13–BOB
Iso Oʻz shogirdlarining oyoqlarini yuvadi
1 Fisih bayramiga oz qolgan edi. Iso bu dunyoni tark etib, osmondagi Otasi oldiga boradigan vaqt–soati kelganini bilar edi. U dunyodagi Oʻzinikilarni yaxshi koʻrar edi, ularni oxirigacha yaxshi koʻrdi.
2 Kechki ovqat payti edi. Shimoʻn oʻgʻli Yahudo Ishqariyotning diliga iblis allaqachon Isoga xiyonat qilish niyatini solgan edi. 3 Iso esa Otasi hamma narsani Uning qoʻliga berganini bilar edi, U Xudodan kelib, yana Xudoning oldiga qaytayotganini ham bilar edi.
4 Shunday qilib, Iso dasturxondan turib, ustki kiyimini yechib tashladi. Sochiqni olib beliga bogʻladi. 5 Keyin togʻoraga suv quyib, shogirdlarining oyoqlarini yuvishga tushdi. Beliga bogʻlagan sochiq bilan ularning oyoqlarini artib quritdi.
6 Iso Butrusning oldiga keldi.
— Hazrat, nahot oyoqlarimni Siz yuvsangiz?! — dedi Butrus.
7 — Hozir nima qilayotganimni sen bilmaysan, keyin tushunib olasan, — dedi Iso unga javoban.
8 — Mening oyoqlarimni ikki dunyoda ham yuvmaysiz! — dedi Butrus.
— Agar oyoqlaringni yuvmasam, Menga qarashli boʻlmaysan, — dedi Iso. 9 Shunda Butrus dedi:
— Hazrat, nafaqat oyoqlarimni, qoʻllarim bilan boshimni ham yuvib qoʻying!
10 Iso unga dedi:
— Choʻmilgan odam faqat oyogʻini yuvsa bas, u tamoman pokdir. Sizlar ham poksizlar, ammo hammangiz emas.
11 Iso Oʻziga xoinlik qiladigan odamni bilar edi, shuning uchun: “Hammangiz ham pok emassizlar”, dedi.
12 Shogirdlarining oyoqlarini yuvib boʻlgach, Iso ustki kiyimini kiyib, yana dasturxon oldiga yonboshladi. Soʻng shogirdlaridan soʻradi:
— Hozir nima qilganimni tushundingizlarmi? 13 Sizlar Meni “Ustoz”, “Hazrat” deb chaqirasizlar va toʻgʻri qilasizlar, chunki Men xuddi shundayman. 14 Agar Men Hazratingiz va Ustozingiz boʻla turib oyoqlaringizni yuvgan boʻlsam, sizlar ham bir–biringizning oyoqlaringizni yuvishingiz shart. 15 Men sizlarga nima qilgan boʻlsam, sizlar ham oʻshani qilishingiz kerak. Men sizlarga oʻrnak koʻrsatdim. 16 Sizlarga chinini aytayin: qul oʻz xoʻjayinidan ustun emas, elchi ham uni yuborgandan ustun emas. 17 Agar gapimni uqqan boʻlsangiz, bunga amal qilinglar, shunda baxtli boʻlasizlar!
Yahudoning Isoga xiyonati haqida karomat
18 Iso gapida davom etdi:
— Mening gaplarim hammangizga tegishli emas. Men kimlarni tanlaganimni bilaman. Muqaddas bitiklarda: “Nonimni yegan kishi Menga qarshi bosh koʻtardi” , deb aytilgan. Bu soʻzlar bajo boʻlishi kerak. 19 Men buni sizlarga hozirdan, yuz bermasdan oldin, aytib qoʻyyapman. Toki yuz berganda, Masih Men ekanligimga ishoninglar. 20 Sizlarga chinini aytayin: kim Men yuborgan odamni qabul qilsa, Meni qabul qilgan boʻladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan boʻladi.
21 Iso qattiq iztirob chekib, dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, orangizdan bittasi Menga xiyonat qiladi.
22 Shogirdlari esa U kimni nazarda tutayotganini bilmay, gangib bir–biriga qarab turar edilar. 23 Shogirdlaridan biri Isoning yonida yonboshlagan edi. U Isoning sevikli shogirdi edi. 24 Butrus oʻsha shogirdga: “Iso kim haqida gapiryapti, soʻra–chi”, deb imo–ishora qildi. 25 Shunda u engashib, Isodan:
— Hazrat, u kim? — deb soʻradi. 26 Iso javob berdi:
— Men bir burda nonni kosaga botirib kimga bersam, u oʻshadir, — dedi. Soʻng burda nonni botirib, Shimoʻn oʻgʻli Yahudo Ishqariyotga berdi. 27 Yahudo burdani olar–olmas, shayton uning ichiga kirib oldi.
— Qiladiganingni tezroq qil, — dedi unga Iso.
28 Dasturxon atrofidagilardan hech kim nima uchun Iso bu soʻzlarni Yahudoga aytganini tushunmadi. 29 Pul qutisi Yahudoda boʻlgani sababli, baʼzilari: “Iso unga, bayram uchun bizga kerak boʻladigan narsalarni sotib ol, deyapti yoki, kambagʻallarga bir nima ber, deyapti”, deb oʻylardilar. 30 Yahudo esa oʻsha burda nonni olgan zahoti tashqariga chiqib ketdi. Tun edi.
Bir–biringizni sevinglar
31 Yahudo chiqib ketgach, Iso dedi:
— Inson Oʻgʻlining ulugʻvorligi ayon boʻladigan vaqti keldi. U orqali Xudoning ulugʻvorligi ayon boʻladi. 32 Xudoning ulugʻvorligi Inson Oʻgʻli orqali ayon boʻlar ekan, tez orada Xudo Inson Oʻgʻlini Oʻz ulugʻvorligiga sherik qiladi. 33 Bolalarim! Endi Men sizlar bilan uzoq boʻlmayman. Meni qidirasizlar. Yahudiylarga aytgan edim, sizlarga ham aytyapman: Men boradigan joyga sizlar borolmaysizlar. 34 Sizlarga yangi amr beryapman: bir–biringizni sevinglar. Men sizlarni qanday sevgan boʻlsam, sizlar ham bir–biringizni shunday sevinglar. 35 Agar bir–biringizni sevsangiz, sizlar Mening shogirdlarim ekaningizni hamma shundan bilib oladi.
Butrusning Isodan tonishi haqida karomat
36 Butrus Isoga dedi:
— Hazrat, Siz qayerga ketyapsiz?
— Hozir Men boradigan joyga sen orqamdan borolmaysan, keyinchalik borasan, — dedi unga Iso.
37 Butrus soʻradi:
— Hazrat, nega hozir orqangizdan borolmas ekanman? Men Siz uchun jonimni berishga tayyorman!
38 Iso javob berdi:
— Sen rostdan ham Men uchun joningni berishga tayyormisan?! Senga chinini aytaman, xoʻroz qichqirmasdanoq, sen uch marta Mendan tonasan!