16–BOB
Koʻrax, Datan va Aburamning isyoni
1-2 Bir kuni Levi qabilasining Qohot urugʻidan boʻlgan Izxor oʻgʻli Koʻrax Musoga qarshi isyon koʻtardi. U Ruben qabilasidan Eliyobning oʻgʻillari Datan va Aburamni hamda Palaf oʻgʻli Onni yoniga qoʻshib oldi. Isroil xalqining 250 yoʻlboshchisi ham ularga qoʻshildi. Bu yoʻlboshchilar jamoa kengashining tayinlangan aʼzolaridan boʻlib, obroʻli kishilar edi.
3 Ular Muso bilan Horunga qarshi yigʻilishib, ikkoviga shunday deyishdi:
— Sizlar haddingizdan oshib ketdingiz! Axir, butun jamoa va uning har bir aʼzosi Egamizga tegishli–ku! Egamiz hammamiz bilan birgadir. Nimaga endi sizlar oʻzingizni Egamizning jamoasidan ustun qoʻyyapsizlar?!
4 Muso bu gapni eshitib, muk tushdi . 5 Soʻng Koʻrax va uning sheriklariga shunday dedi:
— Ertaga ertalab Egamiz Oʻzinikilarni koʻrsatadi. Oʻziga tegishli boʻlgan odamini ayon qiladi. Kim Xudoning tanlangani boʻlsa, Egamiz oʻshani Oʻziga yaqinlashtiradi. 6 Sen, Koʻrax, hamtovoqlaring bilan birga olovkuraklaringizni olib, 7 ertaga Egamiz oldida oʻsha olovkuraklaringizda tutatqi tutatinglar. Oʻshanda Egamiz kimni tanlab olganini, kim Unga tegishli ekanligini koʻramiz . Ey levilar, sizlar haddingizdan oshib ketdingizlar!
8 Keyin Muso:
— Ey levilar, eshitib olinglar! — dedi Koʻraxga. 9 — Isroil xalqining Xudosi sizlarni Isroil jamoasidan ajratib oldi. Egamizning Muqaddas chodiridagi yumushlarni bajarishingiz uchun sizlarni Oʻziga yaqinlashtirdi. Jamoa vakili sifatida butun xalqqa xizmat qilishingiz uchun sizlarni tanlab oldi. Nahotki shunisi sizlarga kamlik qilsa?! 10 Egamiz sizlarni, hamma levi birodarlaringizni Oʻziga yaqinlashtirgan boʻlsa, yana ruhoniylikni ham talab qilishingiz nimasi? 11 Horun kim boʻptiki, sizlar undan mingʻirlab nolisangiz? Sizlar asli Horunga emas, Egamizga qarshi yigʻilgansiz!
12 Muso Eliyobning oʻgʻillari Datan va Aburamni chaqirib kelgani odam yubordi. Lekin ular:
— Bormaymiz! — deb aytib yuborishdi. 13 — Ey Muso, sen bizni sut va asal oqib yotgan yurtdan olib chiqib, sahroda halok qilmoqchi boʻlding. Shunisi yetmaganday, endi bizga xon boʻlmoqchimisan?! 14 Sen bizni sut va asal oqib yotgan yurtga olib kirmading, mulk qilib dalalaru uzumzorlarni bermading. Shu paytgacha bizni laqillatib kelyapsan. Yoʻq, oldingga bormaymiz!
15 Bularni eshitgan Muso qattiq gʻazablanib, Egamizga aytdi:
— Ularning nazrlarini qabul qilma. Men ularning birortasiga yomonlik qilmadim–ku, ularning birontasidan hatto eshagini ham olmadim–ku!
16 Soʻng Muso Koʻraxga aytdi:
— Ertaga oʻzing ham, hamma sheriklaring ham Egamiz oldida hozir boʻlinglar. Horun ham shu yerda boʻladi. 17 250 nafar yoʻlboshchining hammasi olovkuraklariga tutatqi solib, Egamizning huzuriga olib kelishsin. Sen ham olovkuragingni olib kel, Horun ham oʻzinikini olib keladi.
