30–BOB
Misrdan yordam kutish befoyda
1 Egam aytar: “Eh, itoatsiz xalqim!
Ularning holiga voy!
Mensiz maslahatlar qilishadi.
Sulhlar tuzadi, lekin Mening Ruhim yoʻq–ku ularda!
Ha, xalqim gunoh ustiga gunoh orttiraveradi.
2 Axir, Mendan soʻramasdan Misrga boryaptilar,
Firʼavndan panoh soʻrayaptilar,
Misrdan boshpana istayaptilar.
3 Ammo firʼavnning himoyasi ularga sharmandalik boʻladi,
Misrning boshpanasi ularni uyatga qoldiradi.
4 Mana, xalqimning aʼyonlari Zoʻvanga yetib keldilar,
Elchilar Xanesga kirib keldilar.
5 Lekin ularning hammasi sharmanda boʻladi,
Axir, Misr ularning xalqiga yordam bermaydi.
Hech qanday madad, foyda yoʻq,
Ular sharmanda boʻlib, taʼna tagida qoladi.”
6 Nagav choʻlidagi hayvonlar haqida bashorat:
Elchilari eshagu tuyalarga xazinalarini ortib,
Misrga olib ketmoqda.
Vahimali sahro boʻylab sekin
Misr tomon bormoqda.
Ular bormoqda sherlaru zaharli ilonlar
Yashaydigan sahro boʻylab.
Ammo Misr ularga yordam bermaydi.
7 Misr bergan madad bekor, foydasiz,
Shu bois Men Misrni
“Jim oʻtirgan Rahob ” deb atayman.
Isroil itoat etishdan bosh tortadi
8 Egamiz aytar: “Endi bor, soʻzlarimni bir lavhaga yozib,
Bu xalq uchun kitob qilib ber.
Bu kelgusi vaqtlar uchun boʻlsin,
Yozilganlar to abad boʻlsin.”
9 Ular isyonkor xalq, yolgʻonchi bolalar!
Egasining yoʻl–yoʻriqlariga
Quloq solishni rad etgan bolalar ular.
10 Ular valiylarga aytar:
“Endi vahiy koʻrmanglar.”
Ular paygʻambarlarga aytar:
“Bizlarga haqiqiy bashoratlarni aytmanglar.
Bizga shirin soʻzlaru soxta vahiylar ayting.
11 Bu yoʻldan yurmang endi! Qayting bu yoʻldan.
Isroil xalqining Muqaddas Xudosi haqida endi
Eshitmaylik hech bir narsa!”
12 Shu bois Isroil xalqining Muqaddas Xudosi aytar:
“Sizlar Mening soʻzlarimni rad qildingiz,
Zulmga, yolgʻonga umid bogʻladingiz,
Ularga ishondingiz.
13 Shu bois sizlar uchun bu gunohingiz
Yorilgan, shishib ketgan devor kabi boʻladi.
Birdan, bir lahzada qulab tushadi.
14 Sopol idish kabi, u parcha–parcha boʻlib ketadi.
Shunchalik ezilib ketadiki,
Oʻchoqdan choʻgʻ yoki hovuzdan suv olgani
Biron parchasini ham topib boʻlmaydi.”
15 Egamiz Rabbiy, Isroil xalqining Muqaddas Xudosi shunday demoqda:
“Menga qaytsangiz najot topasiz,
Halovatli boʻlsangiz qutqarilasiz.
Sokinligu ishonchingiz sizning kuchingiz boʻladi.
Ammo sizlar buni xohlamadingiz.
16 Aytdingizki: «Yoʻq, otlarga minib uchib ketamiz»,
Mana endi otlarga minib uchib ketasiz!
Aytdingizki: «Uchqur otlarga minib ketamiz»,
Endi esa sizni taʼqib qiladiganlar uchqur boʻladi!
17 Qaranglar, xalqingizdan besh–oltitasi qolmaguncha
Bir kishining tahdidi mingtangizni qochiradi.
Besh kishining tahdidi hammangizni qochiradi.
