19–BOB
Ilyos Sinay togʻida
1 Axab Ilyos qilgan hamma ishlarni, barcha paygʻambarlarni qanday qilib qilichdan oʻtkazganini Izabelga aytib berdi. 2 Izabel Ilyosga chopar orqali shu xabarni yetkazdi: “Paygʻambarlarning jonini qanday olgan boʻlsang, ertaga shu vaqtda men ham sening joningni olmasam, xudolar meni har qanday jazoga mubtalo qilsin, undan ham battarrogʻiga duchor qilsin.” 3 Ilyos bu xabarni eshitdi–yu, oʻrnidan turib, jonini qutqarish umidida Yahudoning Bersheba shahri tomon yoʻl oldi. Xizmatkorini oʻsha shaharda qoldirib, 4 yolgʻiz oʻzi choʻlda bir kun yoʻl yurdi. Nihoyat, bir yulgʻun daraxti ostiga kelib oʻtirdi. Oʻziga oʻzi oʻlim tilab:
— Yetar, ey Egam! — deb xitob qildi u, — endi jonimni ola qol. Axir, ota–bobolarimdan mening ortiq joyim yoʻq.
5 Ilyos yulgʻun ostida yotib uxlab qoldi. Bir payt farishta uni turtib: “Tur, taom yeb ol”, — dedi. 6 Ilyos turib qarasa, bosh tomonida issiq tosh ustida pishgan non, koʻzada suv turibdi. U yeb–ichib boʻlib, yana yotdi.
7 Egamizning farishtasi ikkinchi dafʼa qaytib keldi va Ilyosga tegib: “Tur, taom yeb ol, oldingda hali uzoq yoʻl turibdi”, dedi. 8 Ilyos oʻrnidan turib yeb–ichib oldi. Taomning quvvati bilan qirq kechayu qirq kunduz yoʻl yurib, Xudoning togʻi Sinayga yetib keldi. 9 Ilyos Sinay togʻidagi bir gʻorga kirib, oʻsha yerda tunadi. Bir payt Egamiz undan: “Ey Ilyos, bu yerlarda nima qilib yuribsan?” deb soʻradi.
10 — Ey Parvardigori Olam — Egam, Sen uchun koʻp jon kuydirgan edim, — dedi Ilyos. — Chunki Isroil xalqi Sen bilan qilgan ahddan qaytdi, qurbongohlaringni buzdi, paygʻambarlaringni qilichdan oʻtkazdi. Ey Egam, Sening paygʻambarlaringdan yolgʻiz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.
11 — Chiq, togʻda Mening roʻparamda tur, yoningdan oʻtaman, — dedi Egamiz unga.
Egamiz oʻtayotganda, qudratli boʻron togʻlarni yorib, qoyalarni parcha–parcha qilib tashladi, lekin Egamiz boʻron ichida emasdi. Shamoldan soʻng zilzila boʻldi, lekin Egamiz zilzilada ham emasdi. 12 Zilziladan soʻng esa alanga koʻtarildi. Biroq Egamiz alanga ichida ham emas ekan. Alangadan keyin esa mayin shabada tovushi eshitildi. 13 Ilyos bu tovushni eshitib, yuzini chakmoni bilan berkitib oldi. Tashqariga chiqib, gʻorning ogʻzida turdi. Shunda yana: “Ilyos, bu yerda nima qilib turibsan?” degan sado keldi.
14 — Ey Parvardigori Olam — Egam, men Sen uchun koʻp jon kuydirgan edim, — dedi Ilyos. — Isroil xalqi Sen bilan qilgan ahddan qaytdi, qurbongohlaringni buzdi, paygʻambarlaringni qilichdan oʻtkazdi. Egamning paygʻambarlaridan yolgʻiz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.
15 Egamiz unga aytdi:
— Sen kelgan yoʻlingdan orqaga qayt. Damashq yaqinidagi sahroga bor. U yerga borganingdan keyin, Xazayilning boshiga moy surt, u Oram yurtining shohi boʻlsin. 16 Nimshi oʻgʻli Yohuning boshiga ham moy surt, u Isroilning shohi boʻlsin. Ovil–Maxlalik Shofot oʻgʻli Elishayning boshiga ham moy surt, u sening oʻrningga paygʻambar boʻladi. 17 Xazayilning qilichidan qochib qutulganni Yohu oʻldiradi, Yohuning qilichidan qochib qutulganni Elishay oʻldiradi. 18 Men Isroil xalqidan yetti ming odamni qoldiraman, ular Baal oldida tiz choʻkmagan, birortasi ham Baalni oʻpmagan.
Elishay
19 Ilyos u yerdan ketib, Shofot oʻgʻli Elishayni topdi. U oʻn ikki juft hoʻkiz bilan yer haydayotganlarning orasida boʻlib, oʻn ikkinchi juft hoʻkizni haydab ketayotgan edi. Ilyos Elishayning yonidan oʻtayotib, chakmonini uning ustiga tashladi . 20 Elishay hoʻkizlarini qoldirib, Ilyosning orqasidan yugurib bordi.
— Ijozat ber, borib, ota–onamni oʻpib xayrlashib kelay, keyin orqangdan yetib boraman, — dedi u Ilyosga.
Ilyos Elishayga dedi:
— Bor, lekin men senga qilganimni oʻylab koʻr!
21 Elishay Ilyosning yonidan qaytib borib, oʻzining bir juft hoʻkizini soʻydi. Omoch–boʻyinturuqlarini yoqib, hoʻkizlarning goʻshtini pishirib, odamlarga berdi. Odamlar goʻshtni yeb boʻlgach, Elishay Ilyosning ortidan joʻnadi va unga xizmat qila boshladi.