18 Shunday qilib, ertasi kuni har bir odam oʻz olovkuragini oldi. Olovkurakka choʻgʻ solib, choʻgʻ ustiga tutatqi tashladi. Ular Muso va Horun bilan birga Uchrashuv chodiri kiraverishiga kelib turishdi. 19 Koʻrax butun jamoani Uchrashuv chodiri kiraverishi oldiga — Muso va Horunning roʻparasiga toʻplagach, Egamiz ulugʻvorligini butun jamoaga zohir qildi.
20 Keyin Egamiz Muso bilan Horunga:
21 — Bu jamoadan nari turinglar, — dedi. — Men ularni bir zumda yoʻq qilib yuboraman.
22 Ikkovi esa muk tushib:
— Ey Xudoyim! Ey odamzod ruhlarining Xudosi! — deb iltijo qilishdi. — Gunoh qilgan bitta odam–ku, Sen esa butun jamoadan gʻazablanyapsanmi?!
23 Egamiz Musoga dedi:
24 — Jamoaga ayt, ular Koʻrax, Datan va Aburamning chodirlaridan uzoqroq turishsin.
25 Muso oʻrnidan turib, Datan bilan Aburamning oldiga ketdi. Isroil oqsoqollari ham Musoga ergashishdi. 26 Muso jamoaga dedi:
— Bu qabih odamlarning chodirlaridan uzoqroq turinglar. Ularning biror narsasiga ham tegmanglar. Aks holda, ularning hamma gunohlari uchun sizlar nobud boʻlasizlar.
27 Jamoa Koʻrax, Datan va Aburamning chodirlaridan uzoqroqqa borib turishdi. Datan va Aburam esa xotinlari, bola–chaqalari bilan chodirlarining kiraverishiga chiqib turgan edilar.
28 — Bu ishlarning hammasini ado etishim uchun meni Egamiz yuborganini, bularni oʻzimcha qilmaganimni shundan bilasizlar, — dedi Muso. 29 — Agar Koʻrax va uning sheriklari oʻz ajali bilan, hamma odamlar kabi, oʻlishsa, meni Egamiz joʻnatmagan boʻladi. 30 Bordi–yu, Egamiz favqulodda bir narsa qilsa — yer yorilib ularni bor narsasi bilan yutib yuborsa, ular oʻliklar diyoriga tiriklayin kirib ketishsa, bilinglarki, oʻsha odamlar Egamizni xoʻrlagan boʻladi.
31 Muso gapini endi tugatgan ham ediki, oʻsha odamlarning oyogʻi ostidagi yer yorilib ketdi. 32 Yerning ogʻzi katta ochilib, ularni oila aʼzolari, Koʻraxning hamma sheriklari, mol–mulki bilan birga yutib yubordi. 33 Shunday qilib, ular jamiki mol–mulki bilan birga tiriklayin oʻliklar diyoriga kirib ketishdi. Yer yopilib, ularni jamoa orasidan gʻoyib qildi. 34 Ularning faryodidan atrofda turgan Isroil xalqi: “Bizni ham yer yutib yubormasin!” deb baqirgancha tumtaraqay boʻldi. 35 Shu payt Egamiz alanga yuborib, tutatqi tutatgan 250 nafar odamni kuydirib yubordi.
Olovkuraklar
36 Egamiz yana Musoga dedi:
37-38 — Horunning oʻgʻli ruhoniy Elazarga ayt. U gunohlari uchun oʻldirilganlarning olovkuraklarini yongʻin orasidan yigʻishtirib olsin. Olovkuraklardagi choʻgʻlarni bir chetga chiqarib tashlasin, chunki olovkuraklar muqaddasdir. Bu olovkuraklar Menga nazr qilish uchun foydalanilganda, muqaddas boʻlgan. Bu olovkuraklarni yoyib, qurbongohni qoplash uchun tunuka qilinglar. Bular Isroil xalqini ogohlantiruvchi bir belgi boʻladi.
39 Ruhoniy Elazar kuyib oʻlganlarning tutatqi tutatgan bronza olovkuraklarini yigʻishtirib oldi. Soʻng u olovkuraklarni yoyib, qurbongohni qoplash uchun tunuka holiga keltirdi. 40 Horunning naslidan boʻlmagan birorta odam Egamizning oldida tutatqi tutatib, Koʻrax va uning sheriklari kabi halok boʻlmasligi uchun, bu tunuka Isroil xalqini ogoh qilib turardi. Shunday qilib, Egamizning Muso orqali bergan koʻrsatmalari amalga oshirildi.
