7–BOB
Stefanning Oliy kengash oldidagi nutqi
1 Oliy ruhoniy Stefandan: “Shu gaplar rostmi?” deb soʻradi. 2 Stefan shunday javob berdi: “Birodarlar, otalar! Mening gaplarimga quloq solinglar. Bobomiz Ibrohim hali Xoronda yashamasdan oldin — Mesopotamiyada boʻlgan paytda ulugʻvor Xudo unga zohir boʻlib, 3 shunday dedi: «Oʻz yurtingdan, qarindosh–urugʻlaring oldidan chiqib ket. Men senga bir yurtni koʻrsataman, oʻsha yerga borasan.» 4 Shundan keyin Ibrohim Xaldeylar yurtini tark etib, Xoronga borib oʻrnashdi. Ibrohimning otasi vafot etgach, Xudo uni Xorondan hozir sizlar yashab turgan yurtga koʻchirdi. 5 Xudo Ibrohimga u yerdan mulk bermadi, hatto bir qarich yer ham bermadi. Lekin Ibrohimga va uning nasliga oʻsha yurtni mulk qilib berishni vaʼda qildi. Vaholanki, oʻsha paytda Ibrohimning farzandi yoʻq edi. 6 Xudo unga shunday dedi: «Sening nasling begona bir yurtda musofir boʻlib yashaydi. Toʻrt yuz yil qul boʻlib, jabr–zulm tortadi. 7 Ammo ularni qul qilib oladigan xalqni Men jazolayman. Shundan keyin ular oʻsha yurtdan chiqadilar va bu yerda Menga sajda qiladilar.» 8 Keyin Xudo unga sunnat ahdini berdi. Shunday qilib, Ibrohimdan Isʼhoq tugʻildi. Isʼhoqni sakkiz kunligida Ibrohim sunnat qildi. Isʼhoqdan Yoqub tugʻildi, u ham sunnat qilindi. Yoqubdan oʻn ikki qabila asoschilari tugʻildi, ular ham sunnat qilindi.
9 Yoqubning oʻgʻillari oʻzlarining ukalari Yusufga hasad qilib, uni Misrga sotib yubordilar. Ammo Xudo Yusuf bilan birga boʻlib, 10 uni hamma kulfatlardan saqlab qoldi. Xudo Yusufni shunchalik dono qildiki, u Misr firʼavnining iltifotiga sazovor boʻldi. Firʼavn Yusufni butun Misr va oʻzining xonadoni ustidan hokim qilib tayinladi. 11 Oʻsha davrda butun Misr va Kanʼon boʻylab ocharchilik tarqaldi, koʻp azob–uqubatlar kelib chiqdi. Ota–bobolarimiz yegulik topa olmay qoldilar. 12 Yoqub, Misrda don bor ekan, deb eshitib qoldi. U oʻgʻillarini, yaʼni bizning bobolarimizni Misrga birinchi bor safarga joʻnatdi. 13 Ular Misrga ikkinchi marta borganlarida, Yusuf akalariga oʻzini tanitdi. Shunday qilib, Yusufning urugʻ–aymogʻi firʼavnga maʼlum boʻldi. 14 Shundan keyin Yusuf otasi Yoqubni, hamma qarindosh–urugʻlarini yoniga chaqirdi. Ular hammasi boʻlib yetmish besh kishi edilar. 15 Shunday qilib, Yoqub Misrga ketdi. Yoqub ham, uning oʻgʻillari, yaʼni ota–bobolarimiz ham Misrda vafot etdilar. 16 Ularning suyaklarini Shakam shahriga olib kelib, Ibrohimning maqbarasiga qoʻydilar. Bu maqbarani Ibrohim shakamlik Xamoʻrning oʻgʻillaridan bir qancha kumushga sotib olgan edi.
