9–BOB
Abumalek
1 Gidoʻn oʻgʻli Abumalek Shakam shahriga — togʻalarining oldiga borib, barcha urugʻ–aymoqlariga shunday dedi:
2 — Shakam beklarining huzuriga boringlar, ularga: “Ustingizdan Gidoʻnning yetmishta oʻgʻli hukmronlik qilganidan koʻra, bittasi hukmronlik qilgani yaxshi emasmi?” deb aytinglar. Men sizlarning jigaringiz ekanimni ham eslaringizdan chiqarmanglar.
3 Togʻalari Abumalekning manfaatini koʻzlab, bu soʻzlarni Shakam beklariga yetkazdilar. Shakam beklari esa: “Har qalay Abumalek qarindoshimiz”, deya uning tarafdorlari boʻldilar. 4 Shakam beklari unga Baal–Berit uyidagi yetmish boʻlak kumushni berdilar. Abumalek esa bu kumushga yaramas odamlarni yolladi. 5 U Oʻfraga — otasining uyiga borib, yetmishta oʻgay aka–ukasini bir tosh ustida qatl qildi. Ammo Gidoʻnning kenja oʻgʻli Yoʻtom bekinib, tirik qoldi. 6 Soʻng Shakam beklari va Bayt–Milloda yashovchilar Shakamdagi muqaddas eman daraxtining oldiga borib, u yerda Abumalekni taxtga koʻtarishdi.
7 Yoʻtom buni eshitgach, Garizim togʻining tepasiga chiqib xitob qildi:

“Ey Shakam beklari, gapimni eshitinglar, shunda Xudo ham sizlarni eshitgay! 8 Bir zamonda daraxtlar oʻzlariga shoh tanlamoqchi boʻlishibdi. Ular zaytun daraxtiga:
— Shohimiz boʻl, — deyishibdi.
9 Zaytun daraxti ularga shunday javob beribdi:
— Xudolar va bandalar sharafiga ishlatiladigan moyimni bermay qoʻyib, daraxtlar uzra shoxlarimni silkitib turaymi?!
10 Shunda daraxtlar anjirga:
— Sen kelib, shohimiz boʻla qol, — deb aytishibdi.
11 Anjir daraxti ham shunday javob beribdi:
— Iye, shirin va lazzatli mevalarimni tugmay, daraxtlar uzra shoxlarimni silkitib turaymi?!
12 Soʻng daraxtlar tokka:
— Bizga sen hukmronlik qila qol, — deyishibdi.
13 Tok ham javob berib shunday debdi:
— Xudolar va bandalar dimogʻini chogʻ qiladigan sharobimni bermay qoʻyib, daraxtlar uzra novdalarimni silkitib turaymi?!
14 Oxiri daraxtlarning barchasi yantoqqa deyishibdi:
— Sen kelib, bizga hukmronlik qilgin.
15 Yantoq esa daraxtlarga:
— Agar meni sidqidildan shohlikka koʻtarayotgan boʻlsangizlar, kelib soyamda panoh topinglar, aks holda, tikanlarimdan chiqqan olov avj olib, hatto Lubnondagi sadrlarni ham kuydirib tashlaydi! — deb javob beribdi.
16 Shu tariqa sizlar ham Abumalekni taxtga sidqidildan, vijdonan koʻtardingizmi?! Gidoʻn va uning xonadoniga nisbatan toʻgʻri ish tutdingizmi?! Qilmishlaringiz otamning sizlar uchun qilgan ezgu ishlariga loyiq ekanmi?! 17 Otam jonini ayamay sizlar uchun jang qilgan edi, sizlarni Midiyonlarning qoʻlidan qutqargan edi. 18 Sizlar esa otamning xonadoniga qarshi chiqib, uning yetmish nafar oʻgʻlini bir toshning ustida qatl qildingizlar. Choʻrisi tuqqan Abumalekni esa qarindoshingiz boʻlgani uchun Shakam beklarining ustidan shoh qilib tayinladingizlar. 19 Agar bugun Gidoʻn xonadoniga nisbatan vijdonan ish tutgan boʻlsangiz, Abumalekdan mamnun boʻlib shodlaning, u ham sizlardan mamnun boʻlib shodlansin. 20 Aks holda, Abumalekdan olov chiqib, Shakam va Bayt–Millo beklarini yamlab yuborsin. Shakam va Bayt–Millo beklaridan ham olov chiqib, Abumalekni kuydirib yoʻq qilsin.”