Horun xalqni qutqaradi
41 Ertasiga jamiki Isroil jamoasi Muso bilan Horundan norozi boʻlib: “Egamizning xalqini sizlar oʻldirdingizlar”, deb mingʻirlay boshladi. 42 Jamoa ularga qarshi yigʻilgan paytda Muso bilan Horun Uchrashuv chodiri tomon qarashsa, Chodirni bulut qoplab olgan, Egamiz ulugʻvorligini zohir qilgan ekan. 43 Ular Uchrashuv chodirining old tomoniga borib turishganda, 44 Egamiz Musoga dedi:
45 — Bu jamoadan nari tur, Men ularni hozirning oʻzidayoq yoʻq qilib yuboraman.
Ammo Muso bilan Horun yerga muk tushdi. 46 Muso Horunga dedi:
— Qani, boʻl, olovkuragingni ol! Qurbongohdan olovkurakka choʻgʻ solib, ustiga tutatqi tashla–da, tezroq jamoaning oldiga bor. Ularni gunohlaridan pokla. Egamiz gʻazabini sochdi, odamlar oʻlatdan nobud boʻlyapti.
47 Horun Muso buyurganday qilib, jamoaning orasiga yugurib bordi. Odamlar haqiqatan ham oʻlatdan nobud boʻlishayotgan edi. Horun tutatqi tutatib, Isroil xalqini gunohlaridan pokladi. 48 U tiriklar bilan marhumlarning oʻrtasiga turgan edi, oʻlat toʻxtadi. 49 Lekin oʻlatdan 14.700 kishi nobud boʻlgan edi. Koʻraxning qilmishi tufayli oʻlganlar bu hisobga kirmasdi. 50 Oʻlat toʻxtagandan keyin Horun Uchrashuv chodirining kiraverishida turgan Musoning yoniga qaytib keldi.
16–БОБ
Кўрах, Датан ва Абурамнинг исёни
1-2 Бир куни Леви қабиласининг Қоҳот уруғидан бўлган Изхор ўғли Кўрах Мусога қарши исён кўтарди. У Рубен қабиласидан Элиёбнинг ўғиллари Датан ва Абурамни ҳамда Палаф ўғли Онни ёнига қўшиб олди. Исроил халқининг 250 йўлбошчиси ҳам уларга қўшилди. Бу йўлбошчилар жамоа кенгашининг тайинланган аъзоларидан бўлиб, обрўли кишилар эди.
3 Улар Мусо билан Ҳорунга қарши йиғилишиб, икковига шундай дейишди:
— Сизлар ҳаддингиздан ошиб кетдингиз! Ахир, бутун жамоа ва унинг ҳар бир аъзоси Эгамизга тегишли–ку! Эгамиз ҳаммамиз билан биргадир. Нимага энди сизлар ўзингизни Эгамизнинг жамоасидан устун қўйяпсизлар?!
4 Мусо бу гапни эшитиб, мук тушди . 5 Сўнг Кўрах ва унинг шерикларига шундай деди:
— Эртага эрталаб Эгамиз Ўзиникиларни кўрсатади. Ўзига тегишли бўлган одамини аён қилади. Ким Худонинг танлангани бўлса, Эгамиз ўшани Ўзига яқинлаштиради. 6 Сен, Кўрах, ҳамтовоқларинг билан бирга оловкуракларингизни олиб, 7 эртага Эгамиз олдида ўша оловкуракларингизда тутатқи тутатинглар. Ўшанда Эгамиз кимни танлаб олганини, ким Унга тегишли эканлигини кўрамиз . Эй левилар, сизлар ҳаддингиздан ошиб кетдингизлар!
