34–BOB
Zidqiyo uchun xabar
1 Bobil shohi Navuxadnazar oʻz lashkari, qoʻli ostidagi barcha shohliklaru xalqlar bilan birga Quddusga va uning yon–atrofidagi shaharlarga qarshi jang qilayotgan edi. Shunda Egamiz Oʻz soʻzini Yeremiyoga ayon qildi: 2 “Qani boʻl, Yeremiyo, Yahudo shohi Zidqiyo huzuriga bor. Unga ayt: «Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: Men bu shaharni Bobil shohiga taslim qilaman, u shaharga oʻt qoʻyadi. 3 Sen ham Bobil shohining qoʻlidan qochib qutula olmaysan. Odamlar seni tutib oladilar. Bobil shohining qoʻliga topshiradilar. Sen oʻz koʻzing bilan Bobil shohini koʻrasan, u sen bilan yuzma–yuz gaplashadi. Keyin seni Bobilga joʻnatib yuboradi.
4 Biroq, ey Yahudo shohi Zidqiyo, Egamizning soʻzini eshit! Egamiz sen haqingda shunday demoqda: sen qilichdan halok boʻlmaysan. 5 Tinchgina olamdan koʻz yumasan. Odamlar ota–bobolaringni, sendan oldin oʻtgan shohlarni qanday dafn qilishgan boʻlsa, ularning sharafiga qanday gulxan yoqishgan boʻlsa , sening sharafingga ham shunday gulxan yoqishadi. Yigʻi–sigʻi qilib: ‘Voy, xojam!’ deya marsiya aytishadi. Egamizning kalomi shudir.»”
6 Yeremiyo paygʻambar bularning hammasini Quddusda Yahudo shohi Zidqiyoga aytdi. 7 Shu orada Bobil shohining lashkari Quddus, Laxish va Ozikah shaharlariga hujum qilayotgan edi. Yahudoning mustahkam shaharlaridan oʻshalargina yovga hanuzgacha taslim boʻlmagan edi.
Xalq ibroniy qullarni ozod qilish ahdiga rioya qilmaydi
8 Shoh Zidqiyo Quddusdagi butun aholi bilan ahd qilib, ibroniy qullarni ozodlikka chiqarishni eʼlon qilgandan keyin, Yeremiyoga Egamizning soʻzi ayon boʻldi.
9 Zidqiyo qilgan ahdga koʻra, hamma ibroniy qullarga va choʻrilarga ozodlik berilishi lozim edi. Yahudiy birodarlarni qullikda tutish man etilgan edi. 10 Aʼyonlar bilan butun xalq ahd shartlariga koʻndi. Ular oʻz qullari bilan choʻrilarini ozod qilishga, ularni bundan keyin qul qilib olmaslikka rozi boʻlgan edilar. Barcha quldorlar ahdga rioya qilgan holda, qullariga ozodlik berishdi. 11 Keyinchalik esa oʻz fikrlaridan qaytib, ozod qilgan qul va choʻrilarni majburlab, oʻzlariga yana qul qilib olishdi.
12 Shunda Egamizning soʻzi Yeremiyoga ayon boʻldi. 13 Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Men ota–bobolaringizni Misrdagi qullikdan olib chiqqanimda, ular bilan ahd qilib, shunday degan edim : 14 «Oʻzini sizga sotib, olti yil xizmat qilgan har bir ibroniy qulni ozod qilinglar.» Ammo ota–bobolaringiz aytganlarimga eʼtibor bermadilar, Menga quloq solmadilar. 15 Yaqinda esa sizlar tavba qilgan edingizlar. Mening huzurimda — Oʻzimning nomim bilan atalgan uyimda turib, birodarlaringizni ozod qilishga ahd qilgan edingiz. Mening nazarimda bu ishingiz toʻgʻri edi. 16 Keyin esa sizlar fikringizdan qaytdingizlar. Meni badnom qildingizlar. Oʻz xohishlariga koʻra, ozod qilingan qulu choʻrilaringizni qaytarib oldingizlar, ularni qul boʻlishga majbur qildingizlar.”
17 Egamiz shunday demoqda: “Sizlar Menga itoatsizlik qilib, yoru doʻstlaringizni, qoʻni–qoʻshnilaringizni qoʻyib yubormadingiz, shuning uchun Men sizlarni qoʻyib yuboraman. Mana, urush, qahatchiligu oʻlatga yoʻlingiz ochiq! Ahvolingizni dunyodagi barcha shohliklar koʻrib, dahshatga tushadi. 18 Ahdimni buzgan bu odamlarni Men jazolayman. Ular huzurimda ahd tuzgan edilar, buzoqni ikki qismga boʻlib, ikki boʻlagi orasidan oʻtgan edilar . Ammo ahd shartlariga rioya qilmadilar. Shuning uchun Men ularni boʻgʻizlangan buzoqning holiga tushiraman. 19 Buzoqning ikki boʻlagi orasidan oʻtgan Yahudo aʼyonlarini, Quddus maʼmurlarini, saroy amaldorlarini, ruhoniylarini va xalq ommasini jazolayman. 20 Ularda qasdi borlarga oʻzlarini topshiraman, dushman qoʻliga beraman. Jasadlari qushlarga va yovvoyi hayvonlarga yem boʻladi. 21 Yahudo shohi Zidqiyoni ham aʼyonlari bilan birga dushman qoʻliga beraman, ularda qasdi borlarga topshiraman. Vaqtinchalik chekingan Bobil shohining lashkariga ularni taslim qilaman. 22 Men buyruq berib, Bobilliklarni bu shaharga qaytarib olib kelaman. Ular sizlarga hujum qiladilar. Shaharni qoʻlga olib, oʻt qoʻyadilar. Yahudo shaharlari vayron boʻladi, u yerda hech kim yashamaydi.” Egamizning kalomi shudir.