14–BOB
Yoʻnatanning mardona ishi
1 Oʻsha kuni Shoulning oʻgʻli Yoʻnatan yoshgina qurolbardoriga:
— Yur, narigi tomondagi Filistlarning qoʻnolgʻasi turgan joyga oʻtamiz, — dedi. Ammo bu haqda otasiga hech narsa aytmadi. 2 Shoul Givo shahri yaqinidagi Migronda bir anor daraxti tagida oʻtirar, yonida olti yuztacha odamdan iborat lashkari bor edi. 3 Efod koʻtarib yurgan ruhoniy Oxiyo ham oʻsha yerda edi. Oxiyoning otasi — Oxitob, Oxitobning akasi — Ixabod edi. Ixabod — Finxazning oʻgʻli, Finxaz esa Shiloʻda Egamizning ruhoniysi boʻlib xizmat qilgan Elaxning oʻgʻli edi.
Odamlar Yoʻnatanning ketganini sezmay qolgan edilar. 4 Yoʻnatan Filistlar qoʻnolgʻasiga dovon orqali oʻtmoqchi boʻldi. Dovonning har ikki tomonida ikkita baland choʻqqi bor edi. Birisi — Bozaz, boshqasi Sanex deb atalardi. 5 Choʻqqilardan biri shimol tomonda boʻlib, Mixmashga, ikkinchisi janubda boʻlib, Givoga qaragan edi.
6 Yoʻnatan yosh qurolbardoriga:
— Yur, oʻsha sunnatsizlarning qoʻnolgʻasi tomonga oʻtaylik, Egamiz bizga yordam beradi, — dedi. — U koʻpchilik bilan ham, ozchilik bilan ham gʻalabaga erishtiraveradi. Chunki Egamiz uchun toʻsqinlik yoʻq.
7 — Siz nima desangiz, shu–da, — dedi qurolbardor. — Boʻpti, boramiz. Koʻnglingizga nima maʼqul kelsa, men ham siz bilan birgaman.
8 — Biz anavi odamlarga oʻzimizni koʻrsatamiz, — dedi Yoʻnatan. — Agar ular bizni koʻrgach: 9 “Yoningizga borgunimizcha, oʻsha yerda toʻxtab turinglar”, deb aytsa, aytgan joyida toʻxtab turamiz, ularning oldiga bormaymiz. 10 Bordi–yu: “Yonimizga kelinglar”, desa boramiz. Ana shunda Egamiz Filistlarni bizning qoʻlimizga berganini bilamiz, bizga alomat shu boʻladi.
11 Ikkovi Filistlarga koʻrinish bergan edi, Filistlar:
— Qaranglar, ibroniylar yashiringan xandaqlaridan chiqa boshlashdi! — deb qoldi. 12 Soʻng Filistlar Yoʻnatan bilan qurolbardoriga:
— Bu yoqqa kelinglar–chi, bir gaplashib qoʻyaylik, — deb baqirishdi. Yoʻnatan qurolbardoriga:
— Orqamdan yur, Egamiz ularni Isroil xalqining qoʻliga berdi, — dedi. 13 Yoʻnatan tirmashib qir tepasiga chiqa boshladi. Qurolbardori ham unga ergashdi. Oldidan kelgan Filistlarni Yoʻnatan, orqadan kelganini qurolbardori oʻldiraverdi. 14 Yoʻnatan bilan qurolbardori birinchi hujumdayoq kichkina maydonda yigirmatacha sipohni oʻldirishdi. 15 Hammani — qarorgohdagi va qirdagi odamlarni vahima bosdi. Sipohlar, hatto ilgʻorlar ham dagʻ–dagʻ titrardi. Birdan yer tebrandi. Bu Xudo yuborgan dahshat edi.
Filistlar ustidan gʻalaba
16 Shoulning Benyamin hududidagi Givo shahrida oʻrnashgan kuzatuvchilari Filistlarning yugur–yugurini koʻrib qolishdi. 17 Shoul yonidagi odamlarga:
— Bilinglar–chi, oramizda kim yoʻq ekan, — dedi. Yoʻqlama qilgan edilar, Yoʻnatan bilan uning qurolbardori yoʻqligi maʼlum boʻldi. 18 Shoul Oxiyoga:
— Xudoning Sandigʻini olib kel, — dedi. (Oʻsha paytda Xudoning Sandigʻi Isroil xalqi bilan edi .)
