25–BOB
Shimoldan kelgan dushman
1 Yahudo shohi Yoʻshiyo oʻgʻli Yohayiqim hukmronligining toʻrtinchi yilida Yeremiyoga Yahudo xalqi toʻgʻrisida Egamizning soʻzi ayon boʻldi. Bobil taxtiga xuddi oʻsha yili Navuxadnazar oʻtirgan edi. 2 Yeremiyo paygʻambar Yahudo xalqi va Quddus aholisiga shunday dedi: 3 “Omon oʻgʻli Yoʻshiyo Yahudoda hukmronlik qilgan davrning oʻn uchinchi yilidan tortib, to bugunga qadar Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qilib kelmoqda. Mana, yigirma uch yildirki, men sizlarga toʻxtovsiz gapiryapman, ammo sizlar gaplarimga quloq solmayapsizlar. 4 Egamiz oldingizga paygʻambar qullarini birin–ketin yuborgan boʻlsa ham, sizlar ularning gaplarini eshitmadingiz, ularga quloq solmadingiz. 5 Ular sizlarga aytishgan edi: «Qabih ishlaringizni bas qilinglar. Yomon yoʻldan qaytinglar. Shunda Egamiz sizlarga va ota–bobolaringizga abadiy mulk qilib bergan yurtda qolasizlar. 6 Boshqa xudolarga ergashmanglar. Ularga xizmat qilmanglar, sajda etmanglar. Yasagan butlaringiz bilan Egamizni gʻazablantirmanglar. Shunda Egamiz boshingizga falokat keltirmaydi.»
7 «Ammo sizlar gapimga quloq solmadingizlar, — deb aytmoqda Egamiz. — Butlaringiz bilan Meni gʻazablantirib, oʻz boshingizga falokat keltirdingizlar.» 8 Shu sababdan Sarvari Olam demoqda: «Sizlar gapimga kirmaganingiz uchun, 9 Men shimoldagi barcha qabilalarni yigʻaman. Bobil shohi qulim Navuxadnazarni ham chaqiraman, — deb aytmoqda Egamiz. — Ularni sizlarga qarshi, bu yurt aholisi va yon–atrofingizdagi xalqlarga qarshi tortib kelaman. Men sizlarni tamomila qirib bitiraman. Sizlarni koʻrganlar dahshatga tushadi, ahvolingizni koʻrgan odamlar qotib qoladi. Men yurtingizni abadiy xarobazorga aylantiraman. 10 Shunday qilamanki, orangizda shodu xurramlik sadolari boʻlmaydi, kelin–kuyovning ovozi eshitilmaydi, tegirmonning tovushi chiqmaydi. Chirogʻingiz yonmaydi. 11 Butun yurt vayron boʻlib, xarobazorga aylanadi. Bu xalqlar yetmish yil mobaynida Bobil shohiga xizmat qilishadi.»
12 Egamiz shunday demoqda: «Yetmish yildan keyin esa Men Bobil shohini, uning xalqini va Bobilliklarning butun yurtini qilgan gunohlari uchun jazolayman. Ularning yurti to abad huvullab qoladi. 13 Oʻzim aytgan hamma kulfatlarni oʻsha yurtga yogʻdiraman. Bu kitobda yozilgan hamma falokatlarni keltiraman. Yeremiyoning hamma xalqlarga qarshi aytgan bashoratlarini amalga oshiraman. 14 Bobilliklar koʻplab xalqlaru buyuk shohlarga qul boʻladilar. Qilgan qilmishlariga yarasha jazolarini oladilar.»”
Xudo xalqlarni hukm qiladi
15 Isroil xalqining Xudosi — Egamiz menga shunday dedi: “Qoʻlimdagi kosani ol. Bu kosa gʻazabim sharobiga toʻla. Men seni qaysi xalqlar oldiga yuborsam, bu kosadagi sharobdan ularga ichir. 16 Ular sharobdan ichadilar, gandiraklab qolib, aqldan ozadilar. Axir, Men ularga qarshi qilich yuboraman.”
17 Men Egamizning qoʻlidagi kosani oldim. Egamiz meni qaysi xalqlar oldiga yuborgan boʻlsa, oʻsha xalqlarga sharobdan ichirdim: 18 Quddus, Yahudo yurtining shaharlari va u yerdagi shohu aʼyonlar xonavayron boʻlsin deb, men ularga sharobdan ichirdim. Bugungacha ularning ahvolini koʻrib odamlar yoqasini ushlaydi, xalqimning nomini qargʻishlarga qoʻshib ishlatishadi.
19 Soʻng men Misrga yoʻl oldim. Firʼavn, uning xizmatkorlari, aʼyonlari, butun xalqi 20 va u yerda yashayotgan musofirlarga sharobdan ichirdim. Soʻng Uz nomli yurtning shohlariga, shuningdek, Ashqalon, Gʻazo, Exron va talafot koʻrgan Ashdodda hukmronlik qilgan hamma Filist shohlariga sharobdan ichirdim. 21 Soʻng men Edom, Moʻab, Ommonga, 22 Tir, Sidon va dengiz ortidagi yurtlarning shohlariga sharobdan ichirdim. 23 Dedon, Temo, Buz va sochini oldirib yuradigan boshqa hamma xalqlarga sharobdan ichirdim. 24 Hamma Arabiston shohlariga, sahroda yashaydigan har xil koʻchmanchi qabilalarning hamma shohlariga sharobdan ichirdim. 25 Zimri, Elam va Midiya yurtlarining hamma shohlariga sharobdan ichirdim. 26 Shimoldagi uzoq–yaqinda boʻlgan hamma shohlarga sharobdan ichirdim. Yer yuzidagi barcha saltanatlarga birin–ketin borib keldim. Oxiri kosadagi sharobdan Bobil taxtida oʻtirgan shoh ichadigan boʻldi.
27 Egamiz menga dedi: “Ularga shunday deb ayt: «Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: gʻazab kosamdan ichinglar! Mast boʻlib qusinglar! Turmaydigan boʻlib yiqilinglar, chunki Men sizlarning ustingizga qilich yuboryapman.» 28 Bordi–yu, ular qoʻlingdagi kosani olishdan va sharob ichishdan voz kechsalar, sen ularga shunday deb ayt: «Sarvari Olam sizlarga demoqda: ichishingiz shart! 29 Mana, Oʻzimga tegishli Quddus shahriga kulfat yogʻdira boshladim. Sizlar jazodan qochib qutularmidingiz?! Yoʻq, jazodan qutula olmaysizlar! Men yer yuzidagi barcha odamlarni urush balosiga giriftor etaman, — deb aytmoqda Sarvari Olam.»
30 Shuning uchun, ey Yeremiyo, sen bu soʻzlarning hammasini ularga ayt:

