18–BOB
Ilyos va Baalning paygʻambarlari
1 Oradan ancha kunlar oʻtdi. Nihoyat, qurgʻoqchilikning uchinchi yili Ilyosga Egamiz shu soʻzlarni ayon qildi:
— Axabning huzuriga bor. Men yer yuziga yomgʻir yogʻdiraman.
2 Ilyos Axabga koʻringani ketdi. Bu vaqtda Samariyada dahshatli ocharchilik hukm surardi.
3 Axab saroy boshqaruvchisi Obodiyoni chaqirdi. Obodiyo Egamizdan juda qoʻrqardi. 4 Izabel Egamizning paygʻambarlarini oʻldirayotganda, Obodiyo yuzta paygʻambarni gʻorga olib ketgan va ellikta–ellikta qilib oʻsha yerda yashirgan, ularni non–suv bilan taʼminlab turgandi. 5 Axab Obodiyoga dedi:
— Yurtdagi hamma buloqlar va soyliklarga bor, oʻt–oʻlan topib, otlarni, xachirlarni boqaylik, mol–holdan ayrilib qolmaylik tagʻin.
6 Ikkovi aylanib chiqish uchun yurt hududini taqsimlab olishdi. Axab bir yoʻldan oʻzi alohida ketdi. Obodiyo ham oʻzi alohida boshqa yoʻldan ketdi.
7 Obodiyo yoʻlda ketayotganda, roʻparasidan Ilyos chiqib qoldi. Obodiyo Ilyosni tanidi va yetti bukilib taʼzim qilib:
— Sizmisiz, toʻram Ilyos? — deb soʻradi.
8 — Ha, menman, — deb javob berdi Ilyos unga. — Bor, xoʻjayiningga: “Ilyos shu yerda”, deb ayt.
9 — Mening qanday aybim borki, siz men, qulingizni Axabning qoʻliga topshiryapsiz?! — dedi Obodiyo. — Meni oʻldirish uchunmi?! 10 Egangiz Xudo shohid! Birorta shohlik yoki xalq yoʻqki, xoʻjayinim sizni axtarib topish uchun oʻsha yerlarga biror odamni joʻnatmagan boʻlsin. Oʻsha shohliklardan, xalqlardan: “Ilyos bu yerda yoʻq”, deb javob kelgandan keyin ham ularga sizni topa olmaganlari haqida qasam ichdirdi. 11 Endi esa siz: “Bor, xoʻjayiningga, Ilyos shu yerda, deb ayt”, deyapsiz. 12 Yoningizdan ketishim bilanoq, Egamizning Ruhi sizni biror joyga olib ketadi. Qayergaligini esa men bilolmay qolaman. Men Axabning huzuriga borib xabar berdim ham deylik. U esa sizni topa olmasa, oʻsha zahoti meni oʻldiradi. Lekin men, qulingiz, bolaligimdan Egamizdan qoʻrqaman. 13 Izabel Egamizning paygʻambarlarini oʻldirayotganda, men Egamizning paygʻambarlaridan yuztasini ellikta–ellikta qilib gʻorlarda yashirdim, ularga non–suv berib turdim. Nahotki mana shu qilgan ishlarim haqida toʻram eshitmagan boʻlsalar?! 14 Endi esa siz menga: “Bor, Ilyos shu yerda, deb xoʻjayiningga ayt”, deyapsiz. U meni oʻldiradi–ku!
15 — Men xizmat qilayotgan Sarvari Olam shohid! Bugun men unga albatta koʻrinaman, — dedi Ilyos.
16 Shundan keyin Obodiyo Axabning yoniga borib, uni voqeadan xabardor qildi. Axab esa Ilyosni kutib olish uchun ketdi. 17 Axab Ilyosni koʻrdi–yu: “Isroilga balo keltiradigan senmisan hali?!” deb doʻq urdi.