17 Xudoning Ibrohimga bergan vaʼdasi amalga oshadigan payt yaqinlashgani sari, Misrdagi xalqimiz gʻoyat koʻpayib borar edi. 18 Misrni boshqa hukmdor boshqara boshladi. U Yusuf toʻgʻrisida hech narsa bilmasdi. 19 Ular ota–bobolarimizga nayrang ishlatdilar. Ota–bobolarimiz chaqaloqlaridan voz kechishlariga toʻgʻri keldi, chaqaloqlari oʻldirildi. 20 Shu paytda Muso tugʻilgan edi. U juda chiroyli bola edi. Ota–onasining uyida Musoni uch oy parvarishlaganlaridan keyin 21 oxiri, voz kechishga majbur boʻldilar. Firʼavnning qizi Musoni saqlab olib, oʻz oʻgʻliday tarbiya qildi. 22 Musoga Misrliklarning ilmu maʼrifati oʻrgatildi, u soʻzda ham, ishda ham buyuk odam boʻldi.
23 Muso qirq yoshga kirganda, uning yuragida qardoshlari boʻlgan Isroil xalqini koʻrish orzusi tugʻildi. 24 Misrliklardan biri Isroil xalqidan bittasiga shafqatsizlik qilayotganini koʻrganda, Muso qardoshini himoya qildi. Misrlikni oʻldirib, qardoshining oʻchini oldi. 25 Muso: «Xudo men orqali xalqimni ozod qilmoqchi, buni xalqim tushunsa kerak», deb oʻyladi. Ammo ular tushunmadilar. 26 Keyingi kuni Muso Isroil xalqidan ikkitasi janjallashayotganini koʻrib, ularni yarashtirmoqchi boʻldi: «Quloq solinglar, ey odamlar, axir, sizlar birodarsizlar! Nega bir–biringizni xafa qilyapsizlar?» 27 Ammo qardoshini xafa qilayotgan odam Musoni turtib dedi: «Kim seni bizning ustimizdan hukmdor yoki hakam qilib qoʻydi? 28 Kecha Misrlikni oʻldirganingday meni ham oʻldirmoqchimisan?» 29 Muso bu gapni eshitgach, Misrdan qochib ketdi va Midiyon yurtida musofir boʻlib yashay boshladi. Bu yurtda Muso ikki oʻgʻil koʻrdi.
30 Oradan qirq yil oʻtgach, Muso sahrodagi Sinay togʻi yonida boʻlganda, buta alangasi ichida unga bir farishta zohir boʻldi . 31 Muso buni koʻrib, hayron boʻldi. Yaxshiroq koʻrish uchun butaga yaqin bordi. Shu payt u Egamizning ovozini eshitdi: 32 «Men ota–bobolaringiz — Ibrohim, Isʼhoq va Yoqubning Xudosiman.» Muso qoʻrqqanidan titrab, qarashga jurʼat etmadi. 33 Shunda Egamiz Musoga dedi: «Oyogʻingdagi chorigʻingni yech, chunki sen turgan joy muqaddas yerdir. 34 Xalqimning Misrda chekkan azoblarini koʻrdim, ularning oh–vohlarini eshitdim. Men ularni ozod qilish uchun keldim. Endi kel, Men seni Misrga yuboraman.»
35 Mana shu Musoni xalq rad qilib, unga: «Kim seni bizga hukmdor va hakam qilib qoʻydi?» deb aytgandi. Xudoning Oʻzi esa Musoni hukmdor va xaloskor qilib yubordi. U buni buta ichida zohir boʻlgan farishta orqali amalga oshirdi. 36 Muso Isroil xalqini Misrdan olib chiqdi. Misrda, Qizil dengizda va sahroda qirq yil davomida moʻjizalar va alomatlar koʻrsatdi. 37 Isroil xalqiga: «Xudo sizlar uchun oʻz xalqingiz orasidan menga oʻxshagan bir paygʻambar chiqaradi » , deb aytgan ham oʻsha Muso edi. 38 Sahroda Isroil xalqi bilan birga yashagan Musodir, Sinay togʻida otalarimiz bilan birga turgan, farishta bilan gaplashgan ham udir. Bizga beriladigan Xudoning hayotbaxsh kalomini Muso farishtadan qabul qildi. 39 Ammo ota–bobolarimiz Musoga itoat etishni istamadilar. Aksincha, ular Musoni mensimay, koʻngillarida Misrga qaytishga moyil boʻldilar. 40 Ular Horunga shunday dedilar: «Biz uchun xudolar yasab ber, ular bizni yoʻlda boshlab borsin. Bizni Misrdan olib chiqqan Musoga nima boʻlganini bilmaymiz.» 41 Oʻsha paytda ular buzoq tasvirini yasadilar, oʻsha butga qurbonlik qildilar. Shunday qilib, qoʻllarining ijodi oldida koʻngilxushlik qildilar. 42 Shu sababdan Xudo ulardan yuz oʻgirdi, samoviy jismlarga sajda qilishsin, deb ularni tark etdi. Zotan, paygʻambarlar kitobida shunday yozilgan:

«Ey Isroil xalqi, sizlar juda koʻp qurbonliklar keltirasizlar! Men ota–bobolaringizni qirq yil sahroda olib yurganimda, ulardan shu qadar koʻp qurbonligu nazrlarni talab qilmadim! 43 Sizlar oʻzingiz yasagan xudolarga — Moʻlax va Rayfon tasvirlariga topinib yuribsizlar. Shuning uchun Men sizlarni Bobil yurtiga surgun qilaman. Qani, endi turinglar! Moʻlaxning chodirini va Rayfonning tasviri boʻlgan yulduzni koʻtarib olib ketinglar.»

