26–BOB
Isoni oʻldirish rejasi
1 Iso bu gaplarni aytib boʻlgach, shogirdlariga shunday dedi: 2 “Ikki kundan keyin Fisih ziyofati boʻlishini bilasizlar. Ana oʻshanda Inson Oʻgʻliga xoinlik qilishadi, Uni xochga mixlashadi.”
3 Bu paytda bosh ruhoniylar va xalq yoʻlboshchilari Kayafas ismli oliy ruhoniyning saroyida yigʻilgan edilar. 4 Ular Isoni hiyla bilan tutib, oʻldirish uchun fitna oʻylab topdilar. 5 Ammo ular: “Biz bu ishni bayram kunlari qilmasligimiz kerak, aks holda, xalq gʻalayon koʻtarishi mumkin”, dedilar.
Isoga atir moy quygan ayol
6 Iso Baytaniyada ilgari teri kasalligiga chalingan Shimoʻnning uyida 7 mehmon boʻlib oʻtirgan edi. Shunda bir ayol ganchdan yasalgan idishda qimmatbaho atir moy olib kelib, Isoning boshidan quydi. 8 Shogirdlar buni koʻrgach, gʻazablanib:
— Bu isrofgarchilikning nima keragi bor edi?! 9 Axir, bu moyni katta pulga sotib, kambagʻallarga taqsimlab berish mumkin edi–ku! — deyishdi.
10 Shogirdlar nima toʻgʻrisida gapirayotganlarini Iso bilib qolib, ularga dedi:
— Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ajoyib ish qildi. 11 Kambagʻallar har doim sizlar bilan birga boʻladilar. Men esa har doim ham sizlar bilan birga boʻlmayman. 12 Ayol bu moyni tanamga toʻkib, Meni dafnga tayyorladi . 13 Sizlarga chinini aytayin: Xushxabar dunyoning qaysi yerida eʼlon qilinmasin, bu ayol ham esga olinib, uning qilgan ishi haqida aytiladi.
14 Shunda oʻn ikki shogirddan biri boʻlgan Yahudo Ishqariyot bosh ruhoniylarning oldiga borib:
15 — Agar Isoni sizlarga tutib bersam, menga nima berasizlar? — deb soʻradi. Ular Yahudoga oʻttiz kumush tanga berdilar. 16 Oʻsha vaqtdan boshlab Yahudo Isoni tutib berish uchun qulay fursatni kuta boshladi.
Qutlugʻ kecha va Isoga xiyonat
17 Xamirturushsiz non bayramining birinchi kunida shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar:
— Fisih taomini qayerda yemoqchisiz? Biz borib tayyorgarlik koʻraylik.
18 Iso dedi:
— Quddusga falonchining oldiga borib, unga shunday deb aytinglar: Ustozimiz sizga: “Vaqtim yetdi. Men Fisih ziyofatini shogirdlarim bilan sizning uyingizda oʻtkazmoqchiman”, deb aytib yubordilar.
19 Shogirdlar Isoning aytganini qilib, Fisih taomini tayyorladilar.
20 Kech kirganda, Iso oʻn ikki shogirdi bilan dasturxon atrofiga yonboshladi. 21 Ovqatlanayotganlarida Iso:
— Sizlarga chinini aytayin, orangizdan bittangiz Menga xiyonat qiladi, — dedi.
22 Shogirdlar qattiq xafa boʻlib, birin–ketin:
— Hazrat, nahotki meni nazarda tutayotgan boʻlsangiz? — deb soʻradilar.
23 U esa shunday javob berdi:
— Men bilan baravar kosaga nonni botirgan Menga xiyonat qiladi. 24 Ha, Inson Oʻgʻli U haqda yozilganday jon beradi. Ammo Inson Oʻgʻliga xiyonat qilgan odamning holiga voy! Uning tugʻilganidan koʻra, tugʻilmagani yaxshiroq edi.
25 Sotqin Yahudo Isoga:
— Ustoz, nahotki oʻsha men boʻlsam? — dedi.
— Oʻzing aytding, — deb javob berdi Iso.
26 Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo oʻqib sindirdi. Nonni shogirdlariga berib:
— Olib yenglar, bu Mening tanamdir, — dedi. 27 Sharob quyilgan kosani ham oldi, shukrona duosini oʻqib, ularga uzatdi:
— Bundan hammalaring ichinglar, — dedi. 28 — Bu sharob Xudoning ahdini bildiradi. Bu ahd koʻplarning gunohini yuvish uchun toʻkiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. 29 Sizlarga shuni aytay: bir kun kelib, Men sizlar bilan birga osmondagi Otamning Shohligida yangi sharob ichaman. Ammo oʻsha kun kelmaguncha uzum neʼmatini ogʻzimga ham olmayman.