18 — Isroilga balo keltiradigan men emas, — deya javob berdi Ilyos. — Aksincha, sen va otangning xonadoni Egamizning amrlaridan yuz oʻgirdingizlar, Baalga sajda qilib, Isroilga balo keltirdingizlar. 19 Endi birortasiga buyur: butun Isroil xalqini, Baalning Izabel dasturxonidan taom yeydigan 450 nafar paygʻambarini, Asheraning 400 nafar paygʻambarini menga Karmil togʻi yoniga toʻplab bersin.
20 Axab jamiki Isroil xalqini, paygʻambarlarni Karmil togʻi yoniga toʻpladi. 21 Ilyos xalqning roʻparasiga chiqib, ularga tanbeh berdi:
— Qachongacha ikki kemaning uchini tutib yurasizlar?! Agar Egamiz Xudo boʻlsa, Unga ergashinglar. Bordi–yu, Baal Xudo boʻlsa, unga sajda qilinglar.
Xalqdan sado chiqmadi. 22 Ilyos yana xalqqa qarab gapira boshladi:
— Egamizning paygʻambarlaridan yolgʻiz men qoldim, Baalning paygʻambarlari esa 450 kishi. 23 Endi bizga ikkita buqa keltiringlar. Baalning paygʻambarlari bitta buqani tanlab olib nimtalasin, keyin oʻtinlarning ustiga qoʻyishsin, lekin olov yoqishmasin. Men ham buqaning bittasini tayyorlab oʻtinlarning ustiga qoʻyaman, lekin olov yoqmayman. 24 Baalning paygʻambarlari iltijo qilib, Baalni chaqirishsin. Men ham iltijo qilib, Egamizni chaqiraman. Kimning Xudosi alanga orqali javob bersa, Xudo Oʻshadir.
Xalqqa bu gap juda maʼqul keldi. 25 Ilyos Baalning paygʻambarlariga dedi:
— Sizlar koʻpchiliksiz, bitta buqani tanlab olib, avval sizlar nimtalanglar. Keyin xudoyingizga iltijo qilib, chaqiringlar, lekin olov yoqmanglar.
26 Baalning paygʻambarlari oʻzlari tanlab olgan buqani nimtalab, tayyorlab qoʻydilar. Keyin ertalabdan peshingacha: “Ey Baal, bizga javob ber!” deb oʻzlarining xudosiga iltijo qilib, chaqirdilar. Lekin na biron sado keldi, na birortasi javob berdi. Ular oʻzlari qurgan qurbongohning atrofida sakrayverdilar.
27 Peshin vaqti boʻldi. Ilyos endi ularning ustidan kula boshladi:
— Balandroq ovoz bilan chaqiringlar. Axir, u xudo–ku, balki xayol surib oʻtirgandir, yo biror narsa bilan mashgʻuldir, yoki yoʻlda kelayotgandir, yoki uxlab yotgan boʻlsa, uygʻotish kerakdir.
28 Xullas, ular baland ovoz bilan baqiraverdilar. Keyin, odatlariga koʻra, oʻzlariga pichoq va nayza sanchib, qon oqizdilar. 29 Peshin vaqti oʻtib ketdi. Kechki qurbonlik paytiga qadar ular jazavaga tushib baqiraverdilar. Lekin na bir sado boʻldi, na birorta alomat, na bir javob boʻldi.
30 Ilyos: “Menga yaqinroq kelinglar”, — deb hamma odamlarni chaqirdi. Xalq Ilyosning yoniga keldi. Shu payt Ilyos Egamizning buzilgan qurbongohini qayta tiklay boshladi. 31 Ilyos oʻn ikkita tosh oldi. Bu toshlar Yoqubning oʻgʻillaridan kelib chiqqan qabilalarni anglatardi. Yoqubga Egamiz: “Sening noming Isroil boʻladi” degan soʻzlarni ayon qilgan edi . 32 Ilyos oʻsha toshlarni ishlatib, Egamizga atab qurbongoh qurdi. Qurbongoh atrofida bir togʻora bugʻdoy sigʻadigan xandaq qazidi. 33 Soʻng oʻtinlarni qalashtirdi, buqani nimtalab, oʻtinlar ustiga qoʻydi.