21 Soʻng Yoʻtom Abumalekdan qoʻrqqanidan Ber hududiga qochib qoldi.
22 Abumalek uch yil Isroilda hukmronlik qildi. 23 Xudo esa Abumalek va Shakam beklari orasida nizo chiqarish uchun bir ruh yubordi. Shuning uchun Shakam beklari Abumalekka xoinlik qilishdi. 24 Bu hodisa Gidoʻnning yetmishta oʻgʻlini oʻldirgan Abumalekdan va uning bu jinoyatini qoʻllab turgan Shakam beklaridan qasos olinishining daragi edi. 25 Shunday qilib, Shakam beklari Abumalekka qarshi togʻlarning tepalarida, pistirmalarda odamlarini oʻtirgʻizib qoʻyishgandi. Ular oʻtgan–ketganlarni talab, bor–yoʻgʻini tortib olishardi. Abumalek bundan xabar topdi.
26 Gal ismli bir odam oʻz ogʻa–inilari bilan Shakamga koʻchib keldi. U Shakam beklarining ishonchini qozondi. Gal Evid degan odamning oʻgʻli edi. 27 Shakamliklar dalaga chiqib, uzumzorlaridan uzum terishdi, uni ezib sharob tayyorlashdi, soʻng ziyofat qilishdi. Ular xudosining uyida oʻtirib, ziyofat qilishar ekan, yeb–ichib Abumalekni mazax qilishdi: 28 “Abumalek kim boʻlibdiki, biz, Shakamliklar, unga xizmat qilsak? — shangʻillab gapini boshladi Gal. — Padari buzrukvorimiz Xamoʻr bu shaharga asos solgan edi. Shunday ekan, Xamoʻr naslidan boʻlgan bironta odam bizga hukmronlik qilishi kerak. Abumalek esa yetti yot begona boʻlgan Gidoʻnning oʻgʻli–ku! Nega biz uning va hokimi Zabulning oldida bosh egishimiz kerak ekan? 29 Agar bu odamlar qoʻlim ostida boʻlganda edi, Abumalekni oʻzim yoʻq qilardim! Unga, lashkaringni koʻpaytirib, jangga chiq, degan boʻlardim.”
30 Shahar hokimi Zabul Galning bu soʻzlarini eshitgach, gʻazabi alanga oldi. 31 U bildirmay Abumalekning oldiga chopar joʻnatib dedi: “Qarang, Evid oʻgʻli Gal butun urugʻi bilan Shakamga kelib, shaharni sizga qarshi qoʻzgʻatmoqda. 32 Shuning uchun yarim tunda lashkaringiz bilan yoʻlga tushib, dalalarda yashirining. 33 Ertasiga saharda turib, shaharga qoʻqqisdan hujum qiling. Gal qoʻshinlari bilan sizlarga qarshi chiqqanda qoʻlingizdan kelganicha ular bilan olishing.”
34 Shunday qilib, Abumalek lashkari bilan yarim tunda yoʻlga tushdi. Ular toʻrt qismga boʻlinib Shakam yaqinida pisib yotishdi.
35 Gal chiqib shahar darvozasida turganda, Abumalek bir qism lashkari bilan qirlar orqasidan chiqib keldi. 36 Gal ularni koʻrgach, Zabulga dedi:
— Qarang! Qirlardan odamlar tushib kelmoqda!
— Qoʻysang–chi, — dedi Zabul. — Qirlar soyalari koʻzingga odamlar boʻlib koʻrinyapti.
37 — Qarang, qirlardan odamlar pastga tushib kelishyapti, boshqa bir qismi esa folbinlarning daraxti tomonidan yaqinlashyapti, — dedi yana Gal.