30 Soʻng ular hamdu sano kuylab, Zaytun togʻi tomon ketdilar.
Butrusning Isodan tonishi haqida karomat
31 Iso shogirdlariga dedi:
— Bugun kechasi hammalaringiz Meni tashlab, qochib ketasizlar. Chunki yozilgan:

“Men choʻponni oʻldiraman,
Shunda suruvdagi qoʻylar har yoqqa tarqalib ketadi.”

32 Biroq Men tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman.
33 Butrus Isoga dedi:
— Sizni hamma tashlab ketsa ham, men tashlab ketmayman!
34 Iso unga:
— Senga chinini aytayin, shu kechasiyoq, xoʻroz qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan, — dedi. 35 Butrus Unga:
— Kerak boʻlsa, Siz bilan birga oʻlaman! Ammo Sizdan aslo tonmayman! — dedi. Boshqa hamma shogirdlari ham shunday dedilar.
Isoning bogʻdagi ibodati
36 Shundan keyin Iso shogirdlari bilan Getsemaniya degan joyga bordi. Iso shogirdlariga:
— Shu yerda oʻtirib turinglar, Men nariroqqa borib, ibodat qilaman, — dedi. 37 U yoniga Butrusni va Zabadiyoning ikki oʻgʻlini oldi. Isoni qaygʻu, gʻam qamradi. 38 U shogirdlariga:
— Yuragimdagi ogʻir qaygʻu Meni oʻlguday qiynab yubordi. Shu yerda qolinglar–da, koʻz–quloq boʻlib turinglar, — dedi. 39 Soʻng bir oz nari ketib, yerga muk tushdi–da, shunday deb yolvordi:
— Ey Otam, agar iloji boʻlsa, bu azob kosasi Meni chetlab oʻtsin. Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo boʻlsin.
40 U shogirdlari yoniga kelib, ularning uxlab yotganini koʻrdi. Butrusga dedi:
— Men bilan birga bir soatgina ham uygʻoq oʻtira olmabsizlar–da! 41 Koʻz–quloq boʻlib turinglar, vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar . Ruh tetik, tana esa zaifdir.
42 Iso ikkinchi marta ketib, shunday deb iltijo qildi:
— Ey Otam! Agar bu azob kosasidan qutulishimning iloji boʻlmasa, mayli, Men oʻsha kosadan ichaman. Sening xohishing bajo boʻlsin.
43 U qaytib kelib, shogirdlarining yana uxlab yotganini koʻrdi. Ularning koʻzlari yumilib ketayotgan edi. 44 Iso ularning oldidan yana ketib, avvalgi soʻzlarini takrorlab, uchinchi marta ibodat qildi.
45 Soʻng U shogirdlari yoniga qaytib kelib, ularga dedi:
— Haligacha dam olib, uxlab yotibsizlarmi?! Mana, vaqt–soati keldi, Inson Oʻgʻli gunohkorlar qoʻliga tutib berilyapti. 46 Turinglar, ketaylik! Ana, Menga xoinlik qiluvchi kelyapti!
Iso hibsga olinadi
47 Iso hali gapini tugatmagan ham ediki, Yahudo kelib qoldi. U oʻn ikki shogirddan biri boʻlib, uning yonida qilich va tayoq koʻtarib olgan olomon bor edi. Bu olomonni bosh ruhoniylar va xalq yoʻlboshchilari yuborgan edilar. 48 Xoin Yahudo olomon bilan til biriktirib, shunday degandi: “Men kimni oʻpsam, U oʻsha Kishidir. Uni qoʻlga olinglar.” 49 U toʻgʻri Isoning oldiga borib:
— Assalomu alaykum, Ustoz! — deb, Uni oʻpdi. 50 Iso unga:
— Doʻstim, qiladigan ishingni qila qol, — deyishi bilanoq, odamlar Isoni ushlab, qoʻlga oldilar. 51 Shunda Iso bilan birga boʻlganlardan biri qilichini qinidan sugʻurdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, qulogʻini kesib tashladi. 52 Lekin Iso unga dedi:
— Qilichingni qiniga solib qoʻy! Qilich koʻtarganlarning hammasi qilichdan halok boʻladi. 53 Kerak boʻlganda edi, Men Otamga iltijo qilgan boʻlardim. U Menga oʻsha zahotiyoq oʻn minglab farishtalarini yuborgan boʻlardi. Shuni bilmaysanmi? 54 Lekin bunday qilganimda edi, qanday qilib Muqaddas bitiklar amalga oshardi? Axir, bularning hammasi sodir boʻlishi kerak–ku!
