3–BOB
Hamon goʻdakday boʻlgan imonlilar
1 Ey birodarlar, sizlarga ruhan yetuk insonlarga gapirganday emas, balki bu dunyoga tegishli odamlarga gapirganday gapirdim. Yana sizlarga endigina Masihga ishongan, imonda goʻdakday boʻlgan insonlarga soʻzlaganday soʻzladim. 2 Sizlarga bergan taʼlimotim milkka botadigan yegulikday emas, balki chaqaloqlarga kerak boʻlgan sutday edi, chunki sizlar kuchliroq taʼlimotga tayyor emas edingiz. Hozir ham tayyor emassiz, 3 chunki bu dunyo hali ham sizlarga oʻz taʼsirini koʻrsatyapti. Orangizda hasadgoʻylik va janjalkashlik bor ekan, bu sizlarning hali ham bashariy tabiatingiz taʼsirida ekaningizni, insoniy fikrlab yashayotganingizni koʻrsatmaydimi?! 4 Axir, baʼzilaringiz: “Men Pavlusning shogirdiman”, boshqalaringiz esa: “Men Apollosning shogirdiman”, desangiz, sizlar insoniy fikrlab yashayotgan boʻlmaysizmi?
Xudoning xizmatidagi hamkorlar
5 Axir, Pavlus kim? Apollos kim? Ular Xudoning xizmatkorlaridir, ular orqali sizlar imonga kelgansizlar. Har birimiz Egamiz bergan vazifani bajaramiz. 6 Men urugʻ ekdim, Apollos sugʻordi, lekin Xudo parvarishlab, oʻstirdi. 7 Kim ekkani yoki sugʻorgani muhim emas, eng muhimi oʻstiradigan Xudodir. 8 Ekuvchining ham, sugʻoruvchining ham maqsadi bir va ularning har biri oʻz mehnatiga yarasha mukofot oladi. 9 Biz Xudoning xizmatidagi hamkorlarmiz, sizlar esa Xudoning dalasisizlar. Ayni paytda sizlar Xudoning imorati hamsizlar. 10 Xudoning marhamati bilan men mohir bir meʼmorday imoratning poydevorini qoʻydim. Endi esa boshqalar uning ustida qurilish qilyaptilar. Har kim qanday qilib qurayotganiga diqqat qilsin. 11 Zero, hech kim mavjud boʻlgan poydevordan boshqa poydevor qoʻya olmaydi. Bu poydevor Iso Masihdir. 12 Bu poydevor ustiga kimdir oltindan, kimdir kumush yoki qimmatbaho toshlardan, yana kimdir esa yogʻochu xashak yoki poxoldan imorat qurmoqda. 13 Har kimning ishi qanday ekanligi qiyomat kunida ayon boʻladi. Oʻsha kuni hammaning ishi olovda sinaladi. 14 Kimning qilgan ishi olovga bardosh bersa, oʻsha kishi mukofot oladi. 15 Kimning ishi yonib ketsa, u mukofotdan mahrum boʻladi. Holbuki, u Iso Masihga tegishli boʻlgani uchun najot topadi, lekin u olovdan qutulib chiqqan odamga oʻxshaydi.
16 Nahotki bilmasangiz?! Sizlar Xudoning maʼbadisizlar, Xudoning Ruhi orangizda maskan qilgan. 17 Kimki Xudoning maʼbadini buzsa, Xudo uni halok qiladi. Zero, Xudoning maʼbadi muqaddasdir, bu maʼbad esa sizlarsiz.
18 Hech kim oʻzini oʻzi aldamasin. Orangizda kimdir oʻzini bu dunyoda dono deb bilsa, oʻzining aqlsiz ekanligini tan olsin, shundagina u haqiqatan ham dono boʻladi. 19 Chunki bu dunyoning donoligi Xudoning nazarida aqlsizlikdir. Muqaddas bitiklarda quyidagicha yozilgan–ku:

“U donolarni oʻzlarining ayyorliklari orqali tutib oladi.”

20 Yana shunday yozilgan:

“Egamiz donolarning niyatini anglaydi,
Niyatlarining behudaligini U biladi.”

21 Shuning uchun orangizda hech kim boshqa bir insonning taʼlimotiga rioya qilayotgani bilan maqtanmasin. Axir, hammasi sizlarga tegishli–ku: 22 Pavlus, Apollos va Butrus , dunyo ham, hayot va oʻlim ham, hozir va kelajak ham — bularning hammasi sizniki. 23 Sizlar esa Masihniki, Masih esa Xudonikidir.