15–BOB
Yahudo shohi Abiyo
1 Isroil shohi Yeribom hukmronlik qilayotganiga oʻn sakkiz yil boʻlganda, Abiyo Yahudoga shoh boʻldi. 2 U Quddusda uch yil shohlik qildi. Onasining ismi Maxo boʻlib, u Absalomning qizi edi. 3 Abiyo ham otasining ilgari qilgan gunohlarini davom ettirdi. Abiyo oʻzining Egasi Xudoga chin dildan bogʻlangan bobosi Dovud singari emas edi. 4 Shunga qaramay, Dovudning haqi–hurmati uchun Egasi Xudo Abiyodan keyin Abiyoning oʻgʻlini taxtga oʻtqazdi. Shunday qilib, Quddusni mustahkam qilib, shu shaharda Dovud sulolasining chirogʻini oʻchirmadi. 5 Zero, Dovud Egamiz oldida doim toʻgʻri ish qildi. Xet xalqidan boʻlgan Uriyoga qilgan nomunosib xatti–harakatini hisobga olmaganda, Dovud umrining oxirigacha Egamizning amridan zinhor boʻyin tovlamadi. 6-7 Raxabom bilan Yeribom oʻrtasida boshlangan urush Abiyoning umri oxirigacha davom etdi. Abiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. 8 Abiyo olamdan oʻtib, Dovud qalʼasida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Oso shoh boʻldi.
Yahudo shohi Oso
9 Yeribom Isroilga hukmronlik qilayotganiga yigirma yil boʻlganda, Oso Yahudo hukmdori boʻldi. 10 U Quddusda qirq bir yil shohlik qildi. Buvisining ismi Maxo boʻlib, u Absalomning qizi edi. 11 Oso, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida toʻgʻri ishlar qildi. 12 Sajdagohlardagi fohishlarni bu yurtdan quvdi. Ota–bobolari yasagan hamma butlarni yoʻq qildi. 13 Buvisi Maxo Asheraning makruh tasvirini yasattirgan edi, shuning uchun Oso buvisini malikalik martabasidan mahrum qildi. U buvisi yasattirgan butni qoʻporib tashlab, Qidron soyligida yoqib yubordi. 14 Oso sajdagohlarni yoʻq qila olmagan boʻlsa–da, umr boʻyi Egamizga sodiq qoldi. 15 Otasi va oʻzi Xudoga atab nazr etgan oltinu kumushlarni, idishlarni Egamizning uyiga olib keldi. 16 Oso bilan Isroil shohi Basho umrlarining oxirigacha bir–birlari bilan urishib oʻtdilar. 17 Isroil shohi Basho Yahudoga hujum qildi. Odamlar Yahudo yurtiga osonlikcha kirib chiqa olmasligi uchun, Basho Rama shahrini mustahkamladi.
18 Oso esa Egamiz uyining xazinasida qolgan hamma oltin va kumushni hamda shoh saroyi xazinalarini oldi. Xazinalarni aʼyonlari orqali Oram shohi Banhadad huzuriga joʻnatdi. Xeziyonning nabirasi Banhadad Tavrimmoʻnning oʻgʻli edi. Oso Damashqda oʻtirgan Banhadadga shu gaplarni yetkazishni buyurdi: 19 “Sening otang bilan mening otam oʻrtasida ittifoq boʻlgani kabi, sen bilan mening oʻrtamda ham ittifoq boʻlsin. Senga hadya qilib kumush va oltin berib yuboryapman. Isroil shohi Basho bilan ittifoq tuzgan eding, endi oʻshani bekor qil, toki u yurtimdan joʻnab qolsin.”
20 Banhadad shoh Osoning taklifini qabul qildi, lashkarboshilariga: “Isroil shaharlariga hujum qilinglar”, deb ularni oʻsha yoqqa yubordi. Ular Iyxon, Dan, Ovil–Bayt–Maxo shaharlarini, butun Naftali yerlari bilan birga Jalila koʻli atroflarini bosib oldilar. 21 Basho bu voqeani eshitgach, Ramani mustahkamlash fikridan voz kechib, Tirzaga qaytib keldi. 22 Shoh Oso Yahudo xalqining bittasini ham qoldirmay chaqirdi. Ularga Rama shahrini mustahkamlashda Basho ishlatgan tosh va yogʻochlarni tashittirdi. Oso oʻsha tosh va yogʻochlar bilan Benyamin yerlaridagi Gebo hamda Mispax shaharlarini mustahkamladi.
23 Osoning boshqa ishlari, qahramonliklari, butun faoliyati, mustahkam qilgan shaharlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. U ham keksayib, oyoqlari ogʻriydigan boʻlib qoldi. 24 Nihoyat, Oso olamdan oʻtib, bobosi Dovudning qalʼasida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Yohushafat shoh boʻldi.
Isroil shohi Nadov
25 Oso Yahudoda shohlik qilayotganiga ikki yil boʻlganda, Nadov Isroil shohi boʻldi va ikki yil hukmronlik qildi. Nadov Yeribomning oʻgʻli edi. 26 U ham Egamiz oldida qabihliklar qildi. Isroilni gunohga botirgan otasidan namuna oldi.
27 Issaxor xonadonidan Oxiyo oʻgʻli Basho Nadovga qarshi suiqasd uyushtirib, Filistlarning Gibiton shahrida uni oʻldirdi. Oʻshanda Nadov va butun Isroil lashkari Gibiton shahrini qamal qilib turgan edi. 28 Oso Yahudoda uchinchi yili shohlik qilayotganda, Basho Nadovni oʻldirdi. Basho Nadovning oʻrniga shoh boʻldi. 29 U shoh boʻlgandan keyin Yeribomning butun oilasini bitta qoʻymay qirib tashladi. Shunday qilib, Egamizning Oʻz quli, Shiloʻlik Oxiyo orqali aytgan soʻzlari bajo boʻldi. 30 Yeribomning oʻzi ham gunoh qilib, Isroil xalqini ham gunohga botirib, Isroil xalqining Xudosi — Egamizni gʻazablantirgani uchun shu voqealar yuz bergandi.
31 Nadovning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozib qoldirilgan. 32 Oso bilan Isroil shohi Basho umrlarining oxirigacha bir–biri bilan urishib oʻtdilar.
Isroil shohi Basho
33 Yahudo shohi Oso hukmronlik qilayotganiga uch yil boʻlganda, Basho Tirzada butun Isroil xalqi ustidan hukmdor boʻldi va yigirma toʻrt yil shohlik qildi. 34 U ham Yeribomning yoʻlidan ketib, Egamiz oldida qabihliklar qilib, Isroilni gunohga botirdi.