55 Shundan soʻng Iso olomonga dedi:
— Men qaroqchimidim, Meni olib ketgani qilichu tayoqlar bilan kelibsizlar?! Men har kuni Maʼbadda taʼlim berardim. Sizlar oʻshanda Meni qoʻlga olmadingizlar. 56 Ammo bularning hammasi paygʻambarlarning Muqaddas bitiklardagi bashoratlari bajo boʻlishi uchun roʻy berdi.
Oʻshanda hamma shogirdlari Isoni qoldirib, qochib ketishdi.
Iso yahudiylarning Oliy kengashi oldida
57 Isoni qoʻlga olganlar Uni oliy ruhoniy Kayafasning huzuriga olib keldilar. U yerda Tavrot tafsirchilari bilan yoʻlboshchilar ham yigʻilishgan edi. 58 Butrus esa Isoning orqasidan masofa saqlab ergashib, oliy ruhoniyning hovlisigacha keldi. Butrus ichkariga kirib, oxiri nima bilan tugarkin, deb kuzatish uchun soqchilarning yoniga oʻtirdi. 59 Bosh ruhoniylar va Oliy kengashning barcha aʼzolari Isoni oʻlimga mahkum qilish uchun Unga qarshi soxta dalillar izlar edilar . 60 Ancha guvohlar chiqqan boʻlsa–da, yetarlicha ayblovchi dalillar topilmadi. Nihoyat, ikki soxta guvoh soʻzga chiqib, 61 shunday aytishdi:
— Bu Odam: “Men Xudoning Maʼbadini buzib, uch kunda uni tiklay olaman”, degan .
62 Oliy ruhoniy oʻrnidan turib, Isoga:
— Indamay turaverasanmi?! Ularning Senga qoʻygan ayblariga javob qaytarmaysanmi?! — dedi. 63 Iso esa indamadi. Oliy ruhoniy Unga dedi:
— Barhayot Xudo haqi qasam ichib, ayt: Xudoning Oʻgʻli — Masih Senmisan?
64 Iso unga:
— Gapingiz toʻgʻri, — dedi. — Bundan buyon sizlar Inson Oʻgʻlini Qodir Xudoning oʻng tomonida oʻtirganini va osmon bulutlarida kelayotganini koʻrasizlar .
65 Shunda oliy ruhoniy oʻz kiyimlarini yirtib dedi:
— U kufrlik qilyapti–ku! Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor?! Uning kufrlik qilganini hozirgina oʻzlaringiz eshitdingizlar. 66 Sizlarning qaroringiz qanday?
— U oʻlimga loyiq! — deb javob berdi ular.
67 Soʻng ular Isoning yuziga tupurib, Uni mushtlay boshladilar. Boshqalari esa Unga shapaloq urib:
68 — Ey Masih! Qani, top–chi, Seni kim urdi ekan? — derdilar.
Butrus Isodan tonadi
69 Bu paytda Butrus tashqarida hovlida oʻtirgan edi. Bir choʻri qiz uning yoniga kelib:
— Siz ham oʻsha Jalilalik Iso bilan birga edingiz–ku! — dedi. 70 Lekin Butrus hammaning oldida buni inkor etib dedi:
— Nima toʻgʻrisida gapirayotganingizni tushunmayapman.
71 Soʻng darvoza oldiga bordi. Shunda boshqa bir choʻri qiz uni koʻrib, u yerda turganlarga:
— Mana bu odam Nosiralik Iso bilan birga edi, — dedi. 72 Butrus esa qasam ichib:
— Men Uni tanimayman! — deb yana Isodan tondi.
73 Bir ozdan keyin u yerda turganlar kelib, Butrusga:
— Sen oʻshalardan ekaning shevangdan bilinib turibdi, — deyishdi.
74 — Xudo ursin! Men bu Odamni tanimayman! — deb qasam ichdi Butrus. Shu payt xoʻroz qichqirdi. 75 Shunda Butrus Isoning: “Xoʻroz qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan” degan gapini esladi. U hovlidan chiqib, achchiq–achchiq yigʻladi.