14–BOB
Absalom Quddusga qaytib keladi
1 Shoh Dovud Absalomni sogʻinayotganini Yoʻab bildi. 2 U bittasini Taxuva shahriga yuborib, u yerda yashaydigan bir donishmand ayolni chaqirtirib keldi. Yoʻab oʻsha ayolga:
— Sendan bir iltimosim bor, — dedi. — Motamsaro qiyofaga kirib, aza kiyimlaringni kiyasan. Pardoz qilma, oʻzingni xuddi marhumga anchadan beri aza tutayotgan ayolday koʻrsat. 3 Men senga nima aytsam, shoh huzuriga borib, unga yetkazasan.
Keyin Yoʻab ayolga nimalar aytishi lozimligini oʻrgatdi. 4 Taxuvalik ayol shoh huzuriga yoʻl oldi. Uning huzuriga borib, muk tushib taʼzim qildi–da:
— Ey shohim, yordam bering! — dedi.
5 — Nima boʻldi? — deb soʻradi shoh.
— Men bir baxtsiz tul ayolman, — dedi u. — Erim oʻlgan. 6 Bu choʻringizning ikki oʻgʻli bor edi. Ikkovi dalada janjallashib qolishibdi. Oʻsha yerda ularni ajratib qoʻyadigan biror kimsa yoʻq ekan, bittasi ikkinchisini urib oʻldirib qoʻyibdi. 7 Endi esa butun qavmim bu choʻringizga qarshi chiqib: “Birodarini oʻldirganni bizning qoʻlimizga ber, birodarini oʻldirgani uchun undan qasos olamiz, qotilni oʻldiramiz, merosxoʻrini yoʻq qilamiz”, deyishyapti, oxirgi umid nishonamdan ham ayirishmoqchi. Agar yana fojia yuz beradigan boʻlsa, yer yuzida erimning nomini davom ettiradigan biror kimsa qolmaydi–ku.
8 — Uyingga boraver, — dedi shoh, — men sening foydangga amr beraman.
9 — Shoh hazratlari, bu voqeaga men va otamning xonadoni aybdor boʻlsin, — dedi Taxuvalik ayol, — shohim va uning taxti begunoh boʻlsin.
10 — Kim senga biror narsa desa, uni mening oldimga boshlab kel. Shunday qilayinki, oʻsha odam seni boshqa xafa qilmaydigan boʻlsin, — dedi shoh.
11 — Boʻlmasa, shohim oʻzlarining Egasi Xudo nomi bilan ont ichsinlar, toki qasoskorlar yana ziyon–zahmat yetkazmasin, — dedi ayol. — Aks holda, oʻgʻlimni oʻldirib qoʻyishadi.
— Xudo shohid! Oʻgʻlingning bir tola sochiga ham zarar yetmaydi, — dedi shoh.
12 — Endi ijozat bersangiz, bu choʻringiz shoh hazratlariga yana bir ogʻiz gap aytmoqchi edi, — dedi ayol.
— Ayt, — dedi shoh. 13 Ayol gapini davom ettirdi:
— Boʻlmasa, nima uchun shoh Xudoning xalqiga qarshi bunday nohaqlikni ravo koʻrayotirlar? Shohim haligi gapi bilan oʻzlarini gunohkor qilganday boʻldilar. Chunki, shohim, oʻzingiz quvgʻin qilgan odamni qaytarmayapsiz. 14 Tuproqqa toʻkilgan suvni qayta yigʻib boʻlmaganiday, hammamiz ham olamdan oʻtib ketamiz. Lekin Xudo jonimizni olishni istamaydi. Xudo “Badargʻa qilingan odam Oʻzimdan uzoq ketmasin”, deb yoʻllarini qidiradi. 15 Odamlar meni qoʻrqitgani uchun shoh hazratlariga shularni aytib berishga keldim. Oʻzimga oʻzim aytdim: “Shohga maslahat solay–chi, balki bu choʻrisining tilagini bajo aylar. 16 Oʻgʻlim bilan meni oʻldirib, bizni Xudo bergan merosdan mahrum qiladiganning qoʻlidan qutqarishni faqat shoh oʻz zimmasiga olishi mumkin. 17 Shoh hazratlari oʻz soʻzi bilan meni tinchlantiradilar. Chunki shohim, Xudoning farishtasi kabi yaxshi–yomon gapni tinglab, ajrim qiladilar.” Egangiz Xudo sizga yor boʻlsin!