38 — Katta ketib: “Abumalek kim boʻpti biz unga xizmat qilsak?” deb gapirgan sen emasmiding?! — dedi shunda Zabul, — sen mana shu lashkarni mazax qilgan eding–ku. Qani, boʻl, endi chiqib ular bilan jang qil.
39 Shakam beklari Gal boshchiligida chiqib, Abumalekka qarshi jang qilishdi. 40 Abumalek Galni quvib ketdi, ammo Gal qochib qoldi. Oʻsha kuni Shakam sipohlarining koʻplari halok boʻldi, butun jang maydoni to shahar darvozasigacha jasadlarga toʻldi.
41 Abumalek Armaxda oʻrnashdi, Zabul esa Galni barcha qarindoshlari bilan Shakamdan quvib yubordi. Ular endi Shakamda yashay olmas edilar.
42 Ertasi kuni Shakamliklar yumushlarini bajarmoq uchun dalalarga chiqmoqchi ekanligidan Abumalek xabardor boʻldi. 43 U lashkarini uch qismga boʻldi. Lashkar dalalardagi qirlarda pisib yotdi. Abumalek shahardan chiqib kelayotgan odamlarni koʻrib, lashkari bilan ularga hamla qildi. 44 Lashkarning bir qismi Abumalek boshchiligida shahar darvozasini qoʻlga kiritdi. Ular shahar darvozasi oldidan siljimadilar. Lashkarning qolgan ikki qismi esa daladagi odamlarga hujum qilib, ularni qirib tashladi. 45 Oʻsha kuni Abumalek kun boʻyi shaharga qarshi jang qildi. Oxiri shaharni qoʻlga oldi. U yerdagi hamma odamni qatl qildi. Shaharni esa vayron qilib, ustidan tuz sochib tashladi .
46 Shakam qalʼasining beklari buni eshitgach, oʻsha yerdagi Baal–Berit uyining qoʻrgʻoniga kirib, bekinib oldilar. 47 Beklarning hammasi qoʻrgʻonda ekanligidan xabardor boʻlgan Abumalek 48 lashkari bilan Zalmon togʻining tepasiga chiqdi. Qoʻlidagi bolta bilan bir bogʻlam oʻtin kesib, orqasiga ortib oldi. Soʻng lashkariga: “Qani, sizlar ham xuddi shunday qilinglar”, deb buyurdi. 49 Sipohlarning har biri bir bogʻlamdan oʻtin kesib oldi. Ular Abumalekka ergashib oʻtinlarni qoʻrgʻonning atrofiga terib chiqdilar, soʻng qalʼaga oʻt qoʻydilar. Qalʼadagi hamma odamlar halok boʻldi. U yerda mingtacha ayol va erkak kishi bor edi.
50 Shundan soʻng Abumalek Tavoz shahriga yoʻl oldi. Shaharni qamal qilib, qoʻlga kiritdi. 51 Ammo shaharning ichida juda baland bir qoʻrgʻon bor edi. Shahardagi ayolu erkaklar, hamma shahar beklari oʻsha qoʻrgʻon ichiga qochib kirishdi. Ular eshiklarni tambalab, tomga chiqib olishdi. 52 Abumalek qoʻrgʻondagilarga qarshi jang qildi, unga oʻt qoʻymoqchi boʻlib, yoniga bordi. 53 Shu payt bir ayol tepadan tegirmon toshini uloqtirib, Abumalekning boshini yorib yubordi. 54 Jon talvasasida Abumalek qurolbardorini yoniga chaqirib:
— Boʻl, qilichingni sugʻurib meni oʻldir, — dedi, — yana odamlar: “Uni ayol kishi oʻldirdi”, deb yurishmasin.
Shunda yigit qilich suqib, Abumalekni oʻldirdi. 55 Odamlar Abumalekning oʻlganini koʻrib uylariga tarqalib ketishdi. 56 Otasiga xiyonat qilib, yetmishta aka–ukasini oʻldirgan Abumalekni Xudo shu yoʻsinda jazolagan edi. 57 Shuningdek, Shakamliklarning ham qilgan qabihliklari uchun taʼzirini bergan edi. Ular Gidoʻn oʻgʻli Yoʻtomning qargʻishiga yoʻliqdilar.