8 Кейин Мусо:
— Эй левилар, эшитиб олинглар! — деди Кўрахга. 9 — Исроил халқининг Худоси сизларни Исроил жамоасидан ажратиб олди. Эгамизнинг Муқаддас чодиридаги юмушларни бажаришингиз учун сизларни Ўзига яқинлаштирди. Жамоа вакили сифатида бутун халққа хизмат қилишингиз учун сизларни танлаб олди. Наҳотки шуниси сизларга камлик қилса?! 10 Эгамиз сизларни, ҳамма леви биродарларингизни Ўзига яқинлаштирган бўлса, яна руҳонийликни ҳам талаб қилишингиз нимаси? 11 Ҳорун ким бўптики, сизлар ундан минғирлаб нолисангиз? Сизлар асли Ҳорунга эмас, Эгамизга қарши йиғилгансиз!
12 Мусо Элиёбнинг ўғиллари Датан ва Абурамни чақириб келгани одам юборди. Лекин улар:
— Бормаймиз! — деб айтиб юборишди. 13 — Эй Мусо, сен бизни сут ва асал оқиб ётган юртдан олиб чиқиб, саҳрода ҳалок қилмоқчи бўлдинг. Шуниси етмагандай, энди бизга хон бўлмоқчимисан?! 14 Сен бизни сут ва асал оқиб ётган юртга олиб кирмадинг, мулк қилиб далалару узумзорларни бермадинг. Шу пайтгача бизни лақиллатиб келяпсан. Йўқ, олдингга бормаймиз!
15 Буларни эшитган Мусо қаттиқ ғазабланиб, Эгамизга айтди:
— Уларнинг назрларини қабул қилма. Мен уларнинг бирортасига ёмонлик қилмадим–ку, уларнинг биронтасидан ҳатто эшагини ҳам олмадим–ку!
16 Сўнг Мусо Кўрахга айтди:
— Эртага ўзинг ҳам, ҳамма шерикларинг ҳам Эгамиз олдида ҳозир бўлинглар. Ҳорун ҳам шу ерда бўлади. 17 250 нафар йўлбошчининг ҳаммаси оловкуракларига тутатқи солиб, Эгамизнинг ҳузурига олиб келишсин. Сен ҳам оловкурагингни олиб кел, Ҳорун ҳам ўзиникини олиб келади.
18 Шундай қилиб, эртаси куни ҳар бир одам ўз оловкурагини олди. Оловкуракка чўғ солиб, чўғ устига тутатқи ташлади. Улар Мусо ва Ҳорун билан бирга Учрашув чодири кираверишига келиб туришди. 19 Кўрах бутун жамоани Учрашув чодири киравериши олдига — Мусо ва Ҳоруннинг рўпарасига тўплагач, Эгамиз улуғворлигини бутун жамоага зоҳир қилди.
20 Кейин Эгамиз Мусо билан Ҳорунга:
21 — Бу жамоадан нари туринглар, — деди. — Мен уларни бир зумда йўқ қилиб юбораман.
22 Иккови эса мук тушиб:
— Эй Худойим! Эй одамзод руҳларининг Худоси! — деб илтижо қилишди. — Гуноҳ қилган битта одам–ку, Сен эса бутун жамоадан ғазабланяпсанми?!
23 Эгамиз Мусога деди:
24 — Жамоага айт, улар Кўрах, Датан ва Абурамнинг чодирларидан узоқроқ туришсин.
25 Мусо ўрнидан туриб, Датан билан Абурамнинг олдига кетди. Исроил оқсоқоллари ҳам Мусога эргашишди. 26 Мусо жамоага деди:
— Бу қабиҳ одамларнинг чодирларидан узоқроқ туринглар. Уларнинг бирор нарсасига ҳам тегманглар. Акс ҳолда, уларнинг ҳамма гуноҳлари учун сизлар нобуд бўласизлар.
27 Жамоа Кўрах, Датан ва Абурамнинг чодирларидан узоқроққа бориб туришди. Датан ва Абурам эса хотинлари, бола–чақалари билан чодирларининг кираверишига чиқиб турган эдилар.
28 — Бу ишларнинг ҳаммасини адо этишим учун мени Эгамиз юборганини, буларни ўзимча қилмаганимни шундан биласизлар, — деди Мусо. 29 — Агар Кўрах ва унинг шериклари ўз ажали билан, ҳамма одамлар каби, ўлишса, мени Эгамиз жўнатмаган бўлади. 30 Борди–ю, Эгамиз фавқулодда бир нарса қилса — ер ёрилиб уларни бор нарсаси билан ютиб юборса, улар ўликлар диёрига тириклайин кириб кетишса, билингларки, ўша одамлар Эгамизни хўрлаган бўлади.