19 Shoul ruhoniy bilan gaplashayotgan paytda Filistlarning qarorgohidagi gʻala–gʻovur rosa avjiga chiqdi. Shuning uchun Shoul ruhoniyga:
— Kerak emas, qoʻyaver! — dedi. 20 Oʻsha zahoti Shoul va yonidagi sipohlarining hammasi birga urush maydoniga ketishdi. U yerda katta gʻalayon boʻlayotgan edi, hamma bir–biriga qilich solardi. 21 Shunda ilgari Filistlar tomonda boʻlgan va ularning qarorgohiga kelgan ibroniylar ham safdan chiqib, endi Shoul bilan Yoʻnatanning sipohlariga — Isroil sipohlariga qoʻshilib olishdi. 22 Efrayim qirlarida yashirinib olganlar ham Filistlarning qochayotganini eshitib, ularni jang maydonidan quvlay boshladi. 23 Shunday qilib, oʻsha kuni Isroil lashkarini Egamiz gʻalabaga erishtirdi.
Shoul lashkariga ont ichiradi
Urush Bayt–Obunning narigi tomonlarigacha yoyildi. 24 Oʻsha kuni Isroil lashkari juda ham holdan toydi, chunki Shoul lashkariga ont ichirib, shunday degan edi: “Dushmanlarimizdan oʻch olmagunimizcha, oqshomga qadar kim bir luqma taom yesa, laʼnati boʻlsin!” Shuning uchun biror kimsa hech narsa yemadi.
25-26 Lashkar oʻrmonga borganda, yerda oqib yotgan asalni koʻrdi, lekin Shoul ichirgan qasamdan qoʻrqib, birortasi asalga qoʻl tekkizmadi. 27 Yoʻnatan esa otasining lashkariga ont ichirganidan bexabar edi. Qoʻlidagi tayogʻini uzatib, tayoq uchini asalari iniga botirdi. Asaldan ozgina tatib koʻrgan edi, koʻzlari chaqnab ketdi. 28 Shu zahoti sipohlardan biri Yoʻnatanga:
— Otangiz lashkarga, bugun kim taom yesa, laʼnati boʻlsin, deb ont ichirgan edi, shuning uchun odamlar holdan toygan, — dedi.
29 — Otam odamlarni ogʻir ahvolga solib qoʻydi, — dedi Yoʻnatan. — Qaranglar, mana bu asaldan bir oz tatib koʻrgan edim, koʻzlarim charaqlab ketdi. 30 Bugun lashkarimiz gʻanimlardan tortib olgan taomlardan toʻyib yesaydi, juda yaxshi boʻlardi. Oʻshanda Filistlarni magʻlub qilish yanada oson boʻlarmidi?!
31 Oʻsha kuni Isroil lashkari Mixmash bilan Oyjavlon oraligʻidagi Filistlarni magʻlub qildi. Qorni ochgan Isroil lashkari shu qadar holdan toydiki, 32 oxiri ulardan oʻlja qilib olingan chorvalarga tashlanishdan oʻzga chora qolmadi. Qoʻy, mol, buzoqlarni shu yerning oʻzidayoq soʻyib, qonini oqizmasdan yeyaverishdi.
33 — Qarang, lashkaringiz goʻshtni qoni bilan yeb, Egamizga qarshi gunoh ish qilyapti! — deb ahvolni Shoulga maʼlum qilishdi.
— Xoinlik qildingizlar, hoziroq katta bir toshni bu yerga yumalatib olib kelinglar! — dedi Shoul. 34 Soʻng qoʻshib qoʻydi:
— Lashkar orasida yurib aytinglar, har bir odam molini, qoʻyini mening huzurimga olib kelib, shu yerda soʻyib, yesin. Goʻshtni qoni bilan yeb, Egamizga qarshi gunoh ish qilmanglar.
Oʻsha kuni kechasi har bir odam molini olib kelib, Shoulning oldida soʻydi. 35 Shoul Egamizga atab bir qurbongoh qurdi. Bu Shoulning Egamizga atab qurgan ilk qurbongohi edi.
