22–BOB
1 Dovud shunday dedi: “Egamiz Xudoning uyi ham, Isroil xalqi qurbonliklar kuydiradigan qurbongoh ham shu yerda boʻladi.”
Maʼbadni qurishga tayyorgarlik
2 Dovud Isroil yurtidagi barcha musofirlarni bir joyga yigʻdirdi. Ulardan baʼzilarini Xudoning uyini qurish uchun tosh kesib yoʻnadigan sangtaroshlar qilib tayinladi. 3 Dovud yogʻoch darvozalar uchun oshiq–moshiq va mixlar yasagani koʻp miqdorda temir saqlab qoʻydi. Bronza ham shunchalik koʻp ediki, hech kim uning hisobiga yeta olmasdi. 4 U behisob sadr yogʻochini ham saqlab qoʻydi. Sidonliklar va Tirliklar koʻp miqdorda sadr yogʻochlari olib kelgan edilar. 5 Dovud ichida shunday deb aytar edi: “Oʻgʻlim Sulaymon yosh, tajribasiz. Egamiz uchun quriladigan uy esa shu qadar salobatli boʻlishi kerakki, uning dongʻi butun dunyoga yoyilib, barcha xalqlar orasida shuhrat topishi kerak. Shunday ekan, qurilish uchun hamma tayyorgarlikni oʻzim koʻrib qoʻyaveray.” Shuning uchun Dovud oʻlimidan oldin koʻp miqdordagi ashyolarni tayyorlab qoʻygan edi.
6 Soʻngra Dovud oʻgʻli Sulaymonni chaqirtirib, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz uchun uy qurishni unga topshirdi.
7 — Oʻgʻlim! — deb gapini boshladi Dovud, — Men Egam Xudoga atab bir uy qurish niyatida edim. 8 Lekin Egam menga shunday soʻzini yuborgan edi: “Sen koʻp jang qilib, koʻp qon toʻkding. Yer yuzida, Mening oldimda shu qadar koʻp qon toʻkkaning uchun Menga atab uyni sen qurmaysan. 9 Ammo sendan bir oʻgʻil tugʻiladi. Oʻgʻling tinchliksevar odam boʻladi. Men uni atrofdagi hamma gʻanimlardan xalos qilib, tinchlikka erishtiraman. Uning ismi Sulaymon boʻladi. Uning hukmronligi davrida Isroilga tinchlik, osoyishtalik ato qilaman. 10 Menga atab uyni oʻsha oʻgʻling quradi. U Menga oʻgʻil boʻladi, Men unga ota boʻlaman. Uning Isroildagi shohlik taxtini to abad mustahkam qilaman.” 11 Endi, oʻgʻlim, Xudo senga yor boʻlsin. Uning uyini qurayotganingda, Egang Xudo Oʻz vaʼdasiga muvofiq, seni muvaffaqiyatga erishtirsin. 12 Egam senga idrok bilan fahm–farosat bersin, toki U Isroil hukmronligini senga topshirganda, sen Egang Xudoning qonuniga rioya qila olgin. 13 Agar sen Egamizning Isroil uchun Musoga amr etgan qonun–qoidalarini bitta qoldirmay bajarsang, muvaffaqiyatga erishasan. Dadil va botir boʻl. Qoʻrqma, vahimaga tushma. 14 Men Egamizning uyi uchun koʻp mashaqqatlar bilan 200.000 pud oltin, 2.000.000 pud kumush, behisob miqdorda bronza va temir tayyorladim. Yana yogʻoch va tosh ham tayyorlab qoʻydim. Sen bularga yana qoʻshishing lozim. 15 Sening koʻp ishchilaring bor. Ularning orasida turli hunarmandlar — tosh yoʻnuvchilar, tosh teruvchilar, duradgorlar, 16 oltin, kumush, bronza va temirga ishlov beradigan, behisob mohir ustalar bor. Qani, ishga bel bogʻla. Xudo senga yor boʻlsin.
17 Dovud Isroilning barcha yoʻlboshchilariga, Sulaymonga yordam beringlar, deb amr qilib, shunday dedi: 18 “Egangiz Xudo sizlar bilan birga boʻlib, sizlarga har tomondan tinchlik ato etdi. Bizdan oldin bu yurtda yashagan xalqni U mening qoʻlimga berdi. Ular endi Egamizga va Uning xalqiga qaram boʻlib qoldi. 19 Endi butun qalbingiz va yuragingiz bilan Egangiz Xudoga intiling. Boringlar, Parvardigor Egamizga atab uy qurishni boshlanglar, toki Ahd sandigʻi va muqaddas ashyolar oʻsha yerda saqlanadigan boʻlsin.”