3–BOB
Xudo Musoni chaqiradi
1 Musoning qaynatasi — Midiyon yurtining ruhoniysi boʻlgan Yatro edi. Muso uning qoʻy–echkilarini boqib yurardi. U qoʻy–echkilarni sahroning gʻarb tomoniga haydab, Xudoning muqaddas togʻi Sinayga borib qoldi. 2 Birdan butadagi alangada Egamizning farishtasi Musoga zohir boʻldi. Muso hayron boʻldi: buta yonardi–yu, ammo yonib tugamasdi. 3 Muso: “Juda gʻalati–ku, borib, bir qaray–chi, buta nimaga yonib tugamayapti ekan”, deb oʻyladi. 4 Muso yaqinroq bordi, Egamiz uning kelayotganini koʻrib, butaning orasidan: “Muso! Muso!” deb chaqirdi.
— Labbay, shu yerdaman, — deb javob berdi Muso.
5 — Endi bu yogʻiga kelma! Oyogʻingdagi chorigʻingni yech! — dedi Xudo. — Sen turgan joy muqaddas yerdir. 6 Men ota–bobolaring — Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubning Xudosiman.
Muso Xudoga qarashdan qoʻrqib, darrov yuzini berkitib oldi.
7 Keyin Egamiz yana aytdi:
— Imoning komil boʻlsin: xalqimning Misrda chekkan azoblarini koʻrdim, madad soʻrab nazoratchilar zulmi dastidan qilgan faryodlarini eshitdim. Ha, xalqimning chekkan hamma azoblarini bilaman. 8 Shuning uchun Men xalqimni Misrliklarning zulmidan qutqargani keldim. Men ularni Misrdan olib chiqib, keng, unumdor, sut va asal oqib yotgan yurtga olib borgani keldim. U yerda Kanʼon, Xet, Amor, Pariz, Xiv va Yobus xalqlari yashaydi. 9 Xalqimning faryodi Menga yetib keldi. Misrliklar xalqimga qanchalik zulm oʻtkazayotganini koʻrib turibman. 10 Qani, boʻl, seni hozir Misr firʼavni huzuriga yuboraman. Xalqim Isroilni Misrdan sen olib chiqasan.
11 Shunda Muso Xudoga:
— Men kim boʻlibmanki, firʼavnning huzuriga borib Isroil xalqini Misrdan olib chiqsam?! — deb javob berdi. 12 Xudo esa shunday dedi:
— Men sen bilan boʻlaman. Isroil xalqini Misrdan olib chiqqaningdan keyin, shu toqqa kelib, Menga sajda qilasizlar. Seni Men yuborganimning isboti shu boʻladi.
13 Ammo Muso Xudoga quyidagicha javob berdi:
— Isroil xalqi oldiga borib: “Sizlarning oldingizga ota–bobolaringizning Xudosi meni yubordi”, deb aytsam, ular: “Kim U?” deb soʻraydilar–ku! Oʻshanda men nima deb javob beraman?
14 — Men har doim bor boʻlgan Xudoman , — deb javob berdi U. — Xalqim Isroilga: “Meni sizlarning oldingizga yuborganning nomi — Men Borman”, deb aytasan. 15 Isroil xalqiga yana: “Meni sizlarning oldingizga ota–bobolaringiz — Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubning Xudosi — Egangiz yubordi”, deb ayt. Mening nomim to abad shunday boʻlsin. Unvonimni kelgusi avlodlar shunday deb aytsin.
16 Xudo yana Musoga aytdi:
— Endi bor, xalqim Isroilning oqsoqollarini toʻplab, ularga: “Ota–bobolaringiz — Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubning Xudosi — Egangiz menga zohir boʻldi”, deb ayt. Ularga shu gapimni yetkaz: “Imoningiz komil boʻlsin: Misrliklar sizlarga qanday zulm oʻtkazayotganini Men koʻrib, kuzatib turibman. 17 Endi vaʼda berib aytamanki, sizlarni Misrda chekayotgan azob–uqubatlaringizdan xalos qilaman. Sizlarni Kanʼon, Xet, Amor, Pariz, Xiv va Yobus xalqlarining yerlariga, sut va asal oqib yotgan yurtga boshlab olib boraman.” 18 Isroil oqsoqollari senga quloq solishadi. Keyin Misr firʼavni huzuriga ular bilan sen ham birga bor. Firʼavnga shunday deb aytinglar: “Ibroniylarning Xudosi — Egamiz Oʻzini bizga zohir qildi. Endi bizga ijozat ber, sahroda uch kun yoʻl yurib borib, Egamiz Xudoga qurbonliklar keltiraylik.” 19 Ammo Misr firʼavnini majburlamasa u sizlarning ketishingizga ijozat bermasligini bilaman. 20 Oʻshanda Men qoʻlimni koʻtarib, Misrliklarni uraman, ha, moʻjizalar orqali ularni jazolayman. Oʻshandan keyingina firʼavn sizlarning ketishingizga ijozat beradi. 21 Men shunday qilamanki, Misrliklar sizlarga iltifot koʻrsatadilar. Sizlar ketayotganlaringizda boʻsh qoʻl bilan chiqib ketmaysizlar. 22 Isroil xalqidan har bir ayol Misrlik qoʻshnisidan yoki qoʻshnisining uyida istiqomat qilayotgan Misrlik ayoldan oltin va kumush taqinchoqlar, kiyim–kechaklar soʻrab oladi. Oʻgʻillaringizni, qizlaringizni taqinchoqlaru kiyim–kechaklar bilan yasantirasizlar. Shunday qilib, Misrliklarning boyliklarini olib ketasizlar.