4–BOB
Dobira va Baraq
1 Ehudning oʻlimidan soʻng Isroil xalqi yana Egamizning oldida qabih ishlar qildi. 2 Egamiz esa ularni Xazor shahri taxtida oʻtirgan Kanʼon shohi Yobinga qaram qilib qoʻydi. Uning lashkarboshisi Xaroshet–Xagoyim shahrida yashagan Sisaro edi. 3 Yobinning toʻqqiz yuzta temir jang aravasi bor edi. Uning yigirma yil davomida oʻtkazib kelgan zulmiga chiday olmagan Isroil xalqi najot soʻrab, Egamizga iltijo qildi.
4 Ayni zamonda Lappidoʻtning xotini boʻlgan paygʻambar ayol Dobira Isroil xalqiga hakam boʻlib xizmat qilayotgan edi. 5 U Rama va Baytil shaharlari oʻrtasida, Efrayim qirlaridagi maʼlum bir palma daraxti tagida oʻtirar, Isroil xalqi esa janjalli masalalarni yechish uchun uning oldiga borar edi. Keyinchalik xalq oʻsha palma daraxtiga Dobira deb nom qoʻydi. 6 Bir kuni Dobira Naftali yerlaridagi Kedesh shahriga bir odam joʻnatib, Baraqni chaqirtirib keldi. Baraq Abunavamning oʻgʻli edi. Dobira Baraqqa shunday dedi:
— Isroil xalqining Xudosi — Egamiz senga amr qilmoqda: “Bor, oʻzing bilan Naftali va Zabulun qabilalaridan oʻn ming nafar odamni Tovur togʻiga olib chiq. 7 Men Yobinning lashkarboshisi Sisaroni, jang aravalari va lashkari bilan Xishon daryosining yonida senga roʻbaroʻ qilaman. Bu jangda ularni sening qoʻlingga beraman.”
8 — Agar sen men bilan borsang, boraman, bormasang, men ham bormayman, — dedi Dobiraga Baraq.
9 Dobira shunday javob berdi:
— Albatta sen bilan boraman, lekin bilginkim, bu gʻalaba senga sharaf keltirmaydi, zero, Egamiz Sisaroni ayol kishining qoʻliga beradi.
Shunday qilib, Dobira Baraq bilan Kedeshga joʻnadi. 10 Baraq Naftali bilan Zabulun lashkarlarini Kedeshga toʻpladi. Toʻplanganlardan oʻn mingtasi Baraqqa ergashdi, Dobira ham ular bilan bordi.
11 Shu orada Xayin xalqidan boʻlgan Xaber ismli bir kishi oʻz urugʻ–aymoqlaridan ajralib, boshqa joyga koʻchib oʻtgan edi. U oʻz chodirini Kedeshning yaqinidagi, Zananimdagi eman daraxtining yoniga qurgan edi. Oʻsha odam Musoning qaynagʻasi Xoʻvov urugʻidan edi.
12 Sisaro Abunavam oʻgʻli Baraqning Tovur togʻiga chiqqanini eshitgach, 13 toʻqqiz yuz temir jang aravasi bilan jamiki lashkarini Xaroshet–Xagoyimdan olib chiqib, Xishon daryosida toʻpladi. 14 Shunda Dobira Baraqqa dedi: “Qani, boʻl! Egamiz bugun Sisaroni senga taslim qiladi. Egamizning Oʻzi seni jangga boshlab boradi.” Baraq oʻn mingta odamga bosh boʻlib, Tovur togʻidan tushdi. 15 Baraq hujum qilgach, Sisaroni, uning jang aravalariyu lashkarini Egamiz sarosimaga soldi. Sisaro jang aravasidan tushdi–da, qochib qoldi. 16 Baraq dushman jang aravalarini va lashkarini Xaroshet–Xagoyimgacha taʼqib qildi. Sisaroning barcha lashkarini qilichdan oʻtkazdi, ulardan birortasi ham omon qolmadi.
17 Sisaro qochib, Xaberning xotini Yovelning chodiriga bordi, chunki Xazor shohi Yobin Xaber urugʻi bilan sulh tuzgan edi. Xaber Xayin xalqidan edi. 18 Yovel Sisaroni qarshi olib:
— Keling, toʻram, ichkariga kiring, qoʻrqmang, — dedi.
Sisaro ichkariga kirdi, Yovel uni chodir pardasining orqasiga yashirib qoʻydi. 19 Keyin Sisaro unga:
— Iltimos, ozgina suv ber, chanqab ketdim, — dedi.
Yovel meshni ochib, unga sutdan ichirdi. Soʻng Sisaroni yana parda bilan toʻsib qoʻydi. 20 U esa Yovelga shunday dedi:
— Chodirning kiraverishiga borib tur, agar birortasi kelib sendan: “Bu yerda biror odam bormi?” — deb soʻrasa, “Yoʻq”, — deb javob ber.
21 Sisaro charchaganidan yotib uxlab qoldi. Xaberning xotini Yovel esa bir qoʻliga chodir qozigʻini, boshqa qoʻliga bolgʻa olib sekingina uning oldiga bordi. Qoziqni Sisaroning chakkasiga qoqib, boshini yerga qadab qoʻydi. Sisaro oʻldi. 22 Yovel Sisaroni quvib kelayotgan Baraqni qarshi olgani chiqib: “Keling, men sizga qidirayotgan odamingizni koʻrsataman”, — dedi. Baraq chodirga kirdi. Qarasa, Sisaro oʻlib yotibdi, chakkasiga qoziq qoqilgan ekan.
23 Oʻsha kuni Xudo Kanʼon xalqining shohi Yobinni Isroil xalqiga boʻysundirdi. 24 Isroil xalqi kundan–kunga kuchayib, oxiri Kanʼon shohi Yobinni butunlay yoʻq qildi.