45–BOB
Yusuf aka–ukalariga oʻzini tanitadi
1 Endi Yusuf ortiq chidab tura olmadi. U xizmatkorlariga: “Hamma huzurimdan chiqsin!” deb buyurdi. Yusuf oʻzini aka–ukalariga tanitganda, huzurida hech kim qolmagan edi. 2 U shunday qattiq yigʻladiki, xonadonidagi Misrliklar eshitdi. Bu yangilik tezda firʼavnning saroyiga yetib bordi.
3 — Men Yusufman! — dedi u aka–ukalariga. — Otam hali ham hayot ekan–da?
Lekin aka–ukalar Yusufning qarshisida dahshatga tushib, javob berishga tillari ojiz edi.
4 — Menga yaqinroq kelinglar! — dedi Yusuf. Aka–ukalari unga yaqinroq borishdi.
— Men Yusufman! — dedi u yana, — sizlar Misrga sotgan ukangizman! 5 Meni bu yerga sotganingizdan gʻam chekmanglar, oʻzlaringizdan xafa ham boʻlmanglar. Xudo shunday qildi. Xudo insonlar hayotini saqlab qolish uchun sizlardan oldin meni bu yerga joʻnatgan ekan. 6 Ikki yildirki, yurtda qahatchilik. Yana besh yil bu yurtda na yer haydaladi, na hosil boʻladi. 7 Xudo ana shunday gʻaroyib yoʻl bilan sizlarni va naslingizni qutqarib, omon qoldirish uchun sizlardan oldin meni yubordi. 8 Ha, meni bu yerga sizlar emas, Xudo yuborgan! Xudo meni firʼavnga maslahatchi, uning butun xonadoniga xoʻjayin, Misr yurti ustidan hokim qildi. 9 Tez boʻlinglar, otamning oldiga qaytib borib, unga shunday deb aytinglar: “Oʻgʻlingiz Yusufni Xudo butun Misr ustidan hokim qilibdi. Kechiktirmay yoʻlga otlaning. 10 Siz Goʻshen yerlariga oʻrnashar ekansiz. Oʻzingiz, bolalaringiz, nabiralaringiz, qoʻy–echkilaringiz, podalaringiz — hamma mol–mulkingiz bilan birga Yusufga yaqin joyda boʻlasiz. 11 Sizga Yusuf qarab turar ekan. Hali oldimizda besh yil qahatchilik turibdi. Oʻzingiz ham, xonadoningiz ham och qolmas ekan, chorvangiz ham och qolmas ekan.” 12 Oʻzlaringiz koʻrib turibsizlar, ukam Benyamin, sen ham koʻrib turibsan, sizlarga bu gaplarni aytayotgan men Yusufman. 13 Misrda men qanchalik shon–shuhratga erishganimni, oʻz koʻzlaringiz bilan koʻrganingizni otamga aytinglar. Otamni tezlik bilan mening oldimga olib kelinglar.
14 Yusuf ukasi Benyaminni quchoqlab, boʻyniga osilib, xursandligidan yigʻlar, Benyamin ham yigʻlar edi. 15 Soʻng Yusuf yigʻlaganicha, akalarini birma–bir quchoqlab oʻpdi. Endi akalari Yusuf bilan bemalol gaplasha boshladilar.
16 “Yusufning aka–ukalari kelibdi!” degan xabar tezda firʼavn saroyiga yetib bordi. Firʼavn va uning aʼyonlari gʻoyatda xursand boʻldilar. 17 Firʼavn Yusufga dedi:
— Aka–ukalaringga ayt, yuklarini ulovlariga ortib, Kanʼonga qaytishsin. 18 Otangni, bola–chaqalarini olib, Misrga qaytib kelishsin. Men ularga yurtning eng yaxshi yerlarini beray. Ular bu yerda toʻkin–sochinlikda yashaydilar. 19 Ularga ayt, Misrdan aravalar olib ketishsin. Xotinlarini, bolalarini, otangni oʻsha aravalarda bu yerga olib kelishadi. 20 Qolib ketgan mol–mulklariga achinishmasin. Misrning eng yaxshi noz–neʼmatlari ularnikidir.
21 Yoqubning oʻgʻillari aytilganday qildilar: firʼavnning koʻrsatmasiga binoan, Yusuf ularga aravalar berdi. Shuningdek, ularga yoʻl uchun oziq–ovqat ham gʻamlab berdi. 22 Yusuf akalarining har biriga bir sidradan yangi kiyim–bosh, Benyaminga esa besh sidra kiyim–bosh va uch yuz boʻlak kumush berdi. 23 Otamga deb oʻnta eshakka Misrning eng yaxshi noz–neʼmatlaridan, oʻnta eshakka don, otasi uchun yoʻlda yegani oziq–ovqat yuklab joʻnatdi. 24 Yusuf aka–ukalarini yoʻlga kuzatib qoʻydi. Ular yoʻlga chiqayotganlarida Yusuf: “Yoʻlda janjallashib yurmanglar ”, dedi.
25 Shunday qilib, ular Misrdan Kanʼon yurtiga — otalari huzuriga qaytib keldilar. 26 “Yusuf tirik ekan! U butun Misr yurtining hokimi ekan!” deb aytishdi oʻgʻillari. Yoqub bu yangilikdan hang–mang boʻlib qoldi, oʻgʻillarining gapiga ishonmadi. 27 Lekin oʻgʻillari Yoqubga Yusufning hamma gaplarini aytib boʻlib, “Otamni Misrga olib kelinglar”, deb Yusuf yuborgan aravalarni koʻrganda, Yoqubning ruhi tetiklashdi.
28 — Xudoga shukur, oʻgʻlim Yusuf tirik ekan, menga shuning oʻzi kifoya, — dedi Yoqub, — oʻlmasimdan burun borib uni koʻrib qolay.