18 — Sendan bir narsani soʻrayman, lekin mendan hech narsani yashira koʻrma! — dedi shoh.
— Soʻrasinlar, shoh hazratlari, — dedi ayol.
19 — Bu aytganlaringning hammasida Yoʻabning qoʻli bormi? — deb soʻradi shoh. Ayol unga shunday javob berdi:
— Toʻgʻrisi, shoh hazratlari, sizdan hech narsani yashirib boʻlmas ekan! Ha, bu choʻringizga shu gaplarni oʻrgatgan va buyruq bergan — qulingiz Yoʻab boʻladi. 20 Ha, qulingiz Yoʻab vaziyatni yaxshilash uchun oʻylab topdi buni. Shoh hazratlari Xudoning farishtasi kabi donodir, el–yurtda boʻlib oʻtgan voqealar uning nazaridan chetda qolmaydi.
21 Shundan keyin shoh Yoʻabga:
— Sen istaganingday boʻla qolsin, bor, anavi yigitni — Absalomni qaytarib kel, — dedi.
22 Yoʻab muk tushib taʼzim qildi va:
— Ey shoh hazratlari, bugun men, qulingizning istagini bajo aylab, menga iltifot koʻrsatayotganingizni bilib turibman, — deb shohni maqtadi.
23 Shundan keyin Yoʻab Gashurga borib, Absalomni Quddusga olib keldi. 24 Lekin shoh: “Absalom uyiga borsin, mening huzurimga kelmasin”, deb amr berdi. Shuning uchun Absalom shohni koʻra olmay, uyiga ketdi.
25 Butun Isroilda Absalom kabi chiroyli, kelishgan odam yoʻq edi. U boshdan–tirnogʻigacha benuqson edi. 26 Sochini koʻtarib yurish ogʻirlik qilgani uchun har yil oldirardi. Oldirgan sochini tortib koʻrganda, sochining ogʻirligi shohlikdagi oʻlchov boʻyicha besh yuz misqol chiqardi. 27 Absalomning uch oʻgʻli va Tamara degan goʻzal bir qizi bor edi.
28 Absalom Quddusda ikki yil turdi. Lekin shu vaqt davomida shohni koʻra olmadi. 29 Nihoyat, Yoʻabni shoh huzuriga joʻnatmoqchi boʻlib, bu haqda unga xabar berdi. Ammo Yoʻab Absalomnikiga kelishni istamadi. Absalom ikkinchi marta xabar yubordi. Yoʻab yana kelmadi. 30 Shunda Absalom xizmatkorlariga:
— Koʻryapsizlarmi, Yoʻabning arpa dalasi menikiga yondosh. Boringlar, uning arpasiga oʻt qoʻyinglar, — dedi.
Xizmatkorlar borib, Yoʻabning arpasiga oʻt qoʻyishdi. 31 Shunda Yoʻab Absalomning uyiga bordi.
— Nimaga xizmatkorlaring dalamga oʻt qoʻydi? — dedi. 32 Absalom unga shunday javob berdi:
— Senga, menikiga kel, seni shoh huzuriga joʻnataman, deb xabar bergan edim. Sen orqali shohga: “Gashurdan nega keldim? Qaytanga oʻsha yerda qolganimda, menga yaxshiroq boʻlardi” degan gaplarni yetkazmoqchi edim. Endi shoh huzuriga boray. Agar mening aybim boʻlsa, oʻldirsin.
33 Shundan soʻng Yoʻab shoh huzuriga borib, Absalomning aytganlarini unga yetkazdi. Shoh Absalomni chaqirtirdi. Absalom shoh huzuriga kela solib, muk tushib taʼzim qildi. Shoh Absalomni oʻpdi.