34–BOB
Dinaning nomusi bulgʻanadi
1 Bir kuni Yoqub va Leaxning qizi Dina shu yerlik qizlarni koʻrishga bordi. 2 Bu yerning begi Xamoʻr boʻlib, u Xiv urugʻidan edi. Xamoʻrning oʻgʻli Shakam qizni koʻrib qolib, ushladi va uning nomusiga tegdi. 3 Shakam Dinani qattiq sevib qoldi, qizning sevgisini qozonishga harakat qildi. 4 Otasiga: “Shu qizni menga olib bering”, deb aytdi.
5 Yoqub qizining nomusi toptalganini eshitdi. Yoqubning oʻgʻillari esa dalada mol–qoʻylarini boqib yurgan edilar. Ular qaytib kelgunlaricha Yoqub oʻzini bosib turdi. 6 Shakamning otasi Xamoʻr bu ish yuzasidan gaplashgani Yoqubning oldiga keldi. 7 Shu paytda Yoqubning oʻgʻillari daladan kelib qolishdi. Singillari sharmanda boʻlganini eshitishdi–yu, qattiq gʻazablanib, tutaqib ketdilar. Shakam Yoqubning qizini bulgʻab, Isroilda sharmandali ish qilgan edi. Bunday ish hech boʻlmasligi kerak edi.
8 Xamoʻr ularga:
— Oʻgʻlim Shakamning qizingizga ishqi tushib qolibdi, iltimos, qizingizni oʻgʻlimga bersangizlar, — dedi. 9 — Bir–birimiz bilan quda–andachilik qilaylik, qizlaringizni oʻgʻillarimizga olib beraylik, oʻgʻillaringizga qizlarimizni olib beringlar. 10 Shunda yurtimizda biz bilan birga, xohlagan yeringizda yashayverasizlar, bemalol savdo–sotiq qilaverasizlar , yerlarimizdan oʻzlaringizga mulk orttirasizlar.
11 Shakam ham Dinaning otasi bilan akalariga iltimos qilib, dedi:
— Menga muruvvat qilinglar, Dinani menga beringlar, evaziga istagan narsalaringizni beraman. 12 Qancha qalin yoki sovgʻa talab qilasizlar — men uchun ahamiyati yoʻq, beraman. Faqat qizingizga uylansam boʻldi.
13 Shakam Dinani sharmanda qilgani uchun, Shakam bilan Xamoʻrni Dinaning akalari aldadilar. 14 Ular Shakam bilan Xamoʻrga dedilar:
— Singlimizni qandaydir sunnatsiz odamga berolmaymiz. Agar bersak, biz isnodga qolamiz . 15 Biz faqat bir shart bilan rozi boʻlamiz: hamma erkaklaringiz bizga oʻxshab sunnat qilinishlari kerak. 16 Shunda biz qizlarimizni sizlarga beramiz, sizlarning qizlaringizni olamiz. Sizlarning orangizda yashab, sizlar bilan bir xalq boʻlamiz. 17 Lekin bizning shartimizga koʻnmasdan, sunnat qilinmasangizlar, singlimizni olib ketamiz.
18 Ularning gapiga Xamoʻr bilan Shakam bajonidil rozi boʻlishdi. 19 Shakam Dinaga xushtor boʻlib qolganidan, bu talabni bajarishni tezlashtirdi. U oilasida hurmatga sazovor, eng obroʻli odam edi. 20 Xamoʻr bilan Shakam shahar darvozasiga kelib, shaharning oqsoqollariga shunday deyishdi:
21 — U odamlar — bizning doʻstlarimiz. Ular bizning yurtimizda yashab, savdo–sotiq qilaversinlar. Yurtimiz keng, ularga ham yetadi. Shunda bir–birimiz bilan qiz olib, qiz berishamiz. 22 Ular faqat bir shart bilan bizning oramizda yashab, biz bilan bir xalq boʻlishga rozi: oramizdagi hamma erkaklar, ular singari, sunnat boʻlishlari kerak ekan. 23 Agar biz shunday qilsak, ularning hamma qoʻy–echkilari, mol–mulki bizniki boʻladi. Kelinglar, ularning aytganlariga rozi boʻlaylik, toki ular bizning oramizda yashab qolishsin.
24 Shahar darvozasiga borganlar Xamoʻr bilan uning oʻgʻli Shakamning gaplarini eshitgach, rozi boʻldilar. Butun shahar erkaklari sunnat qilindilar.
25 Oradan uch kun oʻtdi. Shaharning hamma erkaklari sunnat qilinganlari uchun hali ham ogʻrib yotgan edilar. Yoqubning ikki oʻgʻli — Dinaning akalari Shimoʻn bilan Levi qilichlarini oldilar va bamaylixotir shaharga kirdilar. Shahardagi hamma erkakni oʻldirdilar. 26 Xamoʻr bilan uning oʻgʻli Shakamni ham oʻldirib, Shakamning uyidan Dinani olib ketdilar. 27 Yoqubning qolgan oʻgʻillari, singlimizni sharmanda qilganlari uchun qasos olamiz deb, jasadlarni talab, shaharni talon–taroj qildilar. 28 Ular shahardagi va dalalardagi jamiki qoʻy–echkilarni, mol podalarini, eshaklarni olib ketdilar. 29 Shahar xalqining hamma boyliklarini, uylaridagi hamma narsasini oʻlja qilib, bolalarini va ayollarini asir qilib olib ketdilar. 30 Shunda Yoqub Shimoʻn bilan Leviga dedi:
— Sizlar boshimga balo keltirdingiz. Endi bu yurtdagi Kanʼon va Pariz xalqlari, qolaversa, hamma meni yomon koʻradi. Biz ozchilik boʻlsak, axir. Ular birgalashib hujum qilib qolgudek boʻlsa, hammamiz qirilib ketamiz–ku!
31 Shunda oʻgʻillari:
— Singlimizga fohishaday muomala qilishlariga yoʻl qoʻymaymiz! — deb eʼtiroz bildirdilar.