8–BOB
Ay shahri magʻlub boʻladi va vayron qilinadi
1 Egamiz Yoshuaga aytdi: “Qoʻrqma, vahimaga tushma, barcha jangga yaroqli erkaklarni boshlab, Ay shahriga borgin. Mana, Ay shohini uning xalqi, shahri va yeri bilan birga senga berganman. 2 Yerixo va uning shohini nima qilgan boʻlsangiz, Ay va uning shohini ham xuddi shunday qilasizlar. Faqat shahardagi mol–mulklarni va barcha chorvani oʻzingizga oʻlja qilib olsangiz boʻladi. Shaharning orqasida pistirma qoʻyinglar.”
3 Yoshua va hamma jangga yaroqli erkaklar Ayga hujum qilishga tayyorlanishdi. Yoshua oʻz lashkari orasidan oʻttiz ming jangchini tanlab oldi. Tunda joʻnatayotib, 4 ularga shunday buyruq berdi:
— Borib, shaharning orqasida pistirma qoʻying, shahardan uzoqqa bormang, hammangiz sergak boʻlib turing. 5 Men odamlarim bilan shaharga yaqinlashaman. Ular bizga qarshi chiqqanda, oldingiday biz ulardan qochamiz. 6 Bizni quvib, dushmanlar shahardan ancha uzoqlashib ketadi. Ular oʻzlaricha: “Dushmanlarimiz yana oldingiday bizdan qochyapti”, deb oʻylashadi. Biz qochayotganimizda esa 7 sizlar pistirmadan chiqib, shaharni olasizlar. Egangiz Xudo uni sizlarning qoʻlingizga beradi. 8 Shaharni olganingizdan keyin, Egamiz buyurganday, uni yondirasizlar. Mana shu buyruqlarni bajaring.
9 Shu soʻzlar bilan Yoshua ularni joʻnatib yubordi. Ular Ayning gʻarbida — Ay va Baytil oraligʻida pistirma qoʻyib, oʻsha yerda kutib yotdilar. Oʻsha tunni Yoshua qarorgohda oʻtkazdi.
10 Ertasi kuni, tong payti Yoshua jangchilarini bir joyga yigʻib, qabilalarning boshliqlari bilan birga ularni Ayga boshlab bordi. 11 Barcha jangga yaroqli kishilar u bilan ketdi. Ular shaharga yaqinlashib, Ayning shimolida qarorgoh qurishdi. Ay va ularning orasida jarlik bor edi. 12 Yoshua besh mingga yaqin odamni shaharning gʻarbiga, Ay va Baytil oraligʻida pistirma qoʻyishga yubordi. 13 Shunday qilib, jangchilar jangovar holatga keltirildi. Ularning asosiy qismi shaharning shimolida, qorovullar boʻlinmasi esa shaharning gʻarbida edi. Yoshua esa oʻsha tunni jarlikda oʻtkazdi. 14 Buni koʻrgan Ay shohi ertasi kuni tongda shoshilib, butun lashkari bilan Iordan vodiysi roʻparasidagi bir joyga Isroil xalqiga qarshi jang qilishga bordi. Ammo shoh shaharning orqasida oʻziga qarshi pistirma qoʻyilganini bilmas edi. 15 Yoshua va butun Isroil lashkari oʻzlarini yengilayotganday koʻrsatib, sahro tarafga qochishdi. 16 Yoshua va Isroil qoʻshinini quvish uchun Ay shahridagi barcha erkaklar chaqirildi. Ular Yoshua va Isroil lashkarini quvib, shahardan ancha uzoqlashib ketishdi. 17 Ay va Baytilda Isroil lashkarini quvish uchun chiqmagan birorta ham erkak qolmadi. Shaharni qoʻriqlashga hech kimni qoldirmay, Isroil lashkarini taʼqib qildilar.
