qizi Merav Dovudga uzatiladigan boʻldi. Lekin Shoul qizini, Dovudga bermay, Maxlalik Odriyolga uzatdi. 20 Shoulning boshqa qizi Mixal esa Dovudga koʻngil qoʻygan edi. Buni eshitgan Shoul xursand boʻldi. 21 “Dovudga Mixalni beraman, qizimni berib, Dovudni tuzogʻimga ilintirib olaman, Filistlar esa uni oʻldiradi”, deb oʻyladi.
— Endi bu safar qulay fursat yetdi, menga kuyov boʻlasan, — dedi Dovudga Shoul.
22 Keyin Shoul aʼyonlariga:
— Dovudga, shoh sendan xursand, hamma xizmatkorlari ham seni yaxshi koʻradi, shohga kuyov boʻladigan payting keldi, deb yashirincha aytinglar, — dedi.
23 Shoulning aʼyonlari bu gapni Dovudga yetkazishdi. Dovud esa shunday javob qaytardi:
— Men kambagʻal, arzimas bir odam boʻlsam, shohga kuyov boʻlish, sizlar aytganday, osonmi?!
24 Aʼyonlar, oʻz navbatida, Dovudning gaplarini Shoulga yetkazishdi. 25 Shoul shunday amr berdi:
— Dovudga, shoh gʻanimlaridan oʻch olmoqchi, shuning uchun qalinga yuzta Filistning sunnat terisidan boshqa narsa istamaydi, deb aytinglar.
Shoul shu yoʻsinda Dovudning Filistlar qoʻliga tushib nobud boʻlishini rejalashtirgan edi.
26 Aʼyonlar Shoulning aytganlarini Dovudga yetkazishdi. Dovud, oʻshanda shohga kuyov boʻlishga haqli boʻlar ekanman–da, deb sevindi. Belgilangan kundan oldin, 27 Dovud va uning odamlari borib, ikki yuzta Filistni oʻldirdi. Dovud oʻldirilgan Filistlarning sunnat terisini bitta ham qoldirmay, shohga keltirib berib, shohning kuyovi degan nomga munosib ishlarni bajardi. Shundan soʻng Shoul qizi Mixalni Dovudga turmushga berdi.
28 Shoul endi aniq bildiki, Egamiz Dovud bilan birga ekan, qizi Mixal ham Dovudni sevar ekan. 29 Shunday qilib, Dovuddan yanada hadiksirab, umrining oxirigacha unga dushman boʻlib qoldi.
30 Filist beklari qachon hujum qilsalar, Dovud Shoulning boshqa lashkarboshilariga qaraganda ortiq zafarga erishardi. Shu sababdan Dovud katta shuhrat qozondi.