9–БОБ
Абумалек
1 Гидўн ўғли Абумалек Шакам шаҳрига — тоғаларининг олдига бориб, барча уруғ–аймоқларига шундай деди:
2 — Шакам бекларининг ҳузурига боринглар, уларга: “Устингиздан Гидўннинг етмишта ўғли ҳукмронлик қилганидан кўра, биттаси ҳукмронлик қилгани яхши эмасми?” деб айтинглар. Мен сизларнинг жигарингиз эканимни ҳам эсларингиздан чиқарманглар.
3 Тоғалари Абумалекнинг манфаатини кўзлаб, бу сўзларни Шакам бекларига етказдилар. Шакам беклари эса: “Ҳар қалай Абумалек қариндошимиз”, дея унинг тарафдорлари бўлдилар. 4 Шакам беклари унга Баал–Берит уйидаги етмиш бўлак кумушни бердилар. Абумалек эса бу кумушга ярамас одамларни ёллади. 5 У Ўфрага — отасининг уйига бориб, етмишта ўгай ака–укасини бир тош устида қатл қилди. Аммо Гидўннинг кенжа ўғли Йўтом бекиниб, тирик қолди. 6 Сўнг Шакам беклари ва Байт–Миллода яшовчилар Шакамдаги муқаддас эман дарахтининг олдига бориб, у ерда Абумалекни тахтга кўтаришди.
7 Йўтом буни эшитгач, Гаризим тоғининг тепасига чиқиб хитоб қилди:

“Эй Шакам беклари, гапимни эшитинглар, шунда Худо ҳам сизларни эшитгай! 8 Бир замонда дарахтлар ўзларига шоҳ танламоқчи бўлишибди. Улар зайтун дарахтига:
— Шоҳимиз бўл, — дейишибди.
9 Зайтун дарахти уларга шундай жавоб берибди:
— Худолар ва бандалар шарафига ишлатиладиган мойимни бермай қўйиб, дарахтлар узра шохларимни силкитиб турайми?!
10 Шунда дарахтлар анжирга:
— Сен келиб, шоҳимиз бўла қол, — деб айтишибди.
11 Анжир дарахти ҳам шундай жавоб берибди:
— Ийе, ширин ва лаззатли меваларимни тугмай, дарахтлар узра шохларимни силкитиб турайми?!
12 Сўнг дарахтлар токка:
— Бизга сен ҳукмронлик қила қол, — дейишибди.
13 Ток ҳам жавоб бериб шундай дебди:
— Худолар ва бандалар димоғини чоғ қиладиган шаробимни бермай қўйиб, дарахтлар узра новдаларимни силкитиб турайми?!
14 Охири дарахтларнинг барчаси янтоққа дейишибди:
— Сен келиб, бизга ҳукмронлик қилгин.
15 Янтоқ эса дарахтларга:
— Агар мени сидқидилдан шоҳликка кўтараётган бўлсангизлар, келиб соямда паноҳ топинглар, акс ҳолда, тиканларимдан чиққан олов авж олиб, ҳатто Лубнондаги садрларни ҳам куйдириб ташлайди! — деб жавоб берибди.
16 Шу тариқа сизлар ҳам Абумалекни тахтга сидқидилдан, виждонан кўтардингизми?! Гидўн ва унинг хонадонига нисбатан тўғри иш тутдингизми?! Қилмишларингиз отамнинг сизлар учун қилган эзгу ишларига лойиқ эканми?! 17 Отам жонини аямай сизлар учун жанг қилган эди, сизларни Мидиёнларнинг қўлидан қутқарган эди. 18 Сизлар эса отамнинг хонадонига қарши чиқиб, унинг етмиш нафар ўғлини бир тошнинг устида қатл қилдингизлар. Чўриси туққан Абумалекни эса қариндошингиз бўлгани учун Шакам бекларининг устидан шоҳ қилиб тайинладингизлар. 19 Агар бугун Гидўн хонадонига нисбатан виждонан иш тутган бўлсангиз, Абумалекдан мамнун бўлиб шодланинг, у ҳам сизлардан мамнун бўлиб шодлансин. 20 Акс ҳолда, Абумалекдан олов чиқиб, Шакам ва Байт–Милло бекларини ямлаб юборсин. Шакам ва Байт–Милло бекларидан ҳам олов чиқиб, Абумалекни куйдириб йўқ қилсин.”

