44–BOB
Egamiz Misrdagi yahudiylarga tanbeh beradi
1 Misrning shimolidagi Migdol, Taxpanxas va Nuf shaharlarida , shuningdek, Misrning janubida istiqomat qilayotgan yahudiylar toʻgʻrisida Yeremiyoga Egamiz shu soʻzini ayon qildi. 2 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam shunday demoqda: “Men Quddus va Yahudoning hamma shaharlariga keltirgan barcha falokatlarni sizlar oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingizlar. Oʻsha shaharlar hozir xarob boʻlib, huvullab yotibdi. 3 Yahudo odamlari qabih ishlari bilan Meni gʻazablantirdilar. Ular begona xudolarga sigʻinib, qurbonliklar kuydirdilar. Bu begona xudolarni na ularning oʻzlari, na sizlar, na ota–bobolaringiz biladilar. 4 Men Yahudo xalqi oldiga paygʻambar qullarimni qayta–qayta joʻnatdim. «Men nafratlanadigan jirkanch ishlaringizni qilmanglar», deb xalqimdan oʻtingan edim. 5 Ammo Yahudo xalqi quloq solmadi, gaplarimga eʼtibor ham bermadi. Qabihliklaridan qaytmadi, begona xudolarga qurbonliklar qilishda davom etdi. 6 Shunda achchiq gʻazabim Yahudo shaharlari bilan Quddus koʻchalariga lovullagan olov boʻlib tushdi. Hozir oʻsha joylar huvullab, tashlandiq boʻlib yotibdi.”
7 Endi Isroil xalqining Xudosi, Parvardigori Olam — Egamiz shunday demoqda: “Nega oʻz boshingizga bunday falokat keltirmoqchisizlar?! Yahudo yurtidan kelgan erkagu ayol, bola–chaqaning boshiga yetib, hammangiz bitta qolmay qirilib ketmoqchimisizlar?! 8 Sizlar Misrda oʻrnashib olib, begona xudolarga qurbonliklar qilyapsizlar. Qilmishlaringiz bilan jahlimni chiqaryapsizlar. Ehtiyot boʻlinglar, yana boshingizga baloyu ofat orttirib olmanglar. Dunyo xalqlarining qargʻishiga qolib, hammaga kulgi boʻlib qolmanglar. 9 Yahudo shaharlarida va Quddus koʻchalarida qilgan qabihliklaringizni unutdingizmi?! Bularni ota–bobolaringiz, Yahudo shohlariyu malikalari, oʻzlaringiz va xotinlaringiz qilgansizlar–ku! 10 Mana bugungacha sizlar Mendan zarracha ham qoʻrqmadingizlar, afsus–nadomat qilmadingizlar. Sizlar ota–bobolaringizga bergan qonun–qoidalarim boʻyicha yashamayapsizlar.”
11 Shuning uchun Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: “Men boshingizga ofatu falokat keltiraman. Yahudo xalqini yoʻq qilishga qatʼiy qaror qildim. 12 Misrda yashashga qaror qilgan yahudiylarning omon qolganlarini halok etaman. Hammasi Misrda oʻlib ketadi. Kattayu kichigi qilich va qahatchilikdan nobud boʻladi. Ularning ahvolini koʻrganlar vahimaga tushadi. Ularni mazax qilib, nomini qargʻishlarda ishlatishadi. 13 Misrda yashagan oʻshalarni, Men Quddusni jazolaganday, urush, qahatchilik va oʻlat ila jazolayman. 14 Misrda yashayman, deb kelgan yahudiylarning omon qolganlaridan birontasi qochib qutula olmaydi. Ulardan hech kim tirik qolmaydi, Yahudo yurtiga qaytib borolmaydi. Oʻz yurtiga qaytib borishni orzu qilgan odamlardan faqatgina bir–ikki qochoq ona yurtiga qaytib borishga muvaffaq boʻladi, xolos.”
