5–BOB
Imonlilar jamoatidagi munosabatlarga oid koʻrsatmalar
Yoshu qariyalar
1 Yoshi katta odamga qattiq gapirma, uni otang oʻrnida koʻrib, hurmat bilan nasihat qil. Yoshlarga ukalaringdek, 2 kampirlarga onalaringdek munosabatda boʻl. Yosh ayollarni singillaring oʻrnida koʻrib, ularga pokdillik bilan nasihat qil.
Bevalar
3 Suyanchigʻi yoʻq beva xotinlarga gʻamxoʻrlik qil. 4 Agar bevaning bolalari yoki nabiralari bor boʻlsa, ular, eng avvalo, oʻz oilasi oldidagi, Xudo buyurgan farzni ado etib, farzandlik burchini bajarsinlar, chunki bu Xudoga maqbuldir. 5 Yolgʻiz qolgan, suyanchigʻi yoʻq beva xotin butun umidini Xudoga bogʻlab, kechayu kunduz toat–ibodat qiladi. 6 Ammo kayf–safoga berilib ketgan beva xotin ruhan oʻlikdir. 7 Bevalarga va ularning oila aʼzolariga bularni oʻrgat, toki ular malomatga qolmasinlar. 8 Zero, oʻz qarindoshlariga, xususan, oila aʼzolariga gʻamxoʻrlik qilmagan kishi imonni inkor etgan boʻladi. U imonsizdan ham battardir.
9 Tullar roʻyxatiga faqatgina oltmish yoshdan oshgan, marhum eriga vafodor boʻlgan beva ayollarni kirit. 10 Bu ayollar qilgan ezgu ishlari bilan tanilgan, yaʼni bolalariga yaxshi tarbiya bergan, musofirlarga mehmondoʻst boʻlgan, Xudo azizlarining oyoqlarini yuvgan , qiynalganlarga yordam bergan, oʻzlarini turli xil xayrli ishlarga bagʻishlagan boʻlishlari lozim.
11-12 Beva qolgan yoshroq xotinlarni roʻyxatga kiritma. Chunki ularning ehtirosi junbishga kelganda, erga tegishni istab qoladilar. Shunda ular erga tegmaslik haqidagi Masihga bergan vaʼdasini buzib, odamlar orasida yomon otli boʻlib qoladilar. 13 Bundan tashqari, ular boshqa bir xatarga yoʻliqadilar: yalqovlikka berilib, uyma–uy yurishga oʻrganib qoladilar. Shunisi yetmaganday, gʻiybat qilishga, boshqalarning ishiga burun suqib, lozim boʻlmagan narsalarni gapirishga odatlanadilar. 14 Shu sabablarga koʻra, men yosh bevalarning erga tegishini istardim. Ular bola tugʻib, roʻzgʻor ishlari bilan mashgʻul boʻlsinlar, gʻanimlarimizning yomon gapirishlariga imkon yaratib bermasinlar. 15 Chunki shundoq ham baʼzi bevalarimiz toʻgʻri yoʻldan ozib, shayton yoʻliga kirib ketdilar.
16 Agar birorta imonli ayolning beva qolgan qarindoshlari boʻlsa, ularga oʻzi yordam bersin, bu vazifani imonlilar jamoatiga yuklamasin. Shunda suyanchigʻi yoʻq beva xotinlarga jamoat yaxshiroq yordam bera oladi.
Jamoat oqsoqollari
17 Imonlilar jamoatini yaxshi boshqarayotgan, xususan, astoydil vaʼz aytib, taʼlim berayotgan oqsoqollar hurmatga sazovordirlar, ular qilgan mehnatlariga yarasha taqdirlansinlar. 18 Zero, Muqaddas bitiklarda: “Gʻalla yanchayotgan hoʻkizning ogʻzini toʻsmang” va “Mehnatkash ish haqini olishga munosibdir” , — deyilgan. 19 Ikki yoki uch guvoh boʻlmasa, hech bir oqsoqolga qoʻyilgan aybni qabul qilma. 20 Gunoh qilib yurgan oqsoqollarni esa hammaning oldida fosh qilib, tavbaga chaqir, toki boshqalarning ham diliga qoʻrquv kirsin. 21 Xudo, Iso Masih va tanlangan farishtalar huzurida senga qatʼiy buyuraman: hech bir ishda yuz–xotirchilik va tarafkashlik qilmay, bu koʻrsatmalarimga rioya qil.
22 Biror odamni jamoat oqsoqoli vazifasiga tayinlashga shoshilma, tagʻin birovning gunohlariga sherik boʻlib qolma. Oʻzingni pok saqla. 23 Lekin suv ichish bilan cheklanib qolmay, ozginadan sharob ham ichib tur . Bu oshqozoningga yaxshi taʼsir qilib, tez–tez yuz berayotgan kasalliklaringning oldini oladi. 24 Baʼzi odamlarning gunohlari hozirdan ochiq–oshkor boʻlib, hatto qiyomat kunidan oldin fosh boʻlmoqda. Boshqalarning gunohlari esa oxiratda maʼlum boʻladi. 25 Shuningdek, qilingan xayrli ishlar ham oshkordir. Baʼzilari oshkor boʻlmasa–da, baribir pinhon qolmaydi.