4–BOB
Quddusning qamaldagi qismati
1 Voy shoʻrim!
Oltin xira tortdi,
Sof tilla jilosini yoʻqotdi.
Har bir koʻcha boshida
Maʼbad toshlari sochilib yotibdi.
2 Quddusning aziz farzandlari
Oltindan ham qadrli edi,
Evoh, endi esa ular
Kulol yasagan sopol idishday
Qadrsiz boʻlib qoldilar.
3 Hatto chiyaboʻrilar
Oʻz bolalarini emizishar.
Mening xalqim esa tuyaqushga oʻxshab qoldi ,
Ular oʻz farzandlariga shafqat qilmaydi.
4 Chaqaloqlar juda chanqagan
Tillari tanglayiga yopishib qolgan,
Non soʻrab, yosh bolalar tilanchilik qilyapti,
Biroq hech kim ularga bir burda ham non bermaydi.
5 Tansiq taomlar yegan odamlar
Endi koʻchalarda ochlikdan oʻlyaptilar.
Qimmatbaho libos kiyib oʻsganlar
Endi kul uyumlari orasida yotibdilar.
6 Sadoʻm shahriga qarshi inson qoʻli koʻtarilmadi,
Ammo bu shahar bir zumda vayron boʻldi.
Xalqimning tortgan jazosi
Sadoʻmning jazosidan ham ogʻirroq boʻldi.
7 Sutdan ham oq, qordan ham oppoq edi
Yoʻlboshchilarimizning koʻngillari,
Marjonday tovlanardi sogʻlom tanalari,
Yoqutday koʻrkam edi koʻrinishlari.
8 Endi tanib boʻlmas ularni koʻchalarda,
Ularning yuzlari kuyadan ham qoraroq tusda.
Bujmaygan terilari suyaklarga yopishgan,
Tarashadan ham battar qurib–qaqshab ketgan.
9 Qilich tigʻidan nobud boʻlganlar
Baxtliroqdir ochlik qurbonlaridan.
Zero, qahatchilikka duchor boʻlganlar
Jonlarini asta–sekin taslim qilarlar.
10 Mehribon onalar tuqqan bolalarini
Oʻz qoʻllari bilan pishirdilar.
Xalqim halokatga uchraganda,
Bolalari ularga yemish boʻldi.
11 Egamizning qahr–gʻazabi qaynadi,
U achchiq qahrini sochdi,
Quddus shahrida olov yondirdi,
Olov shaharni poydevorigacha kuydirdi.
12 Dushman Quddus darvozalarini yorib oʻtishiga
Yer yuzidagi hukmdorlar ishonmaganlar.
Jahondagi odamlar buni hatto xayoliga ham keltirmaganlar.
13 Shahardagi paygʻambarlarning gunohi,
Ruhoniylarning jinoyatlari bunga sabab boʻldi.
Axir, ular shaharda solih odamning qonini toʻkdilar.
14 Ha, ular oʻz kiyimini qonga bulgʻadilar,
Ularning kiyimidan odamlar hazar qiladilar.
Koʻr odamday bu yoʻlboshchilar
Koʻchalarda daydib yuribdilar.
15 “Yoʻqol, harom!” deb baqiradi hamma ularga,
“Yoʻqollaring! Yoʻqol! Tega koʻrmang sizlar bizlarga!”
Qochib, gʻaribu musofir boʻlib yurganda ular,
“Bu yerdan chiqib ketinglar”, deb xalqlar ularni haydar.
16 Egamizning Oʻzi tarqatib yubordi ularni,
Bu yoʻlboshchilarga endi U nazar solmaydi.
Ruhoniylarga hech kim hurmat koʻrsatmaydi,
Oqsoqollarga hech kim marhamat qilmaydi.
17 Behuda kutaverib madad,
Toldi bizning koʻzimiz,
Madad bera olmaydigan bir xalqqa
Umid bogʻlagan ekanmiz.
18 Har bir qadamimizni poyladi yovimiz,
Oʻz koʻchalarimizda yurolmadik biz.
Bor–yoʻgʻi sanoqli kunimiz qoldi.
Bizning umrimiz poyoniga yetdi.
19 Bizni taʼqib qiluvchilar
Burgutdan ham tezroq uchishardi,
Ular togʻlarda bizni ovlashardi,
Choʻllarda bizni poylashardi.
20 Egamiz tanlagan shoh ularning tuzogʻiga ilindi,
Evoh, hayotimiz manbai u edi.
Biz shohimiz soyasida
Xalqlar orasida yashaymiz, deb oʻylagandik.
21 Ey Uz yurtida yashovchi qiz Edom ,
Xursand boʻl, shodlan!
Biroq sen ham jazo kosasidan ichasan,
Mast boʻlib kiyimingni yechasan.
22 Ey qiz Quddus, jinoyatlaring uchun
Sen jazoingni tortib boʻlding.
Endi Egamiz seni surgunda ushlab turmaydi.
Ey qiz Edom, sening gunohlaringni esa
Egamiz fosh qiladi,
Jinoyatlaring uchun U seni jazolaydi.