— Toʻrtta koʻzada toʻldirib suv olib kelinglar, — dedi Ilyos odamlarga. — Suvni kuydiriladigan qurbonlikning va oʻtinlarning ustidan toʻkinglar.
34 Keyin: “Yana takrorlanglar!” deb buyurdi Ilyos odamlarga. Odamlar yana toʻrt koʻza suv quydilar. “Uchinchi marta ham takrorlanglar!” — dedi. Uchinchi marta ham toʻrt koʻza suv quydilar. 35 Shunda qurbongohning atrofida suv oqa boshladi, xandaq ham suvga toʻldi.
36 Kechki qurbonlik payti boʻlganda, Ilyos paygʻambar qurbongohga yaqin kelib, xitob qildi:
— Ey Ibrohimning, Isʼhoqning va Yoqubning Xudosi — Egamiz! Bugun Sening Isroilda Xudo ekanliging, men esa Sening quling ekanligim ayon boʻlsin. Bularning hammasini Sening amringga binoan bajo qilganim ayon boʻlsin. 37 Menga javob ber, ey Egamiz! Menga javob ber, mana bu xalq Sening Xudo ekaningni, ularning dilini Sen Oʻzingga moyil qiluvchi ekaningni bilsin.
38 Oʻsha zahoti Egamiz olov yubordi. Olov kuydirishga atalgan qurbonlikni, oʻtinlarni, toshlarni va tuproqni yamlamay yutib yubordi. Xandaqdagi suvni ham olov tortib ketdi. 39 Bu hodisani kuzatib turgan xalq yuz tuban muk tushib: “Egamiz — Xudodir, Egamiz — Xudodir”, — dedi.
40 Shundan soʻng Ilyos odamlarga: “Baalning paygʻambarlarini ushlanglar, birortasi ham qochib ketmasin!” deb buyurdi. Odamlar Baalning paygʻambarlarini ushladilar. Ilyos ularni Xishon daryosiga olib tushib, oʻsha yerda oʻldirdi.
Qurgʻoqchilik tugaydi
41 Shu voqeadan keyin Ilyos Axabga: “Bor, endi yeb–ichaver, qattiq yomgʻir yogʻadi, yomgʻir yaqinlashayotganini eshityapman”, dedi. 42 Axab tamaddi qilib olish uchun ketdi. Ilyos esa Karmilning tepasiga chiqdi. Peshanasi yerga tekkudek choʻkkalab oʻtirdi. 43 Keyin xizmatkoriga:
— Bor, dengiz tomonga qara–chi, — dedi. Xizmatkor ketdi.
— Hech narsa yoʻq ekan, — dedi u qaytib kelib.
Ilyos xizmatkoriga yetti marta: “Dengizga qara!” deb buyurdi. 44 Xizmatkor yettinchi marta ham borib qaradi.
— Ana, dengizdan kichkina bir bulut chiqib kelyapti, kattaligi odamning kafticha keladi, — dedi u, nihoyat.
Ilyos xizmatkoriga buyurdi:
— Tez borib, Axabga ayt, aravasini qoʻshib joʻnasin. Tagʻin yomgʻirda qolib ketmasin.
45 Shu payt birdan osmonni qop–qora bulut qopladi, shamol esib, shiddat bilan yomgʻir yogʻa boshladi. Axab esa aravasiga oʻtirib, Yizrilga yoʻl oldi. 46 Egamiz Ilyosga alohida kuch–qudrat ato qildi. U toʻnining etagini beliga qistirdi–da, Yizrilga qarab yugurib, Axabdan ilgarilab ketdi.