44 Sahroda ota–bobolarimizning Muqaddas ahd chodiri bor edi. Bu Chodir, Xudo Musoga buyurganday, U koʻrsatgan namuna boʻyicha yasalgan edi. 45 Keyinroq oʻsha Chodir otalarimizga berildi. Otalarimiz Yoshua bilan ketganlarida Chodirni oʻzlari bilan olib ketdilar. Oʻshanda Xudo quvib yuborgan xalqlarning yerini otalarimiz tortib olgan edilar. Chodir shoh Dovud zamonigacha oʻsha yurtda otalarimiz bilan qoldi. 46 Xudoning marhamatiga sazovor boʻlgan Dovud: «Yoqubning Xudosiga maskan qurib beray», deb Undan izn soʻradi. 47 Ammo Xudoga uyni Sulaymon qurib berdi. 48 Vaholanki, Xudoyi Taolo inson qoʻllari bilan yasalgan uylarda istiqomat qilmaydi. Xudo paygʻambar orqali aytganday:

49 «Osmon Mening taxtimdir,
Yer oyogʻim tagidagi kursidir.
Menga qanday uy qurib bera olasiz?!
— demoqda Egamiz. —
Qaysi joy Menga maskan boʻla oladi?!
50 Axir, hammasini Oʻz qoʻllarim bilan yaratganman.»

51 Sizlar oʻjar xalqsiz! Ey yuraklari, quloqlari sunnat qilinmaganlar! Sizlar ham, ota–bobolaringizga oʻxshab, har doim Muqaddas Ruhga qarshi turasizlar. 52 Ota–bobolaringiz paygʻambarlarning hammasini quvgʻin qilganlar! Solih Zotning kelishini bashorat qilganlarni ular oʻldirganlar! Endi esa sizlar Solih Zotni sotib, qatl qildingizlar. 53 Xudoning qonunini olgan sizlarsiz. Ammo oʻsha qonun sizlarga farishtalar orqali berilganiga qaramay, sizlar unga rioya qilmadingizlar.”
54 Oliy kengash aʼzolari Stefanning soʻzlarini eshitib, gʻazabga mindilar, gʻazabdan tishlarini gʻijirlatdilar. 55 Ammo Muqaddas Ruhga toʻlgan Stefan osmonga tikilib, Xudoning ulugʻvorligini koʻrdi. Iso Xudoning oʻng tomonida turar edi.
56 “Qaranglar! — dedi Stefan. — Men osmon ochilganini koʻryapman. Inson Oʻgʻli Xudoning Oʻng tomonida turibdi!”
57 Ular esa qoʻllari bilan quloqlarini berkitib oldilar, soʻng birdaniga hammalari ovozlari boricha baqirib, Stefanga tashlandilar. 58 Ular Stefanni shahar tashqarisiga olib chiqdilar va toshboʻron qildilar. Unga qarshi guvohlik berganlar esa choponlarini Shoul degan yigitning oyoqlari ostiga qoʻydilar.
59 Ular Stefanni toshboʻron qilayotganlarida, Stefan: “Ey Rabbim Iso, ruhimni ol!” deb ibodat qildi. 60 Soʻngra u tiz choʻkib, ovozi boricha: “Ey Rabbim Iso! Bu gunohni ularga yuklamagin!” deb baqirib, jon berdi.