2–BOB
Sharqdan kelgan munajjimlar
1 Iso shoh Hirodning hukmronligi davrida , Yahudiyadagi Baytlahm shahrida tugʻilgan edi. Oradan koʻp oʻtmay sharqdan Quddusga munajjimlar kelishdi. 2 Ular:
— Yahudiylarning yangi tugʻilgan shohi qayerda? — deb soʻradilar. — Biz Uning yulduzi chiqqanini koʻrdik . Unga taʼzim qilgani keldik.
3 Bu gapni eshitib shoh Hirod ham, butun Quddus aholisi ham bezovtalanib qoldi. 4 Hirod barcha bosh ruhoniylarni va Tavrot tafsirchilarini toʻplab, ulardan:
— Masih qayerda tugʻilishi kerak? — deb soʻradi. 5 Ular shunday javob berdilar:
— Yahudiyadagi Baytlahm shahrida, chunki paygʻambarning bitiklarida shunday yozilgan:
6 “Ey Yahudo yurtidagi Baytlahm!
Sen Yahudoning buyuk shaharlaridan hech kam emassan.
Zero, sendan bir Hukmdor chiqadi,
U xalqim Isroilga choʻponlik qiladi.”
7 Shundan keyin Hirod hech kimga bildirmay munajjimlarni chaqirib, ulardan yulduz paydo boʻlgan aniq vaqtni bilib oldi. 8 Soʻng ularni Baytlahmga joʻnatayotib, dedi:
— Baytlahmga boringlar, Bola toʻgʻrisida hamma narsani aniq bilib olinglar. Bolani topganlaringizdan keyin, menga xabar beringlar, toki men ham borib, Unga taʼzim qilayin.
9-10 Munajjimlar shohning soʻzlarini eshitib boʻlib, yoʻlga tushdilar. Ularga oldin koʻringan yulduz yana paydo boʻldi, munajjimlar rosa xursand boʻldilar. Yulduz ularga yoʻl koʻrsatib bordi va nihoyat, Bola yotgan joy tepasiga kelib toʻxtadi. 11 Munajjimlar uyga kirib, Bolani va Uning onasi Maryamni koʻrdilar. Tiz choʻkib, Bolaga taʼzim qildilar. Soʻng xazinalar solingan qutichalarini ochib, Unga oltin, xushboʻy tutatqilar va mirrani tortiq qildilar. 12 Hirodning oldiga qaytmasliklari toʻgʻrisida ular tushlarida ogohlantirilgandan keyin, boshqa yoʻl bilan oʻz yurtiga qaytib ketdilar.
Yusuf Maryam va chaqaloqni Misrga olib qochadi
13 Munajjimlar ketganlaridan keyin, Egamizning bir farishtasi Yusufga tushida zohir boʻlib dedi: “Tur! Bola bilan onasini olib, Misrga qoch. Chunki Hirod Bolani topib, oʻldirmoqchi. Men senga aytmagunimcha, Misrda qol.” 14 Yusuf oʻrnidan turib, Bola bilan Maryamni oldi–yu, tunda Misrga joʻnadi. 15 Hirodning ajali yetguncha, u yerda qoldi. Egamizning paygʻambar orqali: “Men Oʻgʻlimni Misrdan chaqirib oldim” , deb aytgan bashorati bajo boʻlishi uchun bu voqea yuz bergandi.
Baytlahmda bolalar oʻldiriladi
16 Hirod munajjimlarning aldab ketganini bilib, gʻazabga mindi. U Baytlahmdagi va uning atroflaridagi ikki yoshgacha boʻlgan hamma oʻgʻil bolalarni qilichdan oʻtkazishni buyurdi. Chunki munajjimlarning aytgani boʻyicha yulduz taxminan ikki yil oldin chiqqan edi. 17 Shunday qilib, Yeremiyo paygʻambarning aytganlari bajo boʻldi:
18 “Rama shahridan bir nido eshitilar,
Achchiq bir nolayu ohu figʻon bu.
Bolalari uchun yigʻlar Rohila,
Ovunishni xohlamas, chunki ular endi yoʻq.”
Yusuf oilasi bilan Misrdan qaytib keladi
19 Hirod vafot etgandan keyin Yusuf Misrda ekan, Egamizning bir farishtasi unga tushida zohir boʻlib dedi: 20 “Tur, Bola bilan onasini olib, Isroil yurtiga qaytib bor. Bolaning joniga qasd qilganlar olamdan oʻtdi.”
21 Shunda Yusuf Bola bilan Maryamni olib, Isroil yurtiga yoʻl oldi. 22 Ammo Yahudiyada Hirod oʻrniga uning oʻgʻli Arxelayus hukmronlik qilayotganini eshitib, u yerga borishga qoʻrqdi. Soʻng tushida ham Yahudiyaga bormaslik haqida ogohlantirilgandan keyin, Jalila hududiga yoʻl oldi. 23 U yerga borib, Nosira degan shaharga joylashdi. Shunday qilib, Egamiz paygʻambarlar orqali: “Uni Nosiralik deb ataydilar”, deb aytgan bashorati bajo boʻldi.