15–BOB
Qurbonliklarga oid qonunlar
1-2 Muso orqali Isroil xalqiga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: Egamiz sizlarga beradigan yurtga oʻrnashib olganingizdan keyin mana bu qonunlarga rioya qiling: 3 Egamizga atab, buqa, qoʻchqor, qoʻzi va uloqchalaringizdan qurbonliklar keltiring. Ularni kuydiriladigan qurbonlik, tinchlik qurbonligi, koʻngildan chiqarib beriladigan qurbonlik va bergan vaʼdangizga muvofiq keltiriladigan qurbonlik qiling. Ularni belgilangan bayram kunlarida ham keltiring. Bu qurbonliklarning maʼlum qismlarini qurbongohda kuydiring, shunda Egamizga yoqimli hid boradi. 4-5 Bu qurbonliklarga qoʻshib, Egamizga atab, albatta don va sharob nazrlarini keltirishingiz kerak.
Qoʻzi yoki uloqchani qurbonlik qilganingizda, don nazrini — ikki kosa zaytun moyi aralashtirilgan toʻrt kosa sifatli unni hamda ikki kosa sharobni nazr qilinglar.
6 Qoʻchqorni qurbonlik qilganingizda, don nazrini — uch kosa zaytun moyi aralashtirilgan sakkiz kosa sifatli unni va 7 uch kosa sharobni nazr qilinglar. Bu qurbonlik va nazrlardan Egamizga yoqimli hid boradi.
8 Buqani Egamizga atab, kuydiriladigan qurbonlik, bergan vaʼdangizga muvofiq qilinadigan qurbonlik yoki tinchlik qurbonligi qilganingizda, 9 qurbonlikka qoʻshib toʻrt kosa zaytun moyi aralashtirilgan oʻn ikki kosa sifatli unni 10 va toʻrt kosa sharobni nazr qilinglar. Olovda kuydiriladigan bu qurbonlik va nazrlardan Egamizga yoqimli hid boradi.
11 Shunday qilib, buqa, qoʻchqor, qoʻzi yoki uloqchani qurbonlik qilganingizda, shu nazrlarni qurbonlikka qoʻshib keltiringlar. 12 Qurbonlik qilinadigan hayvonlarning soni qancha boʻlishidan qatʼi nazar, har bir hayvonga qoʻshib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazr qilinglar. 13 Isroil xalqidan boʻlgan har bir odam qurbonlikni Egamizga yoqimli hid borishi uchun olovda kuydirganda, mana shu qoidalarga rioya qilishi shart. 14 Agar orangizda oʻrnashib olgan yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan birorta musofir Egamizga yoqimli hid borishi uchun qurbonlikni olovda kuydirmoqchi boʻlsa, u ham shu qoidalarga rioya qilsin.
15 Isroil jamoasi uchun ham, orangizda yashayotgan musofir uchun ham qonun–qoida bir. Egamizning oldida sizlar ham, musofirlar ham birdir. Bu qonun–qoidaga doimo, avlodlaringiz osha rioya qilinglar. 16 Sizlar uchun ham, orangizda yashayotgan musofirlar uchun ham qonun–qoida birdir.
17-18 Muso orqali Isroil xalqiga Egamiz yana quyidagi qonunlarni berdi: Egamiz sizlarni boshlab borayotgan yurtga kirganingizdan keyin, 19 oʻsha yurtning nonidan tanovul qilasizlar. Oʻshanda noningizning bir qismini Egamizga nazr qilinglar. 20 Xamirning birinchi zuvalasidan yopilgan nonni Egamizga nazr qilinglar. Buni yanchilgan donni nazr qilganday nazr qilinglar. 21 Xamirning birinchi zuvalasini avlodlar osha Egamizga nazr qilinglar.
22-23 Agar Egamiz men orqali bergan bu amrlarning birortasiga — Egamiz amr etgan kundan boshlab avlodlaringiz osha rioya qilmasangiz, 24 agar jamoa bu xatoga bilmagan holda yoʻl qoʻygan boʻlsa, butun jamoa Egamizga yoqimli hid borishi uchun bitta buqani kuydirib qurbonlik qilsin. Ular buqaga qoʻshib, belgilangan miqdorda don bilan sharob nazrini keltirishsin. Bundan tashqari, bitta takani gunoh qurbonligi qilishsin. 25 Shunday qilib, ruhoniy butun Isroil jamoasini gunohlaridan poklaydi. Jamoa bilmasdan xato qilgani uchun kechiriladi, chunki ular qilgan xatosi uchun Egamizga qurbonlik qilib, olovda kuydirgan va gunoh qurbonligini keltirgan boʻladilar. 26 Egamiz butun Isroil jamoasini va sizlarning orangizda yashayotgan musofirlarni kechiradi, chunki butun xalq bilmay xato qilgan edi.
27 Agar birorta odam bilmasdan gunoh qilib qoʻysa, bir yoshli echkini gunoh qurbonligi qilsin. 28 Ruhoniy Egamizning oldida oʻsha odamni gunohidan poklaydi, oʻsha odam kechiriladi. 29 Bilmasdan gunoh qilib qoʻygan Isroil odami uchun ham, orangizda istiqomat qilayotgan musofir uchun ham qonun bir.
30 Lekin qasddan gunoh qilgan odam, Isroil xalqidanmi yoki musofirmi, Egamizga shak keltirgan boʻladi. Oʻsha odam Isroil xalqi orasidan yoʻq qilinsin. 31 U Egamizning soʻzlarini nazar–pisand qilmagani uchun, amrlariga itoat qilmagani uchun albatta yoʻq qilinsin. Uning gunohi oʻz gardanida qoladi.
Shabbat qoidalarini buzgan odam haqida
32 Bir kuni Isroil xalqi sahroda turgan paytda, Shabbat kuni oʻtin terib yurgan bir odamni ushlab olishdi . 33 Ular oʻsha odamni Muso, Horun va butun Isroil jamoasi oldiga olib kelishdi. 34 Biroq bu odamni nima qilish kerakligini hali aniq bilishmagani uchun uni qamab qoʻyishdi. 35 Keyin Egamiz Musoga dedi:
— Bu odamning jazosi oʻlimdir. Butun jamoa uni qarorgohdan tashqariga olib chiqib, toshboʻron qilsin.
36 Egamiz Musoga amr etganday, butun jamoa oʻsha odamni qarorgohdan tashqariga olib chiqib, toshboʻron qilib oʻldirdi.
Popuklar haqida qoidalar
37 Shundan keyin Egamiz Musoga dedi:
38 — Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Sizlar avlodlar osha kiyimlaringizning etagiga popuk qilib osib yuringlar. Har bir popukka koʻk ip qoʻshib eshilgan boʻlsin. 39 Popuklar sizlarga Men, Egangizning amrlarini eslatib turadi. Ularni koʻrganingizda Men sizlarga bergan hamma amrlarimni eslab, bajarasizlar. Xiyonatga yetaklovchi koʻnglingiz, koʻzingiz ehtiroslariga ortiq berilmaysizlar. 40 Shunda sizlar Mening hamma amrlarimni yodingizda tutib bajarasizlar, Menga bagʻishlangan boʻlasizlar. 41 Men Egangiz Xudoman. Men Xudoyingiz boʻlaman deb, sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Ha, Men Egangiz Xudoman.”