20–BOB
Isoning hokimiyati toʻgʻrisida savol
1 Bir kuni Iso Maʼbadda xalqqa taʼlim berib, Xushxabar aytayotgan edi. Shu payt bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yoʻlboshchilar kelib qoldilar. 2 Ular Isodan soʻradilar:
— Bizlarga ayting–chi, Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bu hokimiyatni Sizga kim bergan?
3 Iso ularga shunday javob berdi:
— Men ham sizlarga bir savol berayin, Menga aytinglar: 4 Yahyo xalqni suvga choʻmdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi?
5 Ular esa oʻzaro mulohaza yuritdilar:
— Agar: “Xudodan”, — desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi. 6 Agar: “Insondan”, — desak, butun xalq bizni toshboʻron qiladi, chunki xalq Yahyoning paygʻambarligiga qatʼiy ishonadi.
7 Shunday qilib, ular:
— Qayerdanligini bilmaymiz, — deb javob berdilar. 8 Iso ularga dedi:
— Unday boʻlsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman.
Yovuz bogʻbonlar haqida masal
9 Iso xalqqa quyidagi masalni aytdi: “Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Uzumzorni bogʻbonlarga ijaraga berib, oʻzi uzoq vaqtga safarga ketibdi. 10 Yigʻim–terim mavsumida, uzumzor hosilidan tegishli ulushini olish uchun oʻsha odam xizmatkorini bogʻbonlar oldiga yuboribdi. Ammo bogʻbonlar xizmatkorni kaltaklab, qup–quruq qaytarib yuborishibdi. 11 Keyin uzumzor egasi yana boshqa bir xizmatkorini yuboribdi. Bogʻbonlar bu xizmatkorni ham urib, sharmanda qilib, qup–quruq qaytarib yuborishibdi. 12 Yana uchinchisini yuboribdi, uni ham yarador qilib, quvib chiqarishibdi.
13 Keyin uzumzor egasi oʻylabdi: «Endi nima qilsam ekan? Endi suyukli oʻgʻlimni yuboraman. Balki bogʻbonlar uni hurmat qilishar.»
14 Ammo bogʻbonlar uning oʻgʻlini koʻrishlari bilan oʻzaro muhokamaga tushib:
— Bu merosxoʻr–ku! Uni oʻldiraylik, shunda merosi bizga qoladi, — deyishibdi–da, 15 oʻgʻlini uzumzordan tashqariga chiqarib, oʻldirishibdi.
Xoʻsh, sizningcha, endi uzumzor egasi ularni nima qilar ekan? 16 U kelib bogʻbonlarni oʻldiradi, uzumzorini esa boshqalarga ijaraga beradi.”
Buni eshitganlar:
— Xudo koʻrsatmasin! — deb yuborishdi. 17 Iso esa ularga tikilib, shunday dedi:
— Unday boʻlsa, Muqaddas bitiklardagi:

“Binokorlar rad etgan tosh
Binoning tamal toshi boʻldi” ,

degan soʻzlarning maʼnosi nima? 18 Kimki bu tamal toshiga yiqilsa, parcha–parcha boʻladi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi.
19 Iso aytgan bu masal tafsirchilar bilan bosh ruhoniylarga qarshi aytilgan edi. Ular buni anglab yetdilar va shu zahoti Isoni qoʻlga olmoqchi boʻldilar. Ammo xalqdan qoʻrqdilar.
Soliq toʻlash haqida
20 Tafsirchilar bilan bosh ruhoniylar Isoni kuzatib yurdilar. Uning ortidan oʻzlarini samimiy koʻrsatadigan odamlarni qoʻydilar. Ular esa Isoni tilidan ilintirib, hokimning qoʻliga va hukmiga bermoqchi edilar. 21 Shuning uchun ular Isoga dedilar:
— Ustoz, Siz aytayotgan soʻzlaringiz va oʻrgatayotgan taʼlimotingiz toʻgʻri ekanini bilamiz. Siz hech kimga yuz–xotir qilmay Xudoning yoʻlini toʻgʻri oʻrgatasiz. 22 Ayting–chi, Qaysarga soliq toʻlashimiz toʻgʻrimi yoki yoʻqmi?
23 Iso ularning makkorligini anglab, dedi :
24 — Qani, Menga bir dinor koʻrsatinglar! Bu tangadagi surat va yozuv kimniki?
— Qaysarniki, — deb javob berdi ular. 25 Iso:
— Unday boʻlsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi.
26 Ular xalqning koʻz oʻngida Isoni tilidan ilintira olmadilar. Isoning javobidan lol qolib, jim boʻldilar.
Tirilish haqida savol
27 Sadduqiylar oʻliklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning baʼzilari Isoning oldiga kelib, xalq oldida Unga shunday savol berdilar:
28 — Ustoz! Muso bizga shunday yozib qoldirgan : agar birovning akasi farzand koʻrmay oʻtib ketsa, ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin. Tugʻilgan bola marhum akasiniki hisoblanadi. 29 Xoʻsh, yetti aka–uka boʻlgan ekan. Birinchisi uylanibdi, ammo farzand koʻrmay olamdan oʻtibdi. 30 Soʻng ikkinchisi oʻsha xotinni olib, bola koʻrmay oʻlibdi. 31 Uchinchisi ham xuddi shu koʻyga tushibdi. Xullas, yettala aka–ukaning hammasi oʻsha xotinga uylanib, farzandsiz oʻtib ketibdi. 32 Oxirida xotin ham qazo qilibdi. 33 Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda oʻsha ayol qaysi birining xotini hisoblanadi? Yettovi ham unga uylangan edilar–ku!
34 Iso ularga shunday javob berdi:
— Bu dunyoda odamlar uylanadilar va erga tegadilar. 35 Ammo oʻlikdan tirilishga va kelajakdagi dunyoda yashashga sazovor boʻlganlar u dunyoda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar. 36 Ular bamisoli farishtalarday boʻlganlari uchun hech qachon oʻlmaydilar. Ular Xudoning farzandlaridir, chunki tirilgandirlar. 37 Hatto Musoning oʻzi ham oʻliklarning tirilishini taʼkidlab, yonayotgan buta toʻgʻrisidagi voqeada Egamizni “Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubning Xudosi” deb atagan. 38 Zotan, Xudo oʻliklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Xudo uchun hamma tirikdir.
39-40 Tafsirchilarning baʼzilari Isoga yana savol berishga jurʼat etmaganlari uchun:
— Ustoz, yaxshi gapirdingiz, — dedilar.
Masih kimning oʻgʻli?
Iso tafsirchilarga dedi:
41 — Nega Masihni Dovudning Oʻgʻli deydilar? 42-43 Mana, Dovudning oʻzi Zabur kitobida shunday degan:

“Egamiz aytmoqda Rabbimga:
Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha,
Sen Mening oʻng tomonimda oʻtirgin.”

44 Demak, Dovud Masihni Rabbim deb atagan boʻlsa, qanday qilib Masih Dovudning Oʻgʻli boʻladi?!
Iso soxta dindorlik toʻgʻrisida ogohlantiradi
45 Butun xalq Isoni tinglab turar ekan, U shogirdlariga dedi:
46 — Tavrot tafsirchilaridan ehtiyot boʻlinglar! Ular uzun kiyimlar kiyishni, bozorlarda yurganlarida ularga salom berishlarini yaxshi koʻradilar. Sinagogalarda yaxshi joylarda oʻtirishni, ziyofatlarda toʻrda oʻtirishni yoqtiradilar. 47 Ammo beva ayollarning uy–joylarini tortib oladilar, xoʻja koʻrsinga uzoq duo oʻqiydilar. Bunday odamlar nihoyatda qattiq jazoga mubtalo boʻladilar.