15 Xotinlari boshqa xudolarga qurbonlik keltirganini bilgan erkaklar, oʻsha yerda turgan ayollar — Misrning shimoliy va janubiy hududida yashayotgan yahudiylarning koʻpchiligi bir ovozdan Yeremiyoga shunday dedilar: 16 “Sen Egamizning nomidan bizga bashorat qilib aytgan soʻzlaringga quloq solmaymiz. 17 Biz samo qirolichasiga qurbonliklar qilamiz, sharob nazrini keltiramiz, deb ont ichganmiz, bu ontimizdan qaytmaymiz. Biz oʻzlarimiz, ota–bobolarimiz, shohlarimiz, aʼyonlarimiz Yahudo shaharlarida, Quddus koʻchalarida nima qilgan boʻlsak, shuni qilaveramiz. Nega desangiz, oʻsha zamonlarda biz istaganimizcha non yerdik, turmushimiz farovon edi, gʻam chekmas edik. 18 Ammo samo qirolichasiga qurbonliklar qilishni va sharob nazrini keltirishni toʻxtatganimizdan beri yetishmovchilikdan boshimiz chiqmaydi. Qancha odamlarimiz ocharchilikdan oʻlib, urushda qirilib ketdi.” 19 Xotinlar ham shunday deb aytdilar: “Biz samo qirolichasiga qurbonliklar qilaveramiz, sharob nazrlarini keltiraveramiz! Samo qirolichasiga sharob nazr qilishimizni, uning shaklida nonlar yopishimizni erlarimiz biladi–ku!”
20 Soʻng Yeremiyo bunday javob bergan erkagu ayollarga va butun xaloyiqqa dedi: 21 “Sizlar, ota–bobolaringiz, shohlaringiz, aʼyonlaringiz, butun yurt xalqi Yahudoda va Quddus koʻchalarida boshqa xudolarga nazrlar keltirgan edingizlar. Bu nazrlaringizni Egamiz unutgan, deysizmi?! Yoki Uning bundan xabari yoʻq, deb oʻylaysizmi?! 22 Egamiz yovuz qilmishlaringizga, jirkanch ishlaringizga ortiq toqat qila olmagani uchun hozir yurtingiz huvullab, tashlandiq boʻlib yotibdi. Odamlar yurtingizning nomini qargʻishlarda ishlatishmoqda. 23 Axir, sizlar begona xudolarga qurbonliklar keltirib, Egamizga qarshi gunoh qildingizlar. Egamizga itoat etmadingizlar, Uning qonun–qoidalarini va shartlarini bajarmadingizlar. Shuning uchun bu koʻrgilik boshingizga keldi. Shularning oqibatida hozir bu ahvolga tushib oʻtiribsizlar.”
24 Yeremiyo ularning hammasiga, ayniqsa, xotinlarga qarata shunday dedi: “Ey Misr yurtidagi yahudiylar, Egamizning soʻzini eshitinglar. 25 Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: «Sizlar xotinlaringiz bilan birga: ‘Samo qirolichasiga albatta qurbonliklar qilamiz, sharob nazrlarini keltiramiz’, deb ont ichibsizlar. Ontingizni ham bajaribsizlar. Juda soz, aytganingizni qilaveringlar! Ichgan ontingizdan aslo qaytmanglar! 26 Lekin, ey Misr yurtida yashab yurgan yahudiylar, Egangizning shu soʻzini eshitib qoʻyinglar: Men Oʻzimning buyuk nomim bilan ont ichib aytamanki, bundan buyon Misr yurtidagi bironta yahudiy Mening nomimni tilga olmaydi, ‘Egam Rabbiy shohid’, deya ont ichmaydi. 27 Men ularning boshiga yaxshilik emas, yomonlik keltiraman. Misrdagi yahudiylarning hammasi, bitta ham qolmay qilichdan va ocharchilikdan nobud boʻlishadi. 28 Bir–ikkitagina odam qirgʻindan qochib, Misrdan Yahudoga qaytib boradi. Oʻshanda Misrga yashagani borgan yahudiylarning hammasi kimning soʻzi haq boʻlib chiqqanini bilishadi. Mening soʻzim haqmikan yoki ularniki?»
29 Egamiz shunday demoqda: «Men sizlarni mana shu yerda jazolayman. Aytganlarimning hammasi bajo boʻlishiga ishonch hosil qilishingiz uchun sizlarga shunday bir alomat beraman: 30 Men Yahudo shohi Zidqiyoni uning ashaddiy dushmani boʻlgan Bobil shohi Navuxadnazarga taslim qilganimday, Misr firʼavni Xofrani ham uning joniga qasd qilayotgan dushmaniga taslim qilib beraman.» Egamizning kalomi shudir.”