Ammo qolganlar tepalikdagi bayroq dastasiday boʻladi.
Ular togʻ choʻqqisidagi bayroq kabi ishora boʻladi.”
18 Shuning uchun Egam kutmoqda,
Sizlarga shafqat koʻrsatay deb.
Mana U qoʻzgʻalmoqda,
Oʻz mehrini koʻrsatay deb.
Axir, Egam adolatli Xudodir.
Unga umid bogʻlaganlar baxtiyordir.
19 Ey Quddusda makon qilgan Sion xalqi! Sizlar endi yigʻlamaysizlar. Faryodingizni eshitib, Egam albatta marhamat koʻrsatadi. Ovozingizni eshitib, javob beradi. 20 Rabbiy sizlarga kulfatni non qilib, qaygʻuni suv qilib bersa ham, endi Oʻsha Ustozingiz Oʻzini yashirmaydi. Sizlar oʻz koʻzlaringiz bilan Uni koʻrasizlar. 21 Sizlar oʻngga yoki chapga burilganingizda, shunday ovozni eshitasizlar: “Mana yoʻl, shu yoʻldan yuringlar.” 22 Keyin hamma kumush butlar, oltin tasvirlaringizni yoʻq qilib tashlaysiz. Siz oʻsha narsalarni iflos latta–puttaday uloqtirib tashlaysiz. “Ey daf boʻl koʻzimdan!” deysiz oʻsha narsalarga.
23 Egam yerga ekkan urugʻingizga yomgʻir beradi. Yerdan keladigan oziq–ovqat moʻl, barakali boʻladi. Oʻsha kuni chorvangiz keng yaylovlarda oʻtlaydi. 24 Tuproqqa ishlov bergan hoʻkiz, eshaklar eng yaxshi yemni yeydilar. 25 Oʻsha kuni, dushmanlaringiz oʻldirilgan, minoralar qulagan kuni har bir togʻdan, har bir tepalikdan irmoq oqib tushadi. 26 Oy quyoshga oʻxshab nur sochadi. Quyosh esa yetti barobar koʻproq nur beradi, yetti kunlik yorugʻligini sochadi. Egam Oʻz xalqining yaralarini bogʻlab, Oʻzi keltirgan jarohatlarga shifo bergan kun shunday boʻladi.
Egamiz Ossuriyani jazolaydi
27 Ana, Egamizning Oʻzi uzoqdan kelmoqda,
Qalin bulut ichida , gʻazabga minib kelmoqda.
Lablari gʻazabga toʻla,
Tili — yamlamay yutadigan olovday.
28 Uning nafasi boʻyingacha keladigan
Toshqin daryoga oʻxshar,
U xalqlarni halokat elagida elaydi.
U elatlarning ogʻziga suvluq soladi–da,
Ularni yoʻldan adashtiradi.
29 Sizlar esa muqaddas bayram oqshomidagiday qoʻshiqlar kuylaysiz. Egamizning togʻiga , Isroil xalqining Qoyasiga nay sadolari ostida borayotganlarday yuraklaringiz shodlikka toʻladi. 30 Egamiz Oʻz ulugʻvor ovozini eshittiradi. Ha, qoʻlining zarbasi ogʻirdir. Uning kuchli gʻazabi, yamlamay yutay degan olovga oʻxshaydi. Ha, Uning gʻazabi boʻronu dovul, momaqaldiroq kabidir. 31 Egamiz hassasi bilan Ossuriyani uradi. Oʻz ovozi bilan uni dahshatga tushiradi. 32 Egamiz qayta–qayta Ossuriyani doira va arfa sadolari ostida hassasi bilan jazolaydi. Egamiz Oʻz qoʻlining zarbi bilan jang qilib, ular bilan urishadi. 33 Tofat allaqachon tayyorlangan. Ha, u hatto Ossuriya shohi uchun ham tayyor turibdi. Bu keng chuqurda alangayu oʻtin moʻl–koʻl. U yerda Egamizning nafasi vulqondan chiqqan olov kabi yondiradi.