«Egamiz yuksakdan sherday oʻkiradi,
Muqaddas makonidan sado beradi.
Yurtiga shiddat bilan oʻkiradi.
Uzum ezuvchilar kabi baqiradi,
Yer yuzidagi hamma insonlarga hayqiradi.
31 Gumburlashi dunyoning chetigacha eshitiladi.
Zero, Egamiz xalqlarga daʼvo qilmoqda,
Dunyodagi odamzodni U hukm etmoqda,
Fosiqlarni qilichdan oʻtkazmoqda.
Egamizning kalomi shudir.

32 Sarvari Olam shunday demoqda:
Qaranglar, falokat kelmoqda,
Xalqdan xalqqa yuqmoqda!
Dunyoning toʻrt burchagidan
Kuchli boʻron koʻtarilmoqda!

33 Oʻsha kuni butun yer yuzi, bu boshidan narigi chetigacha Egamizning qudratidan nobud boʻlgan odamlarning jasadlariga toʻladi. Marhumlar uchun hech kim marsiya aytmaydi, hech kim ularni yigʻib koʻmmaydi. Ular yer ustida goʻngday yotaveradi.

34 Ey choʻponlar, uvvos solib yigʻlanglar!
Ey yoʻlboshchilar, kulga belaninglar!
Boʻgʻizlanadigan kuningiz yetib keldi,
Jasadlaringiz yerda sochilib yotadi,
Chilparchin boʻlgan qimmatbaho koʻzaday boʻladi.
35 Choʻponlar hech qayerga qocha olmaydi,
Yoʻlboshchilar qutulolmaydi.
36 Eshiting! Yoʻlboshchilar faryod qilmoqda,
Choʻponlar hoʻngramoqda!
Egamiz ularning yaylovlarini nobud qilyapti.
37 Soʻlim maysazorlarini payhon etyapti.
Axir, Egamizning gʻazabi alanga oldi.
38 Oʻlja qidirib uyasidan chiqqan sherday,
Egamiz Oʻz makonidan chiqdi.
Egamizning alangali gʻazabi tufayli,
Urush balosi tufayli
Butun yurt xarobazorga aylanadi.»”