36 Keyin Shoul odamlariga aytdi:
— Qani, shu kecha Filistlarni bir quvaylik. Tong otguncha mollarini tortib olamiz, birortasini sogʻ qoldirmaymiz.
— Bir ogʻiz soʻzingiz, — deb javob berishdi odamlar.
— Avval Xudoning xohish–irodasini bilaylik , — deb qoldi ruhoniy. 37 Shoul Xudodan:
— Filistlarga hujum qilaveraymi? Ularni Isroil lashkarining qoʻliga tutib berasanmi? — deb soʻradi. Lekin Xudo oʻsha kuni javob bermadi. 38 Shundan soʻng Shoul dedi:
— Isroilning hamma lashkarboshilari shu yerga kelishsin, bugun qanday gunoh qilinganini bilib olamiz. 39 Isroilga najot beradigan Xudo shohid! Gunoh qilgan oʻgʻlim Yoʻnatan boʻlib chiqsa ham, albatta oʻldiriladi.
Biron kimsadan sado chiqmadi. 40 Shoul oʻz odamlariga buyurdi:
— Sizlar bir tomonda turinglar, oʻgʻlim Yoʻnatan bilan men boshqa tomonda turamiz.
— Bir ogʻiz soʻzingiz, — deb javob berdi odamlar.
41 Shoul Isroil xalqining Xudosi — Egamizga:
— Ey Egam! Aybsizni oʻzing oqla! — deb iltijo qildi.
Soʻng qurʼa tashlandi , qurʼa Yoʻnatan bilan Shoulga tushdi, odamlarning hammasi esa oqlandi.
42 — Endi men bilan oʻgʻlim Yoʻnatan orasiga qurʼa tashlang, — dedi Shoul. Bu safar qurʼa Yoʻnatanga tushdi. 43 Shoul Yoʻnatandan:
— Menga ayt–chi, nima qilding? — deb soʻradi.
— Men qoʻlimdagi tayoqning uchini asalga botirib olib, ozgina tatib koʻrgan edim, endi men oʻlimimga roziman, — deb javob berdi Yoʻnatan.
44 — Yoʻnatan, agar seni oʻldirtirmasam, Xudoning qahriga uchray, hatto undan battarrogʻiga uchray, — dedi Shoul. 45 Ammo odamlar Shoulga eʼtiroz bildirdi:
— Isroilni ulugʻ zafarga erishtirgan Yoʻnatanni oʻldirmoqchimisiz? Aslo! Xudo shohid! Sochining bir tolasiga ham zarar yetmaydi. U bugun nima qilgan boʻlsa, Xudoning madadi bilan qildi.
Shunday qilib, odamlar Yoʻnatanni oʻlimdan qutqarib qoldi.
46 Shundan soʻng Shoul Filistlarni taʼqib qilmadi. Filistlar esa oʻz yerlariga qaytib ketishdi.
Shoulning erishgan gʻalabalari
47 Shoul Isroil shohi boʻlgandan keyin atrofidagi barcha dushmanlari — Moʻab, Ommon, Edom xalqlari, Zoʻvo shohlari va Filistlar bilan urush qildi. Qayerga borsa, gʻalaba qildi. 48 Mardona jang qilib Omolek xalqini magʻlub qildi, Isroil xalqini talonchilarning qoʻlidan xalos qildi.
Shoulning oilasi
49 Shoulning Yoʻnatandan boshqa Ishbosit va Malkishuva ismli oʻgʻillari bor edi. Uning ikki qizi ham boʻlib, kattasining ismi Merav, kichkinasiniki Mixal edi. 50 Xotini Oxinavam edi. U Oximas deganning qizi edi. Shoulning amakisi Narning oʻgʻli Abnur lashkarboshi edi. 51 Abnurning otasi Nar va Shoulning otasi Kish aka–uka edilar. Nar va Kishning otasi Abil edi.
52 Shoul davrida Filistlar bilan doimo qaqshatqich urush boʻlar edi. Shoul qayerda mard yoki jang qilishga mohir odamni koʻrsa, oʻz qoʻshiniga olardi.