31 Мусо гапини энди тугатган ҳам эдики, ўша одамларнинг оёғи остидаги ер ёрилиб кетди. 32 Ернинг оғзи катта очилиб, уларни оила аъзолари, Кўрахнинг ҳамма шериклари, мол–мулки билан бирга ютиб юборди. 33 Шундай қилиб, улар жамики мол–мулки билан бирга тириклайин ўликлар диёрига кириб кетишди. Ер ёпилиб, уларни жамоа орасидан ғойиб қилди. 34 Уларнинг фарёдидан атрофда турган Исроил халқи: “Бизни ҳам ер ютиб юбормасин!” деб бақирганча тумтарақай бўлди. 35 Шу пайт Эгамиз аланга юбориб, тутатқи тутатган 250 нафар одамни куйдириб юборди.
Оловкураклар
36 Эгамиз яна Мусога деди:
37-38 — Ҳоруннинг ўғли руҳоний Элазарга айт. У гуноҳлари учун ўлдирилганларнинг оловкуракларини ёнғин орасидан йиғиштириб олсин. Оловкураклардаги чўғларни бир четга чиқариб ташласин, чунки оловкураклар муқаддасдир. Бу оловкураклар Менга назр қилиш учун фойдаланилганда, муқаддас бўлган. Бу оловкуракларни ёйиб, қурбонгоҳни қоплаш учун тунука қилинглар. Булар Исроил халқини огоҳлантирувчи бир белги бўлади.
39 Руҳоний Элазар куйиб ўлганларнинг тутатқи тутатган бронза оловкуракларини йиғиштириб олди. Сўнг у оловкуракларни ёйиб, қурбонгоҳни қоплаш учун тунука ҳолига келтирди. 40 Ҳоруннинг наслидан бўлмаган бирорта одам Эгамизнинг олдида тутатқи тутатиб, Кўрах ва унинг шериклари каби ҳалок бўлмаслиги учун, бу тунука Исроил халқини огоҳ қилиб турарди. Шундай қилиб, Эгамизнинг Мусо орқали берган кўрсатмалари амалга оширилди.
Ҳорун халқни қутқаради
41 Эртасига жамики Исроил жамоаси Мусо билан Ҳорундан норози бўлиб: “Эгамизнинг халқини сизлар ўлдирдингизлар”, деб минғирлай бошлади. 42 Жамоа уларга қарши йиғилган пайтда Мусо билан Ҳорун Учрашув чодири томон қарашса, Чодирни булут қоплаб олган, Эгамиз улуғворлигини зоҳир қилган экан. 43 Улар Учрашув чодирининг олд томонига бориб туришганда, 44 Эгамиз Мусога деди:
45 — Бу жамоадан нари тур, Мен уларни ҳозирнинг ўзидаёқ йўқ қилиб юбораман.
Аммо Мусо билан Ҳорун ерга мук тушди. 46 Мусо Ҳорунга деди:
— Қани, бўл, оловкурагингни ол! Қурбонгоҳдан оловкуракка чўғ солиб, устига тутатқи ташла–да, тезроқ жамоанинг олдига бор. Уларни гуноҳларидан покла. Эгамиз ғазабини сочди, одамлар ўлатдан нобуд бўляпти.
47 Ҳорун Мусо буюргандай қилиб, жамоанинг орасига югуриб борди. Одамлар ҳақиқатан ҳам ўлатдан нобуд бўлишаётган эди. Ҳорун тутатқи тутатиб, Исроил халқини гуноҳларидан поклади. 48 У тириклар билан марҳумларнинг ўртасига турган эди, ўлат тўхтади. 49 Лекин ўлатдан 14.700 киши нобуд бўлган эди. Кўрахнинг қилмиши туфайли ўлганлар бу ҳисобга кирмасди. 50 Ўлат тўхтагандан кейин Ҳорун Учрашув чодирининг кираверишида турган Мусонинг ёнига қайтиб келди.