18 Egamiz Yoshuaga shunday dedi: “Qoʻlingdagi nayzani Ay tomonga uzat, oʻsha shaharni sening qoʻlingga beraman.” Yoshua qoʻlidagi nayzasini shahar tomonga uzatdi. 19 U qoʻlini uzatishi bilanoq jangchilar pistirmadan otilib chiqib, shaharga hujum qilishdi. Ular shaharni qoʻlga olib, darrov unga oʻt qoʻyishdi. 20-21 Shahardan tutun chiqayotganini koʻrgan Yoshua va Isroil lashkari, “Pistirmadagilar shaharni oldi” deb, ortiga qaytgan edilar. Ular Ay shahrining odamlariga hujum qila boshlagan edilar. Ay lashkari orqaga qarasa, yonayotgan shaharning tutuni koʻkka koʻtarilyapti. Ular na u yoqqa, na bu yoqqa qocha olardilar, chunki sahroga qochgan Isroil lashkari endi orqaga burilib, ularga qarshi chiqqan edi. 22 Isroil lashkarining shahardagi qismi ham Ay odamlariga qarshi chiqqandi. Isroil lashkari ularni orqa tomondan ham, old tomondan ham oʻrab olgan edi. Isroil lashkari ularning hammasini qirib tashladi. Hech kim tirik qolmadi, birortasi ham qochib keta olmadi. 23 Ammo Ay shohini tiriklayin ushlab, Yoshuaning huzuriga olib kelishdi.
24 Isroil lashkari shahar tashqarisida — sahroda butun Ay qoʻshinini qirib tashlashdi. Ularning hammasi halok boʻlgandan keyin Isroil lashkari Ayga borib, u yerda qolganlarning hammasini yoʻq qildi. 25 Oʻsha kuni butun Ay aholisi, hammasi boʻlib oʻn ikki mingta erkak va ayol halok boʻldi. 26 Ayda yashovchilarning hammasi yoʻq qilinmaguncha, Yoshua nayza ushlagan qoʻlini tushirmadi. 27 Egamiz Yoshuaga buyurganday, Isroil lashkari faqatgina mol–qoʻy va shahar aholisining mol–mulkini oʻzlariga oʻlja qilib oldi. 28 Yoshua Ay shahrini yondirib yubordi. Oʻsha shahar bugungacha vayron boʻlib yotibdi. 29 Ay shohini esa qatl ettirib, jasadini tik oʻrnatilgan xodaning uchiga qoqtirdi. Uning jasadi kechgacha oʻsha yerda osilib turdi. Quyosh botgandan keyin, Isroil jangchilari Yoshuaning buyrugʻiga koʻra, jasadni xodadan tushirib, shahar darvozasining ostonasiga tashladilar. Uning ustiga katta tosh uyumi toʻpladilar. Shu tosh uyumi bugungacha oʻsha yerdadir.
Yoshua Ebal togʻida Tavrot kitobidan oʻqiydi
30 Keyin Yoshua Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga Ebal togʻida qurbongoh qurdi . 31 U qurbongohni Egamizning quli Musoning Tavrot kitobidagi koʻrsatmalarga rioya qilgan holda, temir asbob tegmagan, yoʻnilmagan toshlardan qurgan edi. Xalq oʻsha qurbongohda Egamizga kuydiriladigan qurbonlik va tinchlik qurbonliklari keltirdi. 32 Oʻsha yerda — Isroil xalqining koʻzi oldida Yoshua toshlarga Muso yozgan qonunlarning nusxasini yozdi.
33 Qabila oqsoqollari, nazoratchilari, hakamlari, butun Isroil xalqi va ularning orasida yashayotgan qondosh boʻlmagan odamlar Egamizning Ahd sandigʻi qarshisida — uni koʻtarib turgan levi ruhoniylarining oldida turishdi. Xalqning yarmi Garizim togʻi etagida, yarmisi Ebal togʻi etagida turardi. Egamizning quli Muso, Isroil xalqini duo qilish vaqti kelganda shunday qilinglar, deb buyurgan edi . 34 Keyin Yoshua Tavrot kitobida yozilganday, qonunlarning har bir soʻzini, baraka va laʼnatlarga oid parchalarni oʻqidi. 35 Butun Isroil jamoasi oldida, ayollaru bolalar, Isroil xalqi orasida yashayotgan, ularga qondosh boʻlmaganlar oldida, Muso ularga buyurgan qonunlarni Yoshua bitta qoldirmay oʻqidi.