21 Сўнг Йўтом Абумалекдан қўрққанидан Бэр ҳудудига қочиб қолди.
22 Абумалек уч йил Исроилда ҳукмронлик қилди. 23 Худо эса Абумалек ва Шакам беклари орасида низо чиқариш учун бир руҳ юборди. Шунинг учун Шакам беклари Абумалекка хоинлик қилишди. 24 Бу ҳодиса Гидўннинг етмишта ўғлини ўлдирган Абумалекдан ва унинг бу жиноятини қўллаб турган Шакам бекларидан қасос олинишининг дараги эди. 25 Шундай қилиб, Шакам беклари Абумалекка қарши тоғларнинг тепаларида, пистирмаларда одамларини ўтирғизиб қўйишганди. Улар ўтган–кетганларни талаб, бор–йўғини тортиб олишарди. Абумалек бундан хабар топди.
26 Гал исмли бир одам ўз оға–инилари билан Шакамга кўчиб келди. У Шакам бекларининг ишончини қозонди. Гал Эвид деган одамнинг ўғли эди. 27 Шакамликлар далага чиқиб, узумзорларидан узум теришди, уни эзиб шароб тайёрлашди, сўнг зиёфат қилишди. Улар худосининг уйида ўтириб, зиёфат қилишар экан, еб–ичиб Абумалекни мазах қилишди: 28 “Абумалек ким бўлибдики, биз, Шакамликлар, унга хизмат қилсак? — шанғиллаб гапини бошлади Гал. — Падари бузрукворимиз Хамўр бу шаҳарга асос солган эди. Шундай экан, Хамўр наслидан бўлган биронта одам бизга ҳукмронлик қилиши керак. Абумалек эса етти ёт бегона бўлган Гидўннинг ўғли–ку! Нега биз унинг ва ҳокими Забулнинг олдида бош эгишимиз керак экан? 29 Агар бу одамлар қўлим остида бўлганда эди, Абумалекни ўзим йўқ қилардим! Унга, лашкарингни кўпайтириб, жангга чиқ, деган бўлардим.”
30 Шаҳар ҳокими Забул Галнинг бу сўзларини эшитгач, ғазаби аланга олди. 31 У билдирмай Абумалекнинг олдига чопар жўнатиб деди: “Қаранг, Эвид ўғли Гал бутун уруғи билан Шакамга келиб, шаҳарни сизга қарши қўзғатмоқда. 32 Шунинг учун ярим тунда лашкарингиз билан йўлга тушиб, далаларда яширининг. 33 Эртасига саҳарда туриб, шаҳарга қўққисдан ҳужум қилинг. Гал қўшинлари билан сизларга қарши чиққанда қўлингиздан келганича улар билан олишинг.”
34 Шундай қилиб, Абумалек лашкари билан ярим тунда йўлга тушди. Улар тўрт қисмга бўлиниб Шакам яқинида писиб ётишди.
35 Гал чиқиб шаҳар дарвозасида турганда, Абумалек бир қисм лашкари билан қирлар орқасидан чиқиб келди. 36 Гал уларни кўргач, Забулга деди:
— Қаранг! Қирлардан одамлар тушиб келмоқда!
— Қўйсанг–чи, — деди Забул. — Қирлар соялари кўзингга одамлар бўлиб кўриняпти.
37 — Қаранг, қирлардан одамлар пастга тушиб келишяпти, бошқа бир қисми эса фолбинларнинг дарахти томонидан яқинлашяпти, — деди яна Гал.
