31–BOB
Misrning qismati sadr daraxti timsolida
1 Surgun boʻlgan paytimizning oʻn birinchi yili uchinchi oyining birinchi kunida Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Misr firʼavni va uning toʻdasiga shunday deb ayt:
«Buyukligingda senga teng keladigan kim bor?!
3 Ossuriyaga bir qara!
U ham bamisoli Lubnondagi sadr daraxti edi,
Koʻrkam shoxlari oʻrmonga soya solar edi,
Uning uchi bulutlarga tegib turardi.
4 Suvlar uni sugʻorar edi,
Yer osti buloqlari uni oʻstirar edi.
Anhor suvlari ildizlarining atrofida oqar edi,
Irmoqlari hamma dasht daraxtlarini toʻydirardi.
5 Bu ulkan sadr baland oʻsib,
Atrofdagi hamma daraxtlardan daroz boʻldi.
Moʻl sugʻorilgani uchun novdalari oʻsdi,
Shoxlari uzun va sersoya boʻldi.
6 Barcha osmon qushlari shoxlarida in qurardi,
Ostida barcha yovvoyi hayvonlar bolalashardi,
Soyasida hamma buyuk xalqlar yashardi.
7 Bu daraxt koʻrkam, salobatli edi,
Uning shoxlari keng yoyilgan edi.
Axir, ildizlari serob suvdan bahra olardi.
8 Xudoning bogʻi — Adandagi birorta sadr
Unga teng kela olmas edi,
Birorta archa uning butoqlari bilan bellasha olmasdi.
Birorta chinorning bunday shoxlari yoʻq edi,
Xudoning bogʻidagi birorta daraxt shu qadar goʻzal emasdi.
9 Xudo uni goʻzal qilib yaratdi,
Shox–butoqlarini serfayz qildi.
Xudoning bogʻi — Adandagi hamma daraxtlar unga havas qilardi.
10 Shu bois Egamiz Rabbiy shunday deb aytmoqda: ey firʼavn, bu sadr daraxti baland oʻsib, uchi bulutlarga yetdi. U balandligidan magʻrurlanib ketdi. 11 Men uni ajnabiy hukmdorning qoʻliga topshirdim. U oʻsha daraxtni fosiqligiga yarasha jazoladi. Men Oʻzim esa bu daraxtdan voz kechdim. 12 Ajnabiylarning eng yovuz xalqi uni yiqitib, tashlab ketdi. Chopilgan shoxlari qirlaru vodiylarda, singan butoqlari yurtning hamma jarliklarida sochilib yotdi. Soyasida orom olgan jahonning hamma xalqlari tarqalib ketdi. 13 Barcha osmon qushlari agʻdarilib yotgan daraxt tanasiga kelib qoʻndi, barcha yovvoyi hayvonlar shoxlari orasiga kirib yotdi, 14 toki suv boʻyiga oʻtqazilgan birorta daraxt endi bu qadar baland boʻlib oʻsmasin. Ularning uchi bulutlarga tegmasin. Suvga toʻygan birorta daraxt shunchalik baland boʻlmasin. Ularning hammasi, foniy bandalar kabi, bu dunyodan oʻtib ketishadi, qabrdagi marhumlarga hamroh boʻlishadi.
15 Egamiz Rabbiy demoqda: oʻsha ulkan daraxt oʻliklar diyoriga tushganda, unga aza tutishlari uchun Men yer osti suvlarini berkitgan edim. Daryolariga toʻsiq qoʻygan edim, serob suvlarini toʻxtatgan edim. Uni deb Lubnon togʻlariga zulmat libosini kiydirgan edim. Uni deb hamma oʻrmon daraxtlari xazon boʻlgan edi. 16 Men oʻsha daraxtni chuqurdagi marhumlarga hamroh qilib, oʻliklar diyoriga tushirganimda, daraxtning qulashi shovqinidan xalqlar qoʻrquvga tushib, titragan edi. Oʻshanda Adan bogʻining yer qaʼriga tushgan hamma daraxtlari, Lubnonning eng sara, eng aʼlo, yaxshi sugʻorilgan hamma daraxtlari uning qulashidan taskin topgan edi. 17 Uning panasida yashagan ittifoqchilarining hammasi daraxt bilan birga oʻliklar diyoriga tushishgan. Ular qilich tigʻidan halok boʻlganlarga qoʻshilishgan.
18 Ey firʼavn, sening shon–shuhratingu salobatingni Adandagi qaysi daraxtga qiyoslasam boʻlar ekan–a? Sen ham Adandagi boshqa daraxtlar singari, yer qaʼriga tushasan. Qilichdan halok boʻlgan sunnatsizlar bilan birga goʻrda yotasan. Sen va toʻdangning qismati xuddi Ossuriyanikiday boʻladi. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”