38 — Катта кетиб: “Абумалек ким бўпти биз унга хизмат қилсак?” деб гапирган сен эмасмидинг?! — деди шунда Забул, — сен мана шу лашкарни мазах қилган эдинг–ку. Қани, бўл, энди чиқиб улар билан жанг қил.
39 Шакам беклари Гал бошчилигида чиқиб, Абумалекка қарши жанг қилишди. 40 Абумалек Гални қувиб кетди, аммо Гал қочиб қолди. Ўша куни Шакам сипоҳларининг кўплари ҳалок бўлди, бутун жанг майдони то шаҳар дарвозасигача жасадларга тўлди.
41 Абумалек Армахда ўрнашди, Забул эса Гални барча қариндошлари билан Шакамдан қувиб юборди. Улар энди Шакамда яшай олмас эдилар.
42 Эртаси куни Шакамликлар юмушларини бажармоқ учун далаларга чиқмоқчи эканлигидан Абумалек хабардор бўлди. 43 У лашкарини уч қисмга бўлди. Лашкар далалардаги қирларда писиб ётди. Абумалек шаҳардан чиқиб келаётган одамларни кўриб, лашкари билан уларга ҳамла қилди. 44 Лашкарнинг бир қисми Абумалек бошчилигида шаҳар дарвозасини қўлга киритди. Улар шаҳар дарвозаси олдидан силжимадилар. Лашкарнинг қолган икки қисми эса даладаги одамларга ҳужум қилиб, уларни қириб ташлади. 45 Ўша куни Абумалек кун бўйи шаҳарга қарши жанг қилди. Охири шаҳарни қўлга олди. У ердаги ҳамма одамни қатл қилди. Шаҳарни эса вайрон қилиб, устидан туз сочиб ташлади .
46 Шакам қалъасининг беклари буни эшитгач, ўша ердаги Баал–Берит уйининг қўрғонига кириб, бекиниб олдилар. 47 Бекларнинг ҳаммаси қўрғонда эканлигидан хабардор бўлган Абумалек 48 лашкари билан Залмон тоғининг тепасига чиқди. Қўлидаги болта билан бир боғлам ўтин кесиб, орқасига ортиб олди. Сўнг лашкарига: “Қани, сизлар ҳам худди шундай қилинглар”, деб буюрди. 49 Сипоҳларнинг ҳар бири бир боғламдан ўтин кесиб олди. Улар Абумалекка эргашиб ўтинларни қўрғоннинг атрофига териб чиқдилар, сўнг қалъага ўт қўйдилар. Қалъадаги ҳамма одамлар ҳалок бўлди. У ерда мингтача аёл ва эркак киши бор эди.
50 Шундан сўнг Абумалек Тавоз шаҳрига йўл олди. Шаҳарни қамал қилиб, қўлга киритди. 51 Аммо шаҳарнинг ичида жуда баланд бир қўрғон бор эди. Шаҳардаги аёлу эркаклар, ҳамма шаҳар беклари ўша қўрғон ичига қочиб киришди. Улар эшикларни тамбалаб, томга чиқиб олишди. 52 Абумалек қўрғондагиларга қарши жанг қилди, унга ўт қўймоқчи бўлиб, ёнига борди. 53 Шу пайт бир аёл тепадан тегирмон тошини улоқтириб, Абумалекнинг бошини ёриб юборди. 54 Жон талвасасида Абумалек қуролбардорини ёнига чақириб:
— Бўл, қиличингни суғуриб мени ўлдир, — деди, — яна одамлар: “Уни аёл киши ўлдирди”, деб юришмасин.
Шунда йигит қилич суқиб, Абумалекни ўлдирди. 55 Одамлар Абумалекнинг ўлганини кўриб уйларига тарқалиб кетишди. 56 Отасига хиёнат қилиб, етмишта ака–укасини ўлдирган Абумалекни Худо шу йўсинда жазолаган эди. 57 Шунингдек, Шакамликларнинг ҳам қилган қабиҳликлари учун таъзирини берган эди. Улар Гидўн ўғли Йўтомнинг қарғишига йўлиқдилар.